Dyukerlar haqida umumiy ma‘lumotlar
Kanal trassasini boshqa suv o’zani kesib o’tgan sharoitlarda akveduklar bilan bir qatorda dyukerlarni ham qo’llash mumkin. Ma‘lumki dyukerlardan foydalanish birmuncha katta harajatlarni talab etadi. Shu sababli, dyukerning bahosi akvedukdan ancha arzon bo’lgandagina ularni qo’llash tavsiya etiladi.
Dyukerning asosiy konstruktiv qismlariga quvur (suv o’tkazuvchi qism), inshootga kirish va undan chiqish qismlari kiradi. Materialiga ko’ra, quvurlar temirbetondan, po’latdan yoki boshqa materiallardan tayyorlangan bo’lishlari mumkin. Meliorativ tizimlar inshootlarida ko’proq temirbetonli quvurlar ishlatiladi.
Barpo etilishiga ko’ra temirbetonli quvurlar monolit (bevosita qurilish joyida tayyorlanadigan) yoki yig’ma (zavodda tayyorlanib, qurilish joyida yig’iladigan) bo’ladi. Tarmoqlanishiga ko’ra bir ko’zli yoki ko’p ko’zli bo’lishi mumkin. Yig’ma quvurlar doira yoki kvadrat kesimli shakllarda tayyorlanadi. Ular dyukerlarda bosimli rejimlarda ishlaydilar. Ko’p ko’zli quvurli dyukerlarda quvurlarning shakli odatda to’g’ri burchakli holda qabul qilinadi. Dyuker quvurlari ko’zlarining o’lchamlari gidravlik hisoblar asosida qabul qilinadi.
Suv o’tqazish qobiliyatiga ko’ra katta va kichik dyukerlar bir- biridan farqlanadi. Katta dyukerlar kanalni yirik suv o’zanlari yoki yirik o’lchamli boshqa turdagi to’siqlar kesib o’tganda qo’llaniladi. Ularda quvurlar ko’pincha siniq chiziqli holatda joylashadi. Dyukerlarning suv o’tkazish qobiliyati ulardagi quvur ko’zining o’lchamlarini to’g’ri tayinlash orqali ta‘minlanadi. Quvur ko’zining o’lchamlari maxsus gidravlik hisoblar asosida aniqlanadi.
Nov tarmoqlarida odatda kichik dyukerlar qo’llaniladi. Ular kirish va chiqish quduqlaridan hamda gorizontal joylashadigan quvurlardan tashkil topadi (5.2-rasm). Kirish va chiqish quduqlari va dyukerning suv o’tkazuvchi qismini barpo etishda odatda zavodda tayyorlangan yig’ma temirbeton mahsulotlardan foydalaniladi.
1 2 4 5
5.2-rasm. Kichik dyukerning konstruktsiyasi: 1 – keluvchi kanal,
2- kirish qudug’i, 3 – quvur, 4 – chiqish qudug’i, 5 – ketuvchi kanal
Katta dyukerlarning kirish va chiqish qismlari sho’ng’uvchi devorli, teskari devorli yoki boshqa shakllarda qabul qilinadi. Dyukerga kirishda har xil oqiziqlarni ushlab qoluvchi panjaralar (reshetkalar) qo’yiladi. Katta dyukerlarning kirish qismi ba‘zi hollarda zatvorlar bilan ta‘minlanishi ham mumkin(5.3-rasm). Quvurlarning choklari suv o’tkazmaslikni ta‘minlovchi materiallardan tayyorlanadi.
5.3-rasm. Yirik dyukerning tuzilishi: 1 – yuqori b‘ef, 2 – zatvor, 3 – quvur, 4 – sho’ng’uvchi devorli chiqish qutisi (qism), 5 – quyi b‘ef, 6 – to’siq (daryo, soy yoki kanal o’zani)
Do'stlaringiz bilan baham: |