Taqqoslash usuli va uning qo’llanishi.
Taqqoslash usuli - iqtisodiy tahlilda ko’p qo’llaniladigan usul sifatida ijtimoiy-iqtisodiy jarayonni ma’lum ko’rsatkichlar bilan solishtirish yo’li bilan tahlil etadi. Masalan, hisobot yil ma’lumotlari biznes reja, o’tgan yillar, eng ilg’or va o’rtacha korxonalarning xuddi Shunday ko’rsatkichlari bilan taqqoslanadi, tegishli xulosalar chiqariladi.
Taqqoslash - inson atrof-muhitni anglay boshlagan usullardan biri bo’lib, undan doimo foydalaniladi. Uning muhimligi quyidagi naqlda ham qayd qilinadi: «Barcha narsa qiyoslashda anglanadi». Bu usul iqtisodiy hodisalar tadqiqida ham keng tarqaldi: baholash uchun qo’llaniladigan har bir ko’rsatkich, har bir raqam, nazorat va prognoz xuddi Shunday boshqalar bilan taqqoslashdagina ahamiyatlidir.
Taqqoslash mohiyati — turdosh ob’ektlarni o’rtasidagi o’xshashlik yoki farqlarni aniqlash maqsadida qiyoslashdir. Ular yordamida umumiy va xususiy iqtisodiy hodisalarni taqqoslash bajariladi, o’rganilayotgan ob’ektlar darajasida o’zgarishlar, tendensiyalar va ularning rivojlanishi qonuniyatlari, ularning o’rtasidagi sabab-oqibat aloqalari o’rnatiladi.
Texnologik taqqoslash bir nechta bosqichdan iborat: taqqoslanadigan ob’ektlarni tanlash, taqqoslash shaklini tanlash (dinamik, makoniy va b.), taqqoslash bazasini tanlash (o’tgan davr, hisobot davr rejasi, etalon korxona va b.), ob’ektlarni qiyoslash amalga oshiriladigan ko’rsatkichlar sonini tanlash, taqqoslash shkalasini tanlash.
Iqtisodiy tahlilda qiyosiy tahlilning quyidagi shakllari farqlanadi: gorizontal va vertikal, dinamik va statik, bir o’lchovli va ko’p o’lchovli.
Gorizontal qiyosiy tahlil o’rganilayotgan ko’rsatkichlarning haqiqatdagi darajasini bazaviydan (reja, o’tgan davr, o’rtacha daraja, fan va ilg’or tajriba yutuqlari) absolyut va nisbiy og’ishlarini aniqlash uchun foydalaniladi.
Vertikal qiyosiy tahlil yordamida iqtisodiy hodisalarning strukturasi va jarayonlarning qismlari hamda umumiy solishtirma salmog’ini hisoblash yo’li bilan (o’z kapitalining umumiy kapitaldagi solishtirma salmog’i), butun va qism nisbatlari (masalan, o’z va qarz kapitali, asosiy va aylanma kapital), Shuningdek, omillarning natijaviy ko’rsatkichlarning darajasiga ta’sirini mutanosib omilning oldingi va keyingi o’zgarishlari miqdorlariga taqqoslash yo’li bilan o’rganiladi.
Faqatgina iqtisodiy tahlilda taqqoslash usulini qo’llashdan oldin tahlilchi quyidagi talablarga amal qilinganligiga e’tibor qaratish zarur:
1. Taqqoslab o’rganilayotgan ko’rsatkichlarning aniqlanish usuli aynan bir xil bo’lganligiga ishonch hosil qilishi zarur;
2. Taqqoslab o’rganilayotgan ko’rsatkichlarning bir xil bahoda hisoblanganligiga ishonch hosil qilishi kerak;
3. Taqqoslab o’rganilayotgan xo’jalik sub’ektlarining hajmi bir-biriga mos bo’lishini o’rganish zarur va h.k..
Do'stlaringiz bilan baham: |