Uchrashuv
Boston tashqarisida joylashgan sokin G‘arbiy Nyuton shaharchasida ijaraga olingan mashinani Morrining ko‘chasiga burar ekanman, bir qo‘limda qahva finjonini tutib, quloq va yelkam orasiga esa qo‘l telefonimni qistirib olgandim. Telefon orqali prodyuser bilan televideniye uchun birgalikda tayyorlayotgan ko‘rsatuvimiz haqida gaplashayotgandim. Bir ko‘zim mashinaning raqamli soatida (bir necha soatdan keyin ortga uchishim zarur edi), ikkinchisi esa ikki chetiga qator daraxtlar ekilgan ko‘cha bo‘ylab tizilgan pochta qutilarining raqamlarida edi. Mashina radiosi yangiliklar to‘lqiniga sozlangandi. Hayotim shu tarzda kechardi: bir vaqtning o‘zida beshta ishni bajarardim.
-
Tasmani orqaga aylantir, — dedim prodyuserga. — Shu qismini yana bir eshitib ko‘rishim kerak.
-
Hozir, — javob berdi u. — Bir soniya.
Kutilmaganda, Morrining uyiga yetib kelganimni angladim. Tormozni keskin bosganimdan, tizzamga qahva to‘kildi. Mashina to‘xtar ekan, baland qizil zarang daraxti va uning yaqinidagi yo‘lakda o‘tirgan uch kishiga ko‘zim tushdi. Yosh yigitcha va o‘rta yoshlardagi ayol nogironlar aravachasidagi qariyaning ikki yonida o‘tirishardi. Morri.
Nigohim keksa professorimga tushishi bilan muzlab qoldim.
-
Allo? — qulog‘imda prodyuserning ovozi jaranglardi. — Qayerga yo‘qolib qolding?
Uni o‘n olti yildan beri ko‘rmagandim. Yuzlari so‘lg‘in, sochlari siyraklashib, oqlari ko‘payibdi. Birdaniga hali u bilan uchrashishga tayyor emasligimni angladim. Birinchidan, telefondagi ishimni hal qilishim zarur edi. Ikkinchidan, Morri kelganimni sezmadi degan umidda shu atrofdagi mahallada bir-ikki aylanish qilib, ishlarimni bitirib olmoqchi, bahonada, ruhan uchrashuvga ham tayyorgarlik ko‘rmoqchi edim. Biroq Morri - men bir vaqtlar yaqindan tanigan odamning so‘nib borayotgan nusxasi mashinaga qarab jilmayar, qovushtirilgan qollarini tizzasiga qo‘yib, mashinadan chiqishimni kutardi.
-
Hoy? — chaqirdi prodyuser yana. — Shu yerdamisan?
Birga o‘tgan damlarimiz, yosh paytim Morrining menga ko‘rsatgan mehri va yaxshiliklari hurmati uchun ham telefonni o‘chirib, mashinadan chiqishim, yugurib borib quchoqlashib ko‘rishishim kerak edi. Buning o‘rniga esa motorni o‘chirib, xuddi nimanidir izlayotgandek o‘rindiq ostiga engashdim.
-
Ha, ha, shu yerdaman, — shivirladim men va to ishimiz yakunlanmaguncha prodyuser bilan gaplashishda davom etdim.
Yana oxirgi yillarda usta bo‘lib ketgan hunarimni ko‘rsatdim: ishimni hamma narsadan ustun qo‘ydim, hatto umri tugab borayotgan professorimning maysazorda meni intizor kutib turgani ham meni bundan qaytara olmadi. Hozir bu qilmishimdan juda uyalaman, albatta, lekin o‘sha kuni o‘zimni aynan shunday tutdim.
Besh daqiqalardan so‘ng, Morri meni quchoqlab ko‘rishayotgan, siyraklashib qolgan sochlari yuzimga tegib turar edi. "Tushib ketgan kalitimni qidirayotgandim, shunga mashinadan chiqishim qiyin bo‘ldi” deb aytdim va uni mahkamroq bag‘rimga bosdim, xuddi shu bilan kichkina yolg‘onimni ezg‘ilab tashlay oladigandek. Bahor quyoshi iliq nur taratib turgan bo‘lsa ham, Morri ustiga yengil kurtka kiyib, oyoqlarini yopinchiq bilan o‘rab olgandi. Undan bir oz achqimtil hid kelardi, odatda, kuni dori-ukol bilan o‘tayotgan kishilardan shunday hid taraladi. Yuzi yuzimga yaqin kelganida, uning nafas olishi ham qiyinlashib qolganini sezdim.
-
Qadrdon do‘stim, — shivirladi u. — Va nihoyat qaytding, a!
