Multimedia ensiklopediyalari (Multimedia encyclopedias)
O‘zbekistonda multimedia ensiklopediyalar yaratish sohasida yetakchi hisoblagan «Kompyuter-Osiyo» ilm-texnika parki tomonidan nafaqat o‘quv jarayoniga, balki respublika madaniy mulkiga keng kirish imkoniyatini yaratish maqsadida qator qiziqarli loyihalar amalga oshirilgan. Eng qiziqarli ishlanmalardan «Amir Temur: shaxs, davlat, Renessans» deb ataluvchi multimediaviy ensiklopediya hisoblanadi. U buyuk Amir Temur (Temurlang) va temuriylarning Renessasi, ya’ni Uyg‘onish davriga bag‘ishlangan. Mazkur ensiklopediya nafaqat temuriylar tarixi, buyuk sarkardaning yurishlari, balki XIV asr oxiri va XV asr boshlaridagi ikki daryo oralig‘i (Movarounnahr)dagi tasviriy san’at, xalq hunarmandchiligi, san’ati, arxitekturasi va qurilishi haqidagi ma’lumotlarga ham ega. U rangli miniaturalar, muzey eksponatlari, Temuriylar davridagi arxitektura yodgorliklari, 300 dan ortiq elektron nusxalarini hamda Temur ajdodlari «Shajarasi daraxti»ni o‘z ichiga olgan. Elektron ensiklopediya qiziqarli texnik yechimga, ya’ni buyuk sarkarda yurshlarining avtomatlashtirilgan qidiruv xaritasiga ega. Xarita bo‘yicha Temur askarlari o‘tgan tarixiy joylardan virtual sayohat tashkil etish va shu bilan ular egallab olgan hududlar bo‘yicha qimmatli xronologik ma’lumotlarga ega bo‘lish mumkin.
«Al-Farg‘oniy va Al-Buxoriy: tamaddun barpo etilishi» multimedia ensiklopediyasi Markaziy Osiyoning ming yillik tarixga ega zardushtiylar, yunonlar, buddaviylar va nasroniylar madaniyatlari hamda Buyuk Ipak yo‘li ravnaqi davridagi savdo-sotiq va madaniy munosabatlar bilan boyigan islomgacha bo‘lgan davr madaniyati rivojlanishiga hamda VIII - IX asrlarda paydo bo‘lib, shakllanishga yuz tutgan yangi madaniyat tavsifiga bag‘ishlangan bo‘limlarni o‘z ichiga olgan. «Al-Buxoriy» bobi odamlar orasida «Xadis ilmining Sultoni» sifatida tanilgan buyuk muhaddis (olim, mutaffakir)ga bag‘ishlangan. Ensiklopediya tavsifiy maqolalar va rasmlardan tashqari o‘sha davrning me’morchilik va madaniyati haqidagi maqolalar va ko‘p o‘lchovli rasmlarni o‘z ichiga olgan. Mazkur yodgorliklarning ko‘pchiligi virtual tavsiflangan obrazlar yoki saqlanib qolgan fragmentlar sifatida qayta tiklangan. Elektron ensiklopediya, mohiyatiga ko‘ra, islom tarixi haqidagi maqolalar to‘plamidan iborat va Sharq madaniyatini o‘rganishda muhim ahamiyatga ega.
«Sharq miniatyurasi (XIV - XVII asrlar)» nomli multimediyali disk O‘rta Sharq badiiy madaniyatining yorqin yuksalish davri bo‘lgan XIV - XVII asrga doir 374 kitob miniaturalari kolleksiyasidan tashkil topgan. O‘rta asrlarlarda Sheroz va Tabriz, Isfaxon va Hirot, Samarqand va Buxoro miniatura tasviriy san’ati maktablari butun dunyoga tanilgan. Yuksak darajadagi badiiy miniatura maktabi Temuriylar davrida ham Hirotda faoliyat yurgizgan. Bu yerda rassom Kamoliddin Behzod ham ijod qilgan. Uning betakror miniatyuralari o‘sha davrning hayoti, marosimlari, an’analari, hunarmandchiligi haqida juda yorqin hikoya qiladi.
«TERMIZ-2500» multimedia ensiklopediyasi O‘zbekistonning janubiy mintaqalari va unga tutash hududlarining tosh asridan boshlab bizning hozirgi kunlarimizgacha bo‘lgan davri haqidagi nodir tarixiy materiallarni o‘z ichiga oladi. Mazmuni: 158 informatsion bloklar; 940 noyob fotorasmlar; 12 video (animatsiya); Qadimgi Sharq cholg‘u asboblarida ijro etilgan 28 mumtoz musiqa kompozitsiyalari; interfaol elektron xarita; qadimgi Surxandaryoning 23 shahar-ob’ektlari; CD materiallari bo‘yicha 100 ortiq savollardan iborat test o‘yini.
