aniqlaydi;
- jarayonlar sifatini natijalar sifatida aks ettirish tamoyili va boshqalar [107].
Kompetentlik va kompetensiya tushunchalarining tuzilmasini tadqiq etish bo’yicha bir necha yo’nalishlarni ajratib ko’rsatish mumkin. Ko’pgina mualliflar faoliyatli yondoshuvni istiqbolli hisoblaydi, chunki ular kompetentlikni kasbiy faoliyatda namoyon bo’ladi va shu bilan bir vaqtda uning asosi ham deb hisoblaydilar. Bunday holda kompetentlik vaziyatlarning aniq doirasida samarali harakatni yuzaga keltirish uchun zarur bo’lgan ichki resurslar tizimi sifatida tushuniladi. Kompetentlik tuzilmasida quyidagi komponentlar ajratiladi: yo’naltiruvchilik va ijrochilik, mazmunli (bilim) va jarayonli (ko’nikma), kognitiv va operasional.
O’qituvchi kompetentligining mazmunli jihatini tahlil qilib, A.K. Markova uning jarayonli va natijali tomonlarini ajratib ko’rsatgan [71]. Muallif pedagogik kompetentlik tuzilmasini jarayon (pedagogik faoliyat, pedagogik muloqot, o’qituvchi shaxs) va pedagogik faoliyat natijalari, ya’ni ta’lim oluvchining ta’lim olganlik va tarbiyalanganlik nuqtai nazaridan tuzilmalashtirilgan. Bunda mehnatning har bir tomoni uchun psixologik modul deb nomlanuvchi kasbiy bilimlar, kasbiy malakalar, kasbiy psixologik xususiyatlar (sifatlar) ishtirok etadi. Ushbu nuqtai nazarga ko’ra, bizda, kompetentlik tuzilmasida faoliyatning ichki vositasi, ya’ni motiv, bilim, ko’nikma va malaka kabi elementlarni qarab chiqish uning jarayonli va natijali ko’rsatkichlarini hisobga olish haqidagi tasavvur paydo bo’ladi.
M. Kyaerst tomonidan taqdim etilgan tadqiqot yo’nalishini masalali yondoshuv - deb nomlash mumkin. Unga ko’ra, kompetentlik mazmuniga uning asosi sifatida (qobiliyatlar, iqtidor, bilimlar), inson faoliyati jarayon sifatida (ta’riflar, tavsiflar, alomatlar), faoliyat natijalari (ish natijalari, faoliyat ob’yektidagi o’zgarishlar) kabi komponentlar kiritiladi. Muallif kompetentlik mazmuniga quyidagi tavsiflarni kiritgan:
natijasi berilgan lavozimda ishlayotgan shaxs (xodim) ga majburiy bo’lgan masalalarga intellektual mosligi;
mutaxassis tomonidan shakllantirilgan va hal etilgan masalalarning asosiy ishdagi miqdori va sifati;
asosiy masalalarni hal etishdagi muvaffaqiyat;
muammoli masalalar yechimining natijaviyligida namoyon bo’luvchi shaxsning xususiyatlari [63].
M. Kyaerstning fikriga ko’ra, umumiy holda kompetentlik mavjud emas, u aniq muammoshunoslik sohasida uchraydi. Uning kompetentlik masala yechish jarayonida ma’lum holatlardagina namoyon bo’ladi - degan fikri muhim ahamiyatga ega. Shuning uchun ham oliy ta’lim muassasalari bitiruvchisida kompetentlikni shakllantirishning muhim sharti ta’lim jarayonida kasbiy faoliyat holatlarini modellashtirishdan iborat.
Kompetentlikning kamdan-kam uchraydigan jihatlarini o’rganishda shaxsga yo’nalatirilgan yondoshuvga ko’proq e’tibor qaratilgan. Masalan, P.P. Urvansev va N.V. Yakovlevalarning ta’kidlashicha, kompetentlik – faoliyat sub’yektini kasbiylashtirish jarayonida rivojlanuvchi va muammolarni muvaffaqiyatli hal etish darajasini aniqlovchi psixikaning integrativ yangi asosi hisoblanadi [120]. Muammoni hal etish jarayoni psixik faoliyatning kognitivaxborotli va tezkor-texnik jihatlarni sintez qilishni taqozo etadi. Shuning uchun ham kompetentlikning komponentlari bo’lib, integrativ psixik jarayon, ya’ni mehnat sub’yektining shaxsiy xususiyatlarida namoyon bo’luvchi psixologik ko’nikmalari majmuasi hisoblanadi. Mualliflar asosiy urg’uni faoliyatni ongli ravishda boshqarishga qaratgan, kompetentlikning tuzilmali mazmuni esa, shaxsning kasbiy «Men – konsepsiyasi» ni tashkil etuvchi mazmunli asoslarning darajali tizimi hisoblanadi.
Psixologik kompetentlik tuzilmasida J.G. Garanina quyidagi ikkita darajaning mazmunini ko’zda tutuvchi bilim, ko’nikma, malaka va fikrlashni qaragan:
tushunchalar, hissiy obrazlar, ijtimoiy etalonlar, stereotiplar va boshqalar hamda fikrlash tizimlari (kasbiy masalalarni hal etish bo’yicha refleksiv aqliy faoliyat);
amaliy, ijrochilik, ya’ni insonlar bilan o’zarota’sirlashuv malaka va ko’nikmalari tizimi [38].
Yu.V. Verdonyanning fikriga ko’ra, pedagog va psixologning kasbiy kompetentligi mutaxassis shaxsining holati va xususiyatlari, uning kasbiy faoliyati va zarur amallarni bajarishga qobiliyati (bilim va imkoniyati) ning yagona tizimidan iborat [31]. O.A. Bulovenko esa, kompetentlikni kasbiy faoliyatning o’ziga xos chizgisi sifatida emas, balki shaxsning turg’un oshirilgan yoki pasaytirilgan faollikda namoyon bo’luvchi holati sifatida qarashni taklif etadi [29].
O’z navbatida A.V. Reysev mutaxassisning kasbiy kompetentligini kasbiy va shaxsiy sifatlar, integrativ majmuasi, ijtimoiy va iqtisodiy faoliyat madaniyatini, madaniy-ma’naviy boyliklarni o’zlashtirish, dunyoqarashga ega bo’lishga imkon beruvchi ilmiy bilim va malakalar mavjudligi sifatida aniqlaydi. «Kompetentlik» tushunchasida quyidagi bosqichlar keltirilgan: intellektual, amaliy, qadriyatli-mo’ljalli va nutqli. Bunda mutaxassis kompetentligi har doim faoliyat turiga bog’liq bo’lgan aniq holatda namoyon bo’ladi [96].
O’zining fundamental tadqiqotlarida I.A. Zimnyaya kompetentlikni yo’naltirilganlik, maqsadni qo’ya bilish, xulqning emotsional-irodaviy boshqarilishi, qadriyatli-mazmunli munosabatlarni o’z ichiga olgan shaxs xususiyatlari sifatida qaraydi. Muallifning fikriga ko’ra, kompetentlik tuzilmasi quyidagi komponentlar tizimidan iborat:
faoliyat va hatti-harakatda ushbu xususiyatni namoyon qilishga tayyorlik;
amallarni bajarishning vositasi, usullari va dasturlarini bilish, ijtimoiy va kasbiy masalalarni yechish, tartib-intizom qoidalari va me’yorlariga rioya qilish. Bu kompetensiyaning mazmunini tashkil etadi;
v) bilimlarni amalga oshirish tajribasi, ya’ni ko’nikma va malaka;
Do'stlaringiz bilan baham: |