Affikslar va ularning turlari. Affiksal morfemalar vazifasiga ko‘ra quyidagicha turlarga bo‘ladi: 1) so‘z yasovchilar; 2) so‘z o‘zgartuvchilar; 3) shakl yasovchilar.
Ba’zi manbalarda affiksal morfemalarning vazifasiga ko‘ra ikki turi farqlanadi: 1) so‘z yasovchi; 2) shakl yasovchi kabi. Shakl yasovchilar esa o‘z navbatida a) lug‘aviy shakl yasovchilar; b) sintaktik shakl yasovchilarga ajratiladi. (Qarang:N.Mahmudov, A. Nurmonov va boshqalar, Ona tili. 6-sinflar uchun darslik.)
So‘z yasovchi affikslar o‘zakka qo‘shilib, yangi ma’noli so‘z hosil qiladi.Ular ko‘pincha bir turkumdagi so‘zdan boshqa bir turkumga mansub yangi so‘z yasaydi: yoz, qish – ot || yozgi, qishki — sifat || ish, qon–ot || ishla, qonat-fe’l || supur, o‘r–fe’l || supurgi, o‘roq — ot. Shuningdek, ular bir turkum doirasida so‘zlar yasashi ham mumkin: -chi: ishchi, xizmatchi, payvantchi || — bon: bog‘bon, darvozabon kabi. So‘z yasovchi affikslar o‘zakka birdan ortiq qo‘shilishi va yangi — yangi so‘zlar hosil qilishi mumkin: bog‘ + bon + lik, ter+im+chi+lik. Bunday yasalish, odatda, negiz asosida yasalish hisoblanadi. Xullas, so‘z yasovchilar o‘zakning lug‘aviy ma’nosini yangilovchi marfemalar bo‘lib, tilning Leksik qatlamini boyitadi.
Shakl yasovchilar (lug‘aviy shakl qo‘shimchalari) so‘zning lug‘aviy ma’nosini bir oz o‘zgartib, unga qo‘shimcha ma’no bo‘yog‘i beradigan, biroq yangi so‘z hosil qilmaydigan morfemalardir. Masalan: kitoblar, kitobcha, kattaroq, kattagina, beshinchi, beshov, uchala, borgan, ishlamoq, kuldir, kelma. Shakl yasovchilar o‘z tabiatiga ko‘ra so‘zlarning lug‘aviy ma’nosiga qo‘shimcha ma’no bo‘yog‘i berish bilan birga ularning sintaktik munosabatini belgilashda ham o‘ziga xos o‘rnga ega bo‘ladi. Shu bois ularni lug‘aviy va sintaktik shakl yasovchilar kabi ikki turga ajratiladi. Xususan, otlardagi son (kitob-kitoblar), kichraytirish- erkalash (qizcha, bo‘taloq,qo‘zichoq, onajon, bolagina) ,chegara (uygacha), qarashlilik (ukamniki) shakllari, sifat va ravishlardagi daraja (kattaroq, shiringina, qoramtir, tezgina, sekinroq) kategoriyasiga mansub shakllar, sonlarning ma’no turlarini hosil qiluvchi (beshta, uchinchi, ikkala, to‘rtov) shakllar, gumon olmoshi hosil qiluvchi qo‘shimcha (kimdir,nimadir), fe’llardagi nisbat (kiydi, kiyindi, kiyishdi, kiydirdi, kiyildi), bo‘lishsizlik (chizma, o‘qima), harakatning takroriyligi, kuchsizligini ifodalovchi (bur-bura, tep-tepkila, oqar-oqarinqira, kul-kulimsira, yul-yulqi) shakllarni lug‘aviy shakl yasovchilar sifatida, fe’llardagi zamon, mayl, ravishdosh, sifatdosh, harakat nomi shakllarini esa lug‘aviy-sintaktik shakl yasovchilar sifatida ajratiladi.(Qarang:Б.Баќриддинова Феъл луђавий шакллари. Тур категорияси. НДА. Самарљанд 2002.)
Do'stlaringiz bilan baham: |