Bitiruv oqshomi
Morri shanba kuni tongda olamdan o‘tdi.
Barcha yaqin qarindoshlari uning yonida edi. Rob Tokiodan uchib keldi - otasini so‘nggi manzilga kuzatish uchun, Jon va, albatta, Sharlotta ham Morri bilan birga edi. Sharlottaning jiyani - "norasmiy dafn marosimi”da o‘qib bergan she’rida Morrini navqiron sekvoyyaga mengzab, uni to‘qinlantirib yuborgan Marsha ham o‘sha yerda edi. Ular tunlari navbatma- navbat Morrining yonida o‘tirib chiqardi. So‘nggi uchrashuvimizdan ikki kun o‘tib, Morri komaga tushib qoldi; shifokor uning istalgan payt joni uzilishi mumkinligini aytdi. Biroq u hech ketolmadi, tuni bilan o‘lim bilan kurashib chiqdi.
Va nihoyat, to‘rtinchi noyabr kuni - yaqinlari birinchi marta uni yolg‘iz qoldirib, bir finjon qahva uchun oshxonaga chiqishganida, u nafas olishdan to‘xtadi.
Morri bu dunyoni tark etdi.
O‘ylashimcha, Morri atay shu tarzda jon berdi. U boshqalarni qo‘rqitib yuborishni xohlamadi. Kimdir uning joni uzishiliga guvoh bo‘lib, bir umr shu lahza ta’qibi ostida yashashini istamadi. Xuddi uning o‘zini onasining vafoti haqida telegramma yoki otasining jasadini shahar morgida ko‘rganidagi dahshat bir umr ta’qib qilganidek.
Menimcha, u o‘z yotog‘ida yotganini, kitoblari, qaydlari va kichik hibiskus butasi uning yonginasida ekanini his qilib turgan. U bu dunyoni xotirjam tark etishni xohlagandi - xuddi shunday bo‘ldi.
Dafn marosimi tongida shamol esib turar, havo nam edi. O‘t-o‘lanlar ho‘l, osmon qaymoqrang tusda edi. Biz tepalikdagi yangi qazilgan qabr yonida turardik, hovuz suvining qirg‘oqqa urilayotgani eshitilib turar, o‘rdaklar qanotlarini qoqib suzib yurardi.
Yuzlab kishilar marosimda ishtirok etishni xohlagan bo‘lsa-da, Sharlotta marosim ixcham o‘tishini xohladi: faqat bir necha yaqin do‘stlari va qarindoshlari keldi. Ravvin Akselrod bir nechta she’r o‘qidi. Bolaligida poliomiyelit bilan og‘rigani tufayli hali ham oqsoqlanib yuradigan Morrining ukasi Devid, an’anaga ko‘ra, belkurakda qabrga tuproq tashladi.
Morrining kuli qabrga joylashtirilgach, yon-atrofni ko‘zdan kechirdim. Morri haq edi - ajoyib joy. Daraxtlar, o‘t-o‘lanlar va qiya tepalik.
"Sen gapirasan, men esa eshitaman”, - degandi u o‘shanda.
Morri aytganidek, u bilan xayolan suhbatlashib ko‘rdim. Bu xayoliy suhbat rostdan ham tabiiydek tuyuldi. Beixtiyor bilagimga qarab, qo‘l soatimga ko‘zim tushdi va buning sababini angladim: kun seshanba edi.
"Tark etar onda ham kuyladi otam,
Xonish kurtaklarga hadya etdi jon.
(Bilardik bahor ham aylashin xirom Otamning qo‘shig‘in eshitgan hamon)...”
Dafn marosimida Morrining o‘g‘li Rob tomonidan o‘qilgan she’r, muallifi - E. E. Kammings.
Do'stlaringiz bilan baham: |