Morri tomon egilib turarkanman, u meni hech qo‘yib yuborgisi kelmas, bilaklarimdan tutib ohista chayqalardi. Shuncha yillar o‘tib ketgan bo‘lsa ham professorning meni bunchalik iliq qarshi olishidan bir oz shoshib qoldim: o‘tmishim va hozirim o‘rtasiga qurilgan tosh devor tufayli bir paytlar qanchalik yaqin bolganimizni butunlay unutib yuborgandim. Bitiruv oqshomi, charm portfel, xayrlashayotganimizda uning ko‘zlari yoshlangani yodimga tushdi va bo‘g‘zimga nimadir tiqilgandek yutinib qo‘ydim, chunki men ortiq u bilgan sodda, iqtidorli talaba yigitcha emasligimni ich-ichimdan his etib turardim.
Yaqin bir necha soat ichida u o‘zgarib ketganimni payqamaydi deb umid qilardim.
Uyga kirgach, ovqatlanish xonasidagi yong‘oq daraxtidan bo‘lgan stol yoniga o‘tirdik. Derazadan qo‘shnining uyi ko‘rinib turibdi. Morri aravachasida tipirchilab, qulayroq joylashib olishga urindi. Odatdagidek, u meni taom bilan siylamoqchi bo‘ldi, yo‘q deya olmadim. Yordamchilaridan biri, Konni ismli baquvvat italyan ayol nonni kesib, pomidor to‘g‘rab berdi. Bir nechta idishda tovuqli salat, xumus va tabuli keltirdi. Keyin esa bir qancha hapdorilarni olib keldi.
Morri dorilarga qarab, chuqur xo‘rsindi. Uning ko‘zlari ancha cho‘kkani, ozib ketganidan yonoq suyaklari bo‘rtib qolgani e’tiborimni tortdi. Bu o‘zgarishlar uni yanada qariroq va dag‘alroq qilib ko‘rsatardi. Faqat u tabassum qilganida, osilib qolgan yonoqlari pardadek yig‘ilib, dag‘allik qayergadir yo‘qolardi.
-
Mich, — dedi u. — O‘layotganimdan xabaring bor, deb o‘ylayman.
Albatta, bundan boxabar edim.
-
Nima ham derdim, — Morri hapdorilarni yutib, qog‘oz stakanni stolga qo‘ydi va chuqur tin oldi. — Senga bu haqida gapirib beraymi?
-
Nima haqida? O‘lish qandayligi haqidami?
-
Ha, — dedi u.
Shu tarzda professor bilan so‘nggi fandan darslarimiz boshlangan, faqat hali men bundan bexabar edim.
Universitetda birinchi kursman. Morrining yoshi universitetimiz professorlarining kopchiliginikidan ulug‘roq, meniki esa, maktabni bir yil ertaroq bitirganim uchun, kursdoshlarimnikidan kichikroq. Yoshimni yashirish maqsadida eski kulrang jemferlar kiyaman, sportzalda boks bilan shug'ullanaman, chekmasam-da, doim labimga yoqilmagan sigaret qistirib yuraman. To‘kilib qolgan “Merkuriy Kugar” mashinamning oynalarini tushirib, musiqani baland qo‘yib haydayman. Men o‘zligimni dag‘allikdan izlasam-da, Morrining yumshoqfe’lligi meni o‘ziga tortadi. U menga yosh boladek munosabatda bo‘lmagani uchunmi, uning yonida o‘zimni xotirjam sezaman: kattaroq ko‘rinishga urinmayman.
U bizga dars bergan fan nihoyasiga yetgach, men yana u dars beradigan boshqa fanga yozilaman. Morridan baho olish oson, chunki ballar uni qiziqtirmaydi. Aytishlaricha, u bir yili
-
Vetnam urushi davrida barcha erkak talabalarga A baho qo‘yib, ularni armiya chaqiruvidan qutqarib qolgan ekan.
Men Morriga “Murabbiy” deb murojaat qila boshladim, maktabda jismoniy tarbiya o‘qituvchimni shunday chaqirardim. Morriga bu laqab yoqdi.
-
Murabbiy — takrorlaydi u. — Nima ham derdim, endi murabbiying bo‘laman. Sen esa mening o‘yinchim bo‘lasan. Hayotning men qarilik qiladigan mojizakorjabhalarida o‘rnimga top surishing mumkin.
Ba’zida universitet oshxonasida birga ovqatlanamiz. Morrining mendan battar palpisligi ko'nglimga taskin beradi. U chaynashni o‘rniga jag‘i tinmay gapiradi, og‘zini katta-katta ochib kuladi, tuxumli salatga to‘la og‘zi bilan jo'shqin nutqlar so'zlaydi, bu paytda tishlari orasidan sarg‘ish tuxum bo‘lakchalari har yoqqa sochilayotganiga zarracha e’tibor bersa qani.
Uning bu qiliqlari juda g‘ashimni keltiradi. Tanishganimizdan beri meni nuqul ikki istak taqib qiladi: uni quchoqlab olish va qo‘liga sochiqcha tutqizish.
Do'stlaringiz bilan baham: |