Foydalanilgan adabiyotlar.
2017 — 2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha “HARAKATLAR STRATEGIYASI”
“Raqamli iqtisodiyot asoslari” R.H.Ayupov,G.R.Boltaboyeva Toshkent-2020
G‘ozg‘on sangtaroshlik leksikasiga oid atamalarning etimologik tahlili
Karimova Latofat
NDPI O‘zbek tili va adabiyoti fakulteti talabasi
Inson juda qadim zamonlardan beri o‘z ehtiyojlari uchun turli-tuman tabiiy toshlardan foydalanib keladi. Tabiiy toshlar keng tarqalgan o‘lkalarda tosh asosiy qurilish materiali hisoblanadi. Toshlar azaldan uy-ro‘zg‘or buyumlari, qurol va asboblar, zeb-ziynatlar tayyorlashda, binokorlikda keng qo‘llanilgan. Xususan, qadim davlatchiligimiz tarixida barpo etilgan bino, maqbara, madrasa-yu qabrtoshlarni yanada hashamdor, naqshinkor qilib bezashda toshtaroshlik sanʼati alohida ahamiyatga ega bo‘lgan.
Nurota bag‘ridagi G‘ozg‘on shahri ham tabiiy toshlarga boy zaminlardan biri sifatida mashhur. G‘ozg‘on marmarlari qadimdan ma’lum bo‘lib, Samarqand va Buxorodagi masjid, binolarni qurish hamda bezashda ishlatilgan. Hozirda G‘ozg‘on marmarlari Moskvaning yigirmadan ortiq metro stansiyalarini, vokzallarni, Ostankno teleminorasining ichki qismini hamda Sankt-Peterburg, Kiyev, Ulyanovsk, Baku, Novosibirsk, Olmaota shaharlaridagi inshootlarni bezab turibdi. Toshkentdagi Navoiy nomidagi katta teatrning ichki va tashqi tomonlarini bezashda va 1966-yilgi zilziladan keyin qurilgan deyarli barcha me’morchilik inshootlarida G‘ozg‘on marmaridan foydalanilgan.
G‘ozg‘ondan tosh qazib olish bilan bir qatorda toshga ishlov berish – toshni yo‘nish, tarashlash bilan shug‘ullanish, ya’ni sangtaroshlikning shakllanishi ham ancha qadimligi to‘g‘risida tarixiy manbalar guvohlik beradi. Shunga bog‘liq ravishda mazkur hunarmandchilik turining terminologiyasi ham shakllana borgan. Kasb-korning juda qadimdan shakllanib, tobora zamonaviylik kasb etayotganligi tufayli turli tillar ta’siridan xoli bo‘lmadi. G‘ozg‘on hududida qadimdan tojikzabon aholi istiqomat qilganligi tufayli hunarmandlar nutqida fors-tojikcha so‘zlar asosiy o‘rinni egallagan bo‘lsa, o‘tgan asrning boshlarida marmar zavodining ochilishi, marmar qazib olish va unga ishlov berishga ilg‘or texnologiyalarning jalb qilinishi tufayli ruscha-baynalmilal so‘zlarning ta’siri katta bo‘ldi.
Soha terminologiyasida ayniqsa fors-tojik so‘zlarning qo‘llanishi faol. Toshtaroshlik so‘zini ham aslida sangtaroshlik atamasi asosida kelib chiqqan deyish mumkin. Sangtarosh – tosh yo‘nuvchi, ya’ni sang forscha “tosh”, tarash ham forscha bo‘lib, “kesish, yo‘nish, qirtishlash, qirib tekislash” ma’nosidagi so‘zlar qo‘shilishidan hosil bo‘lgan [2: 438; 676]. Sangtaroshlikdagi misrang, fona, kuba, zog‘nul, parma, pargar, dastgoh, jazval kabi ko‘plab atamalar ham mazkur tilga oiddir. Sohada qo‘llanadigan mazkur atamalar tahlili orqali ularning asosan asbob nomlarini ifodalashiga guvoh bo‘ldik. Masalan, misrang so‘zi etimologik jihatdan “mis tusli, mis korinishli” tarkibiy qismlaridan tashkil topgan. Misrang toshni ko‘chirish, teshish uchun ishlatiladigan bir yoki har ikkala uchi ham o‘tkir bo‘lgan uzun, ingichkaroq metall asbob nomi sanaladi. Atamalarning ma’nodoshlarini parallel ravishda qo‘llash kuzatiladi. Misrang atamasini misron variantidan, shuningdek, lom atamasidan ham foydalaniladi.
O‘zbek tilida pona deb nomlanuvchi asbob G‘ozg‘on toshtaroshlari orasida fors-tojikcha fona tarzida ishlatiladi [1, 220]. Fona toshtaroshlikda toshni yorish, kesish yoki biriktirish uchun ishlatiladigan bir uchi tig‘li temir asbobdir.
