1
1-ma’ruza. Sifat so‘z turkumi.
Reja:
1. Sifat va uning UGMsi.
2. Sifatning lug‘aviy-ma’noviy guruhlari.(LMG)
3. Asliy va nisbiy sifatlar.
4. Sifat derivatsiyasi.
5. Daraja sifatning tasniflovchi kategoriyasi sifatida.
Sifat va uning UGMsi. Asosan predmetning, qisman harakatning belgisini
bildiruvchi darajalanuvchi so‘z sifat deyiladi: qizil qalam, oq kabutar, yaxshi gapirmoq.
Boshqa so‘z turkumi ham belgi ifodalaydi. Ammo sifat barqaror va turg‘un belgi
ifodalashi jihatidan ulardan ajralib turadi. Masalan, Gul – qizil deganda turg‘un (statik)
belgi, Gul qizardi deganda esa o‘zgaruvchi (dinamik) belgi namoyon bo‘lgan. Sifat
anglatadigan belgi boshqa turkum anglatadigan belgidan xususiyati bilan farqlanadi.
Masalan, qizg‘ish – qizil – qip-qizil. Boshqa turkum anglatuvchi belgida esa bunday
xususiyat yo‘q. Sifat gapda asosan sifatlovchi aniqlovchi, qisman kesim, hol vazifasida
keladi.
Shu asosda sifatning UGMsini «asosan predmetning, qisman harakatning belgisini
bildirib, gapda asosan sifatlovchi aniqlovchi, ba’zan kesim, ayrim hollarda hol vazifasida
kelish» ko‘rinishida tiklash mumkin.
Belgi tushunchasi o‘z ichiga rang-tus, hajm-shakl, xarakter, vazn, maza kabini
qamrab oladi. Belgining xususiyatiga ko‘ra sifat ikkiga bo‘linadi: asliy sifatlar va nisbiy
sifat.
Asliy sifat predmetning turg‘un, nisbatlanmaydigan va darajalanadigan belgisini
ifodalaydi: [qizil], [sariq], [katta], [ko‘p], [oz].
Nisbiy sifatlar belgini qandaydir bir predmet, belgi, miqdor, o‘rin va harakatga
nisbatan ifodalaydi: moddiy yordam, siniq piyola, burchakdagi o‘tirgich. Nisbiy sifatda
darajalanish, qiyoslanish bo‘lmaydi. Lekin u daraja belgisiga ega bo‘lgan ravishdan asosan
predmet belgisini bildirishi bilan farqlanadi.
Asliy sifatning barchasida daraja shakllari, ayrimida ozaytirma va kuchaytirma shakl
bor.
Asliy sifat bildirgan belgining darajasi har xil bo‘lishi mumkin. Daraja kategoriyasi
(DK) sifat ifodalagan belgining shu nuqtayi nazaridan tavsifini beradi.
Sifat LMGlari. Darslik va qo‘llanmalarda sifatning 9 ta LMG ajratiladi:
1.Xususiyat bildiruvchi sifat. 2.Holat bildiruvchi sifat. 3.SHakl bildiruvchi sifat.
4.Rang-tus bildiruvchi sifat. 5.Maza-ta’m bildiruvchi sifat. 6.Hid bildiruvchi sifat.
7.O‘lchov bildiruvchi sifat. 8.O‘rin bildiruvchi sifat. 9.Payt bildiruvchi sifat.
Quyida ularning har birini alohida-alohida ko‘rib o‘tamiz.