Hayoti[tahrir]
Muhammad Yusuf 1954-yilning 26-aprelida tugʻilgan. Rus tili va adabiyoti institutining rus tili va adabiyoti fakultetini tugatgan (1978). Respublika kitobsevarlar jamiyati (1978-80), „Toshkent oqshomi“ gazetasida (1980-1986), Gʻafur Gʻulom nomidagi Adabiyot va sanʼat nashriyoti (1986-95)da turli lavozimlarda ishlagan. 1995-1997-yillar „Tafakkur“ jurnalida boʻlim mudiri, 1997-2001-yillarda Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasida rais oʻrinbosari. II- chaqiriq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi deputatlardan biri.
Ijodi[tahrir]
Muhammad Yusufning dastlabki sheʼrlari „Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati“ haftaligida bosilgan (1976). Shundan boshlab respublika matbuotida uning sheʼr, ocherk va maqolalari muntazam ravishda chop etila boshlagan. Ilk sheʼrlar kitobi — „Tanish teraklar“ (1985). „Bulbulga bir gapim bor“ (1987), „Iltijo“ (1988), „Uyqudagi qiz“, „Halima enam allalari“ (1989), „Ishq kemasi“ (1990), „Ko‘nglimda bir yor“ (1991), „Bevafo koʻp ekan“, „Yolgʻonchi yor“ (1993), „Erka kiyik“ (1995) va „Osmonimga olib ketaman“ (1998) sheʼriy kitoblari nashr etilgan. Mazkur kitoblarga kirgan sheʼrlarda Muhammad Yusufga mansub boʻlgan avlodning eng oliyjanob va yuksak insoniy fazilatlari bilan birga yoshlik sururi, ishq va muhabbatning nafis navolari, oʻzbekona, sodda, ayni paytda ezgu, bokira va betakror tuygʻu hamda kechinmalari oʻzining yorqin ifodasini topgan. Soʻzning badiiy imkoniyatlaridan mahorat bilan foydalanish, musiqiy ravonlik, tuygʻular tiniqligi, samimiylik va mayinlik, ruhiyat manzaralarini loʻnda va yakdil ifodalay bilish Muhammad Yusuf sheʼriy uslubining yetakchi xususiyatlaridir. Uning qalamiga mansub aksariyat sheʼrlar taniqli xonandalar tomonidan ijro etilmoqda. Muhammad Yusuf ijodi ayni gullab yashnagan paytda, Ellikqalʼa tumanida sheʼriyat muxlislari bilan uchrashish maqsadidagi ijodiy safarida vafot etgan. Andijonda dafn etilgan.
Муҳаммад ЮСУФ
ШЕЪРЛАР
Муҳаммад Юсуф 1954 йил 26 апрелда Андижон вилояти Марҳамат туманининг Қовунчи қишлоғида деҳқон оиласида дунёга келди. Ўрта мактабдан сўнг Рус тили ва адабиёти институтига кириб, уни 1978 йили тамомлади. 1978-1980 йилларда республика Китобсеварлар жамиятида, 1980-1986 йилларда “Тошкент оқшоми” газетасида, 1986-1992 йилларда Ғафур Ғулом номидаги Адабиёт ва санъат нашриётида, “Ўзбекистон овози” газетасида ишлади. Умрининг сўнгги йилларида Ўзбекистон Ёзувчилар уюшмасининг котиби вазифасини бажарди.
У ўнга яқин шеърий тўпламлар, кўплаб қўшиқларнинг муаллифи сифатида кенг китобхонлар қалбига кириб улгурди. Шоирнинг дастлабки шеърлари “Ўзбекистон адабиёти ва санъати” газетасида 1976 йили эълон қилинди. Сўнгра “Таниш тераклар” (1985), “Булбулга бир гапим бор” (1987), “Илтижо” (1988), “Уйқудаги қиз” (1989), “Ҳалима энам аллалари” (1989), “Ишқ кемаси” (1990), “Кўнглимда бир ёр” (1991), “Бевафо кўп экан” (1991), “Эрка кийик” (1992), “Ёлғончи ёр” (1994) каби шеърий тўпламлари, сайланмалари нашр этилди.1989 йилда эса “Уйқудаги қиз” номли шеърий тўплами учун унга республика Ёшлар ташкилотининг мукофоти берилди. 1998 йили Муҳаммад Юсуфга “Ўзбекистон халқ шоири” деган юксак унвон берилди.
Шоир 2001 йилнинг 1 август куни 47 ёшида оламдан ўтди.
Do'stlaringiz bilan baham: |