Ruscha-baynalmilal kuval, kuvalda atamasi bilan ma’nodosh sifatida yonma-yon ishlatilib kelinayotgan kuba so‘zi ham kelib chiqishiga ko‘ra fors-tojikcha bo‘lib, كوبه kube “to‘qmoq, og‘ir temir asbob”dir. Kuba kub so‘zi bilan bog‘liqki, forscha kubidan so‘zining “uruvchi” ma’nosi asosida yuzaga kelgan [1, 363].
Bugungi kunda fors tili leksikasida eskirgan qatlam sirasidan o‘rin olgan zog‘nul so‘zi [1, 752] G‘ozg‘on sangtaroshlari leksikasida saqlangan bo‘lib, kirkasimon bolg‘a, kirka ma’nosida iste’molda ekanligi e’tiborlidir.
Sohada burg‘i atamasi bilan parallel qo‘llanib kelayotgan parma atamasi ham fors tilidan kirib kelgan. Parma – bu aylanma harakat qilib, yerni teshish, parmalash uchun ishlatiladigan asbob [2, 225].
Sangtaroshlikda toshga chizmalar chizishga, kesmalar uzunligini o‘lchashga xizmat qiladigan chizmachilik asbobi ham fors tiliga oid pargar atamasi bilan nomlanadi. Pargar, pargor forscha doira, to‘garak ma’nosini bildiradi [2, 220]. G‘ozg‘on sangtaroshlari nutqida saqlangan pargar o‘rnini chizmachilikda hozirda sirkul so‘zi egallagan.
Ruscha stanok so‘zi bilan birga forscha dastgoh atamasi toshga ishlov berish, undan biror narsa tayyorlash uchun xizmat qiladigan mashina nomi sifatida birikmalar bilan faol qo‘llanib kelmoqda. Masalan, tosh teshadigan dastgoh, silliqlash dastgohi, arralash, kesish dastgohi, toshga ishlov berish dastgohi kabi.
Sangtaroshlikda jazval so‘zi ikki tushuncha uchun atama bo‘lib xizmat qiladi. Ya’ni, chizg‘ich ham, qora qog‘oz ham jazval deyiladi. Ikkinchi ma’noda u matn, rasmlardan nusxa olish uchun ishlatiladi.
Charx atamasidan esa sangtaroshlikda toshga ishlov beradigan har xil asboblarning, qurilmalarning aylanadigan qismini nomlashda foydalaniladi.
G‘ozg‘on sangtaroshlari nafaqat asbob-uskuna nomlarini, balki mehnat mahsulotlarini nomlashda ham, bezak nomlarida ham fors-tojikcha atamalarga murojaat qiladilar. Ustun (stun) so‘zi ham forscha bo‘lib, tirgak, poya, tirgovuch, tayanch degan ma’nolarda qo‘llanishi bilan bir qatorda qurilish va arxitekturada maxsus termin sanaladi. Sangtaroshlar tomonidan taroshlab, naqshinkor bezak berilgan marmar yoki turli toshli ustunlar arxitekturada qadimdan foydalanilib kelinadi.
Guldon, kuldonlar toshdan tayyorlanadigan buyum nomlari sifatida sangtaroshlik terminologiyasining tarkibiy qismlari sanaladi.
G‘ozg‘on sangtaroshligida ishlatiladigan atama va asbob-uskunalar nomi etimologiyasini kuzatadigan bo‘lsak, shu hudud shevasiga oid faqat fors-tojik tilidan emas, balki arab, italyan, ko‘pincha, rus tilidan kelib chiqqan so‘zlarni ham kuzatish mumkin. Ruscha baynalmilal so‘zlarning (otboynik, perforator, kanat, vagonetka, kantovka, balyasina, bardyor, kantovka, plita, blok, brichka, polirovka) bugungi kunda ham o‘zbek tiliga o‘girilmasdan mahalliy aholi tomonidan ishlatilib kelinayotganligini tosh konlarini ochishga, toshtaroshlikni rivojlantirish ishlariga keng e’tibor qaratilganligini o‘lkamizning Chor Rossiyasi mustamlakasi bo‘lgan paytga to‘g‘ri kelganligini bilan izohlash mumkin.
Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati:
Rubinchik Y.A. Persidsko-russkiy slovar. M.: Russkiy yazik, 1970.
O‘zbek tilining izohli lug‘ati, besh jildlik. 3-jild. – Toshkent: “O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi” Davlat ilmiy nashriyoti, 2007 .
O‘zbekiston Milliy Ensiklopediyasi, o‘n ikki tomlik. – Toshkent: “O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi” Davlat ilmiy nashriyoti, 2006.
4. Asatov R. G‘ozg‘onnoma. – Toshkent: “Navro‘z”nashriyoti, 2003.
5. Otaqo‘ziyev T.A., Ilyosov B.Q. Tosh materiallari, ularga ishlov berish texnologiyasi va mashinalari. Toshkent: G.G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi, 2007.
Do'stlaringiz bilan baham: |