6. O‘ZBEKISTONNING JAHONDA TAN OLINGAN
ILMIY–TA’LIMIY RESURSLARI
Oliy ta’lim muassasalarida ilmiy tadqiqotlarni qo‘llash uchun tahliliy axborot tizimi
Quyida O‘zbekistonning axborot-kutubxona, o‘quv va ilmiy muassasalarda yaratilayotgan ayrim eng muhim ilmiy-ma’rifiy ma’lumotlar manbalarining xarakteristikalari keltirilgan. Ular O‘rta Osiyoning tarixiy merosini o‘rganishda zarur bo‘lgan noyob nashrlar hamda o‘quv jarayoni va ilmiy tadqiqotlarda foydalaniladigan zamonaviy manbalarni o‘z ichiga olgan. Mazkur elektron ilmiy-ma’rifiy resurslar faqat respublikada ishlatilmaydi, ular dunyo miqyosida ham katta ahamiyatga ega.
Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasining fondidagi noyob nashrlar orasida dunyoda yagona bo‘lgan 54 tomdan iborat «Umuman O‘rta Osiyo va xususan Turkiston o‘lkasiga taalluqli asarlar va maqolalar to‘plami» «Туркестанский сборник сочинений и статей, относящихся к Средней Азии вообще и Туркестанскому краю в особенности» deb ataluvchi bosma materiallar to‘plami saqlanadi.
To‘plam Turkiston o‘lkasi general gubernatori Kaufman buyrug‘i bilan Turkiston xalq kutubxonasida 1870-yildan tuzila boshlangan (hozirda Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston milliy kutubxonasida). To‘plam kitoblar, jurnal va gazetalardan qirqib olingan bo‘laklar, xaritalar, rasmlar, diagrammalar, rejalar va chizmalar ko‘rinishidagi 10710 nomlanishdan iborat nashrlarni o‘z ichiga oladi.
Hozirgi paytda to‘plam kutubxona kitobxonlari ochiq foydalana olishlari uchun raqamlashtirilgan. Mazkur material muhim xalqaro ahamiyatga ega, chunki u XIX asr oxiri va XX boshlaridagi O‘rta Osiyo, Rossiya, Qozog‘iston, G‘arbiy Xitoy, Hindiston, Eron, Afg‘oniston mamlakatlari taraqqiyoti haqida bebaho ma’lumotlar olish imkonini beradi. Hujjatlar o‘sha davr ilm-fani, iqtisodi va ta’limi haqidagi kamyob ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan. To‘plam etnografiya bo‘yicha yaxshi saqlanib qolgan XIX asr fotosur`atlari bilan to‘ldirilgan hujjatlarning nodir fondiga ega. Fotosur`atlarda shu o‘lkada yashagan turli millatga mansub kishilarning qiyofalari, kiyimlari, turmush tarzi aks ettirilgan. Me’morchilik obidalari, binolar, inshootlar tasvirlangan fotosuratlar ham bor. Ular o‘sha davrning mayishiy hayoti, me’morchilik tarixini o‘rganishda ham muhim ahamiyatga kasb etadi.
To‘plam o‘lka hayotini batafsil, barcha ikir-chikirlarigacha, ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot holati bilan ishlab chiqarish kuchlari, boy resurslaridan tortib, o‘lkada istiqomat qiluvchi xalqlarning tarixiy o‘tmishi, turmush tarzi, an’analari, urf-odatlari harbiy voqealar, istilolar va xaloskorlik urushlarigacha o‘rganish hamda mashhur geograflar, etnograflar, tarixchilarning, jumladan N.M. Prjevalskiy, I.V. Mushketov, N.A. Seversov. N.A. Maev, V.F. Oshanin, A.P. Fedchenko va boshqalarning tadqiqotlari va ilmiy ekspeditsiyalarining yozma materiallari bilan tanishish imkonini beradi. To‘plamni o‘rganish XIX asr oxiri va XX boshlaridagi Sharq taraqqiyotining muhim bosqichlari va tamoyillarini tushunishga yordam beradi. To‘plamda keltirlgan ma’lumotlar O‘rta Osiyo va unga qo‘shni mamlakatlarni o‘rganishdagi noma’lum jihatlarni to‘ldirishi mumkin.
Hozirgi paytda O‘zbekiston Milliy Kutubxonasida respublikada himoya qilingan dissertatsion tadqiqotlar va mustaqillik yillarida nashr etilgan oynoma, gazetalar va h.k.ning turli ma’lumotlar bazasi yaratilmoqda. Manba: www.natlib.uz.
Do'stlaringiz bilan baham: |