Xo’jalik yurituvchi sub’ektlarning debitorlik va kreditorlik qarzlari tahlilini maqsadi, vazifalari va axborot manbalari
Xo’jalik yurituvchi sub’ektlar, kredit va nazorat tashkilotlari o’rtasidagi muomalalarda kechiktirilgan to’lovlar bo’yicha vaqt tafovutlari kelib chiqadi. Bunda, xo’jalik yurituvchi sub’ekti tomonidan qarshi tomonga to’lanishi yoki olinishi kerak bo’lgan majburiyatlari yuzaga kelib, ular mos ravishda kreditorlik va debitorlik qarzlari deb hisoblanadi. Shu boisdan debitorlik va kreditorlik qarzlari hisob - kitoblarning doimiy yo’ldoshi bo’lib kelgan. Ammo ularning to’lov muddatini kechiktirilishi xo’jalik yurituvchi sub’ektning moliyaviy holatiga ta’sir etib, uning nobarqarorligini ta’minlaydi. Shu maqsadda xo’jalik yurituvchi sub’ektning faoliyatini yuritishda debitorlik va kreditorlik qarzlarini to’g’ri boshqarish, ularni undirilishi va holatiga omilli baho berish bugunning muhim masalasi hisoblanadi.
Debitorlik va kreditorlik qarzlari quyidagi hollarda, ya’ni: o’zaro hisob-kitoblarda tomonlarning to’lov layoqatiga ega emasligi; tovarlarni ortib jo’natish va sotishda hisob-kitoblarning zamonaviy shakllarini cheklanganligi; o’zaro shartnomaviy munosabatlarning yaxshi yo’lga qo’yilmaganligi kabi sabablarga ko’ra yuzaga keladi. Shunday bo’lsada, ularni qaytarish muddatlariga amal etish zarur.
Muddati o’tgan debitorlik va kreditorlik qarzlarining oldini olish, bevosita davlat nazorati hamda e’tiboridagi masala. Negaki, xo’jalik yurituvchi sub’ektlari o’rtasida bo’ladigan o’zaro munosabatlarni tartibga solish asosida davlat naqd pul muomalasini boshqarishi va iqtisodiy tadbirlar rejasini tuzib chiqishni belgilaydi.
Yuqoridagilarga binoan, debitorlik va kreditorlik qarzlarini to’g’ri boshqarish, ularning aylanish davrini tezlashtirish asosida xo’jalik yurituvchi sub’ektning moliyaviy holatini yaxshilash borasida chora-tadbirlarni belgilash tahlilning maqsadini tashkil etadi. Bu maqsadga erishishda, iqtisodiy tahlilning vazifalari bo’lib quyidagilar hisoblanadi:
1. Debitorlik va kreditorlik qarzlarining yuzaga chiqish sabablarini o’rganish;
2. Xo’jalik yurituvchi sub’ektning debitorlik va kreditorlik qarzlarining holatiga baho berish;
3. Debitorlik va kreditorlik qarzlarining vujudga kelish muddatlari bo’yicha o’rganish;
4. Debitorlik va kreditorlik qarzlarining tarkibiy tuzilishi bo’yicha dinamik o’zgarishlariga baho berish;
5. Debitorlik va kreditorlik qarzlarining aylanish davrlarini omilli tahlil etish;
6. Mavjud imkoniyatlar yuzasidan xulosa va takliflar tayyorlash…
Xo’jalik yurituvchi sub’ektlarning debitorlik va kreditorlik qarzlari tahlilida axborot manbalari bo’lib, “Buxgalteriya balansi”, “Debitorlik va kreditorlik qarzlari to’g’risida”gi ma’lumotnoma va boshqa shu kabi hujjatlar hisoblanadi.