«XXI asrga intilgan O‘zbekiston» multimedia-almanaxi mustaqil O‘zbekistonning ijtimoiy-iqtisodiy hayotida ro‘y berayotgan o‘zgarishlar, islohotlariga bag‘ishlangan. Ma’lumotlar bazasi o‘zbek, rus va ingliz tillarida tayyorlangan.
«SHASHMAQOM» ma’lumotlar bazasi O‘rta Osiyoning an’anaviy musiqiy madaniyatidagi eng ahamityali hodisalaridan biri bo‘lgan Shashmaqomga bag‘ishlanadi. Ingliz tilida berilgan va 18 informatsion bloklar, 101 fotorasmlar va 35 maqomlarning musiqali kompozitsiyalaridan iborat. Mazkur ishlanma o‘zbek xalqining musiqali madaniy merosini saqlab qolish uchun hamda talaba, o‘qituvchi, olimlar va chet el mutaxassislarini mahalliy madaniy an’analar va musiqali folklor bilan tanishtirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
«Boysun» multimediaviy ma’lumotlar bazasi:
Multimediaviy disk 2001-yilda YUNESKO tomonidan «Insoniyatning og‘zaki va nomoddiy merosi durdonasi» «Щедевр устного и нематериалного наследия человечества» deb tan olingan Boysun mintaqasi madaniyati etnografiyasi va an’analari taraqqiyotini ochib berishga bag‘ishlangan (Surxandaryo viloyati).
Mintaqa Kushon davridan boshlangan va so‘g‘d, turk va Sharqiy Eron madaniyatlari bilan boyigan qadimiy madaniyatga ega.
Boysun mintaqasining saqlanib qolgan o‘ziga xos madaniyati, yashash tarzi, an’analari va xalq san’ati, folklor, mintaqa raqslari 24 matnli blok, 138 fotorasm, 14 videosyujet va 20 ta folklor qo‘shiqlari ko‘rinishida berilgan.
«O‘zbekiston» multimedia ma’lumotnomasi o‘lka tarixi, O‘zbekiston Respublikasining iqtisod, ijtimoiy tarraqiyoti, fan, turizm sohasidagi zamonaviy salohiyatini ochib beran. O‘zbek, rus va ingliz tillarida tayyorlangan.
«Markaziy Osiyoda so‘fizm» multimediyali diski Markaziy Osiyoda so‘fizmning paydo bo‘lishi va taraqqiyoti haqida hikoya qiladi. Ingliz tilida tayyorlangan.
«SAMARQAND: Tarixiy obidalar» multimedia-diski: Samarqand va uning atrofidagi 60 dan ortiq tarixiy yodgorliklar haqida hikoya qiladi. Rus va ingliz tillarida tayyorlangan. Mazmuni: 60 ta informatsion blok, 572 noyob fotorasmlar, 18 ta tanburda ijro etilgan musiqa kompozitsiyasi, Samarqand me’morlik yodgorliklarining interfaol elektron xaritasi.
Toshkent axborot texnologiyalari universitetining «Axborot-kutubxona tizimlari» kafedrasi professor-o‘qituvchilari va talabalari tomonidan yetakchi olimlar, yozuvchi va mumtoz shoirlarning elektron kutubxonalarini hamda foydalanuvchilar uchun dolzarb bo‘lgan mavzular bo‘yicha ma’lumotlar bazasini yaratish borasida katta ishlar olib borilmoqda. Bular buyuk yozuvchi va shoirlar: Alisher Navoiy, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov va zamonamiz akademiklari, ko‘pgina soha olimlari asarlarining to‘liq elektron kolleksiyasidir. Talabalarning malakaviy ishlari ham O‘zbekistonning madaniy va ilmiy yutuqlarini aks ettiruvchi elektron kataloglar, ko‘p matnli ma’lumotlar bazasini yaratishga bag‘ishlangan. Hozirgi davrda respublikada noyob fondlarni raqamlashtirish, ma’lumotlarning elektron bazasi va multimediyali ensiklopediyalar yaratish bo‘yicha ishlar davom ettirilmoqda. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasalari korporativ tarmog‘ining virtual kutubxonasida hozirda respublikada dolzarb bo‘lgan turli fan va texnologiya sohalari bo‘yicha multimedia resurslarini yaratishga katta e’tibor qaratilmoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |