Doimiylik yaxshi, o‘zgaruvchanlik zo‘r
Bo‘lajak ixtirochi 1856 yilning 9 iyulida Serbiyadagi Smilyan shaharchasida tug‘ildi. Yoshligidayoq Tesla g‘ayrioddiy ko‘rinishda edi: bo‘yi baland, ozg‘in, yonoqlari turtib chiqqan, ko‘zlari odamni teshib yuborgudek boquvchi chaqnoq edi. U boshqalar ko‘ra olmaydigan nurlarni ko‘rish qobiliyatiga ega edi. Elektr uni yoshlik davridan boshlab qiziqtirib qo‘ydi. Osmondagi chaqmoqdan tortib, mushukni silaganda paydo bo‘ladigan uchqunlargacha.
Ruhoniy otasi uning ham ruhoniy bo‘lishini istardi. Ammo Nikola avval Avstriyaning Grats shahridagi texnika maktabiga, so‘ngra Praga universitetiga o‘qishga kirdi. Ikkinchi kursdaligida uning xayolini o‘zgaruvchan tok induktsion generatorini yaratish fikri band etdi. Tesla professor Yakov Peshlga bu fikrini aytganida, professor uni telbaga chiqardi. Ammo bu xulosa ixtirochini yanada ruhlantirdi va 1882 yilda u induktsion generatorni ixtiro qildi. 1884 yilda Tesla Amerikaga yo‘l oldi. U ixtirochi Tomas Edisonga parijlik tanishidan maktub olib bordi. Maktubda shunday so‘zlar yozilgandi: «Men dunyoda ikki buyuk odamni taniyman. Biri siz, ikkinchisi mana shu yigit».
Nikola Nyu-Yorkka sarguzashtlar bilan yetib kelgandi. Avvaliga uni tunab ketishdi. Tesla Amerikaga och, yuksiz, cho‘ntagida to‘rt tsent pul bilan keldi. Ammo bu yer ulkan imkoniyatlar mamlakati ekanligini darhol angladi: Brodveyda elektromotorni tuzatishga urinayotgan kishilarga yordam berib, 20 dollar ishladi. Edison yosh elektrotexnikni o‘z kompaniyasiga ishga oldi, biroq ikki ixtirochi orasida shu zahoti ixtilof yuzaga keldi. Ular muammoning yechimiga turlicha yondashardilar.
Edison va Teslaning ajralishlariga ularning elektrning kelib chiqishiga oid qarashlari turli ekani sabab bo‘ldi. Edison umum e’tirof etilgan «zaryadlangan zarralarning harakati»ga ishonsa, Tesla boshqacha fikrda edi. Uning fikricha, butun olam qandaydir ko‘rinmas modda bilan o‘ralgan, bu modda yorug‘lik tezligidan bir necha barobar tez bo‘lgan silkinishni vujudga keltirardi. «Koinotning har bir millimetri cheksiz, tuganmas energiyaga to‘la» deb fikr yuritardi Tesla. Tomas Edison Teslani tanqid qilavergach, ixtirochi unga garov bog‘lashni taklif etdi. Edison bu taklifga rozi bo‘ldi. Garovga ko‘ra, Tesla o‘z uslubi yordamida Edisonning zavodlaridan birini elektrlashtirishi kerak edi. Edison agar yutqazsa, 50 ming dollar berishini aytdi. Uning fikricha, Teslaning rejasi amalga oshirib bo‘lmaydigan ish edi. Tesla yigirma to‘rt xil uskuna tayyorladi va qisqa vaqt ichida rejasini amalga oshirdi. Uning uslubi bo‘yicha elektrlashtirish iqtisodiy tejamkorlik jihatidan g‘oyatda yuqori edi. Edison buni ko‘rib, hushi boshidan uchdi, ammo pulni berishdan bosh tortdi. Shundan so‘ng ular butunlay yuzko‘rmas bo‘lib ketishdi.
Edison bilan xayrlashgandan so‘ng Teslani «Vestingauz Elektrik» kompaniyasining xo‘jayini, gidravlik parovoz tormozi ixtirochisi Jorj Vestingauz o‘ziga yolladi. Bu millioner Teslani 1888 yilgi Amerika muhandis‑yelektriklar institutidagi ma’ruzada ko‘rgandi. U Teslaning 40ta patentining har birini 25 ming dollardan sotib oldi va o‘zini esamaslahatchi sifatida ishga oldi. Tesla kompaniyada ishlash jarayonida ko‘p fazali elektr mashina, asinxron elektrodvigatel va ko‘p fazali o‘zgaruvchan tok orqali elektroyenergiya uzatish tizimiga patent oldi.
1893 yilda Chikagoda tashkil etilgan Butunjahon ko‘rgazmasida tashrif buyuruvchilar ozg‘ingina olimning ikki million volt kuchlanishga ega tokni qanday qilib o‘zi orqali o‘tkazayotganini dahshat bilan kuzatishgandi. Nazariy jihatdan olib qaraganda, olimning kuli ham qolmasligi kerak edi. Ammo u jilmayib turar, qo‘llarida esa elektrolampalar yonib turardi.
Do'stlaringiz bilan baham: |