Parazitizm («parazit – xo‘jayin») – har xil turga mansub individlarning antagonistik munosabatlari bo‘lib, bir turga mansub organizm (parazit) boshqa turga mansub organizmdan (xo‘jayin) oziq manbayi va yashash joyi sifatida foydalanadi. Parazitlar bakteriyalar, zamburug‘lar, o‘simliklar va hayvonot dunyosida ham uchraydi. Ular hayotining ma’lum davrida xo‘jayin organizm tanasidagi oziq moddalar hisobiga yashaydi.
Parazitlar xo‘jayin organizmidan nafaqat oziq manbayi sifatida, balki doimiy va vaqtinchalik yashash muhiti sifatida ham foydalanadi.
Undan tashqari, parazitlar vaqtinchalik faqat oziqlanish uchun ham xo‘jayin organizmlardan foydalanadi. Bunga misol qilib, burga, chivin, to‘shak qandalasini olish mumkin. Mazkur parazitlarning hayvon va odamdan qon so‘rishi og‘ir yuqumli kasalliklarni keltirib chiqarishi mumkin.
Doimiy parazitlarga sodda hayvonlar (bezgak paraziti, dizenteriya amyobasi), yassi chuvalchanglar (jigar qurti, qoramol tasmasimon chuvalchangi), to‘garak chuvalchanglar (askarida, bolalar gijjasi), bo‘g‘imoyoqlilar (kana, bit) misol bo‘ladi. O‘simliklarda uchraydigan doimiy parazitlarga bakteriyalar (g‘o‘za gommozi), zamburug‘lar (qorakuya zamburug‘i, vilt), gulli o‘simliklardan zarpechakni misol qilib olish mumkin.
Xo‘jayin organizm parazitning hayot faoliyatini ta’minlaydi, parazit esa xo‘jayinning hayotiy jarayonlarini susaytiradi, uni kuchsizlantiradi, lekin nobud qilmaydi, chunki parazitning hayoti xo‘jayin hayoti bilan bog‘liq.
Odam va qoramol tasmasimon chuvalchangi, jigar qurti va qoramol, zang zamburug‘i va boshoqli o‘simliklar o‘rtasidagi munosabatlar parazitizm munosabatlariga misol bo‘ladi.
Evolutsiya jarayonida xo‘jayin organizmda ham, parazit organizmda ham moslanishlar paydo bo‘lgan. Yirtqichlilik, parazitizm va o‘zaro raqobat munosabatlari tabiatda populatsiyadagi organizmlar sonini nazorat qilishda katta ahamiyatga ega. Insonlarning bu munosabatlarga o‘ylamasdan, rejasiz amalga oshiradigan aralashuvi tabiatdagi muvozanatni buzishi mumkin.
Yuqorida o‘rganilgan biotik munosabatlar turli yashash sharoitlarida va hayot siklining turli bosqichlarida farqlanishi mumkin. Undan tashqari, bir tur individlari ular bilan birgalikda yashayotgan boshqa tur individlari bilan turlicha munosabatda bo‘lishi mumkin.
Shunday qilib, tabiatda turlararo biotik munosabatlar xilma-xil va ko‘p qirrali bo‘lib, ularni o‘rganish ekologiya fanining muhim vazifasidir.
Do'stlaringiz bilan baham: |