Muhammad Yusuf, asl ism-sharifi Yusupov Muhammadjon (1954.26.4,
Marhamat tumani — 2001.31.7, Ellikqalʼa tumani) — Oʻzbekiston xalq shoiri (1998) va jamoatMuhammad Yusuf 1954-yilning 26-aprelida tugʻilgan. Rus tili va adabiyoti institutining rus tili va adabiyoti fakultetini tugatgan (1978). Respublika kitobsevarlar jamiyati (1978-80), „Toshkent oqshomi“ gazetasida (1980-1986), Gʻafur Gʻulom nomidagi Adabiyot va sanʼat nashriyoti (1986-95)da turli lavozimlarda ishlagan. 1995-1997-yillar „Tafakkur“ jurnalida boʻlim mudiri, 1997-2001-yillarda Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasida rais oʻrinbosari. II chaqiriq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi deputatlardan biri. Muhammad Yusufning dastlabki sheʼrlari „Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati“ haftaligida bosilgan (1976). Shundan boshlab respublika matbuotida uning sheʼr, ocherk va maqolalari muntazam ravishda chop etila boshlagan. Ilk sheʼrlar kitobi — „Tanish teraklar“ (1985). „Bulbulga bir gapim bor“ (1987), „Iltijo“ (1988), „Uyqudagi qiz“, „Halima enam allalari“ (1989), „Ishq kemasi“ (1990), „Koʻnglimda bir yor“ (1991), „Bevafo koʻp ekan“, „Yolgʻonchi yor“ (1993), „Erka kiyik“ (1995) va „Osmonimga olib ketaman“ (1998) sheʼriy kitoblari nashr etilgan. Mazkur kitoblarga kirgan sheʼrlarda Muhammad Yusufga mansub boʻlgan avlodning eng oliyjanob va yuksak insoniy fazilatlari bilan birga yoshlik sururi, ishq va muhabbatning nafis navolari, oʻzbekona, sodda, ayni paytda ezgu, bokira va betakror tuygʻu hamda kechinmalari oʻzining yorqin ifodasini topgan. Soʻzning badiiy imkoniyatlaridan mahorat bilan foydalanish, musiqiy ravonlik, tuygʻular tiniqligi, samimiylik va mayinlik, ruhiyat manzaralarini loʻnda va yakdil ifodalay bilish Muhammad Yusuf sheʼriy uslubining yetakchi xususiyatlaridir. Uning qalamiga mansub aksariyat sheʼrlar taniqli xonandalar tomonidan ijro etilmoqda. Muhammad Yusuf ijodi ayni gullab yashnagan paytda, Ellikqalʼa tumanida sheʼriyat muxlislari bilan uchrashish maqsadidagi ijodiy safarida vafot etgan. Andijonda dafn etilgan. Toshkent shahri va Marhamat tumanidagi koʻchalardan biri, shuningdek, Andijon shahridagi bolalar kutubxonasi va Marhamat tumanidagi sanʼat maktabi Muhammad Yusuf nomi bilan ataladi.
ONA TILIM
Garchi zug’um qilganlarni yoqtirmadim,
She’r yozdimu bo’lak ishni qotirmadim.
Tilim turib o’z tilimda gapirmadim,
Bir eslasam eziladi bag’ri-dilim,
Ona tilim, kechir meni, ona tilim.
Onam «erkam» deb quchganda tunlar yarim,
Erkim yo’q deb zirqirardi bir joylarim,
Parovozni hansiratgan bug’doylarim,
Oltinlarim, ma’danlarim, ipaklarim,
Ona tilim, kechir meni, ona tilim.
Kimlar uchun biz edik bir badaviylar,
O’zbekni qon qaqshatganni uzbek siylar,
Holimizni qon kuzatdi Yassaviylar,
Topganimiz handalakdek tilim-tilim,
Ona tilim, kechir meni, ona tilim.
Kimdir mayda millat bo’ldi, kimdir katta,
Katta millat — Afandisi yo’kdir hatto,
Biz piyoda, biz boqqanlar yurdi otda,
Zulm o’tsa faqat sendan o’tdi zulm,
Ona tilim, kechir meni, ona tilim.
Sen bo’lmasang nima bizga sillik she’rlar,
Bu dunyoda tili yo’kda dil yo’q derlar,
Bahoing-ku berib ketgan Alisherlar,
Yuragimning to’ridagi so’lmas gulim,
Ona tilim, kechir meni, ona tilim.
Bir qarasam har shevangda ming jilolar
Har novdangda, har mevangda ming jilolar.
Qodiriylar, Cho’lponlar-u, Abdullolar,
Sening qaytgan kuning men tug’ilgan yilim,
Ona tilim, ey muqaddas Ona tilim.
Do'stlaringiz bilan baham: |