«Mamlakatimizda hukm surayotgan millatlar va dinlararo totuvlikni, fuqarolar hamjihatligini yanada mustahkamlash, yagona xonadonimiz bo‘lmish O‘zbekistonda istiqomat qiliyotgan barcha insonlarning millati va dini, irqi va jinsiga qaramasdan, ularning tinchligini va osoyishtaligini ta’minlash – bu boradagi ishlarimizniig asosiy ma’no–mazmuniga aylanishi darkor».
ISLOM KARIMOV
1995 yil 16 noyabrda YUNESKO Bosh konferensiyasining 28-sessiyasida Bag‘rikenglik tamoyillari to‘g‘risidagi deklaratsiya qabul qilindi. YUNESKO tomonidan bag‘rikenglikka oid yetmishdan ziyod xalqaro hujjatlar, konvensiyalar qabul qilindi.
Deklaratsiyada irqi, jinsi, kelib chiqishi, tili, dinidan qat’i nazar, bag‘rikenglikni targ‘ib etish, inson huquqlari va erkinliklarga hurmat bilan qarash kabi majburiyatlar aks etgan. Albatta, xalqimizga azaldan xos bo‘lgan xislat bag‘rikenglik biz uchun an’anaviydir. Shu kundan e’tiboran Jahon afkor ommasi 16 noyabrni har yili «Xalqaro bag‘rikenglik kuni» sifatida keng nishonlanib kelinmoqda. 1996 yilda BMT Bosh Assambleyasi har yili shu kunni Xalqaro bag‘rikenglik kuni deb nishonlashni taklif qilgan edi.
Bugungi murakkab davrda tinchlik va barqarorlikni saqlash uchun dinlar, konfessiyalar, millat va elatlar o‘rtasida o‘zaro hamkorlik, bir-birini tushunish g‘oyat muhim ahamiyatga ega. O‘zbekistonda xuddi shunday muhit qaror topgan. Yurtimizda o‘n olti diniy konfessiyaga mansub 2 ming 238 diniy tashkilot, 130 dan ortiq millat vakillaridan iborat qariyb 140 milliy-madaniy markaz faoliyat yuritmoqda. Respublikamizdagi umumta’lim maktablarida ta’lim 7 tilda olib borilmoqda. Ular davlat ta’lim standartlari asosida chop etilgan 7 tildagi darsliklar bilan to‘liq ta’minlangan. Teleradio ko‘rsatuvlari 12 tilda tayyorlanayotgan bo‘lsa, gazeta va jurnallar 14 tilda chop etilmoqda.
Turli dinga e’tiqod qiluvchilar uchun zarur sharoitlar yaratilgani, ularning o‘z an’analari va udumlari, marosimlarini bemalol ado etib kelayotgani e’tiborga molik. O‘zbekistondagi o‘zaro bag‘rikenglik, mehr-oqibat muhiti tinchlik va farovonlikni mustahkamlashga, demokratik islohotlarni izchil amalga oshirishga, mamlakatni har tomonlama rivojlantirishga xizmat qilmoqda.
Birinchi prezidentimiz Islom Abdug‘aniyevich Karimov o‘z vaqtida mazkur masalaning dolzarbligiga alohida urg‘u berib bildirgan fikrlari ko‘p narsani anglatadi: «Bizda juda ko‘p boyliklarimiz bor, lekin eng katta boylik bu millatlararo totuvlik»
«Ko`p millatli jamiyatimizda ijtimoiy-siyosiy barqarorlik,
fuqarolar o`rtasida tinchlik va millatlararo
totuvlik saqlanganligi mustaqil O`zbekistonning bunyod
bo`lishi va rivojlanishining birinchi, boshlang`ich
bosqichida qo`lga kiritilgan eng asosiy yutuq bo`ldi. »
Do'stlaringiz bilan baham: |