Moliyaviy tahlil fanining predmeti, obyekti, maqsadi, vazifalari, prinsiplari
Raqobatdosh iqtisodiyot xo‘jalik yurituvchi subyektlar boshqaruvini tubdan takomillashtirish, uning sifat jihatidan yangi tuzilmasini shakllantirish va samaradorlikni o‘z-o‘zidan ta’minlaydigan mexanizm emas. Birinchi navbatda, ishlab chiqarishga yangi texnika va texnologiyalarni joriy etish, innovatsion mahsulotlarni yaratish orqali raqobatdoshlikni ta’minlash, tarkibiy o‘zgarishlarni talab etadi.
Bu jarayonlar albatta ishdagi unum va samarani, natijaviylikdagi ijobiylikni ta’minlashning muhim garovi hisoblanadi. Ishdagi unum va samara, natijaviylikda ijobiy o‘zgarishlar xo‘jalik yurituvchi subyektlarning faoliyatini keng qamrovli va tizimli shaklda doimiy o‘rganishni, baholash va tahlil qilishni talab etadi. Xo‘jalik yurituvchi subyektlar faoliyati, uni yo‘lga qo‘yishdagi kafolatlangan erkinliklari hamda ma’lum bir dastaklar asosida tartiblanuvchi birliklari doimo tahliliy yechimlar asosida boshqarib boriladi.
Xuddi shu boshqaruv oddiydan murakkabga, maydadan yirikka, sabab-oqibat bog‘lanishlaridagi iqtisodiy, moliyaviy tahlilni yo‘lga qo‘yishni talab etadi. Har bitta fan obyektiv zaruriyat tufayli paydo bo‘lishi va oldiga qo‘yilgan vazifalarni hal etishi, moddiy va nomoddiy olamdagi savollarning aniq yechimini berishi, hayot va uni go‘zalligini ta’minlashning muhim vositasiga aylanishida tobora rivojlanib borishini hisobga oladigan bo‘lsak, iqtisodiy, moliyaviy tahlil fanining ham tashkil topganiga bir necha asrdan oshganligini qayd etish lozim.
Fan shakllanishining ilk ko‘rinishlari qadimgi davrlarga borib taqaladi. Jumladan uning ilk manbalari Konfutsiylik ta’limotiga, Qadimgi Gretsiyadagi Ksenofot, Aristotel, Qadimgi Rimdagi Varroon, Sanekalar tomonidan yozib qoldirilgan manbalarga borib taqaladi. O‘rta asrlarda tahlilga oid manbalarni iqtisodiy nazariya fanining tarkibida makro va mikro iqtisodiy tahlil yechimlaridan foydalanilganligini ko‘rish mumkin (Antuan Monkret, U.Petti, D.Rikardo, A.Smit, S.Sismondi va boshqalar).
Zamonaviy iqtisodiy tahlil fanining vujudga kelishini va rivojlanishini olimlar ko‘pincha buxgalteriya hisobi, nazorat, audit fanlarining vujudga kelishi va rivojlanishi bilan bog‘lashadi. Fanning rivojlanishida xorijlik olimlardan: I.Arinushkin, M.I.Bakanov, L.E.Basovskiy, D.Bliss, B.Barngolts, M.A.Baxrushina, V.V.Bocharov, S.Yu.Buevich, O.N.Volkov, R.Ya.Veytsman, N.V.Voytolovskiy, N.R.Veytsman, L.T.Gilyarovskaya, A.I.Gingzburg, P.Gerstnera, L.V.Dontsova, D.A.Endovitskiy, O.V.Efimova, B.T.Jarilgasov, I.I.Karakoz, V.E.Kerimov, V.V.Kovalev, L.I.Kravchenko, V.G.Kogdenko, A.Ya.Lokshin, N.P.Lyubushin, E.I.Maydanchik, A.Sh.Margulis, M.V.Melnik, A.I.Muravev, E.V.Negashev, N.A.Nikiforova, A.Yu.Petrov, V.I.Petrova, G.V.Savitskaya, S.K.Tatur, V.I.Sambrovskiy, A.I.Sumtsova, A.Ya.Usachev, I.Sher, A.E.Xorin, P.N.Xudyakov, A.D.Sheremet, I.A.Sholomovich, O‘zbekistonlik olimlardan N.A.Xan, S.X.Abdulyatipov, I.T.Abdukarimov, Yo.Abdullayev, A.T.Ibragimov, A.V.Vaxobov, M.Q.Pardayev, M.Yu.Raximov, A.Usanov, N.F.Ishonqulov, B.J.Xakimov, A.A.Abdug‘aniyev, U.A.Nurmanov, G.A.Ibragimov, U.Q.Yaqubov, Z.A.Sagdillayeva, T.Sh.Shog‘iyasov, S.Shoalimov, B.Isroilov, Yu.S.Sattarov, R.Ko‘chqorov, D.Q.Qudbiyev, I.O.Voljin, V.V.Ergashbayev, Z.N.Qurbonov va Sh.U.Xaydarovlarning hissalari kattadir. Tahlil fanining rivojlanishida ayniqsa Toshkent va Samarqand maktabi vakillarining hissasi alohida e’tirof etiladi.
Tahlil fanining predmeti – turli mulkchilik shaklidagi xo‘jalik yurituvchi subyektlarning moliyaviy-xo‘jalik faoliyatini, uning samaradorligi va natijaviyligini ko‘rsatkichlar tizimida, uzviylik va aloqadorlikda, omillarga bog‘liq ravishda turli axborot manbalaridan foydalangan holda davriy o‘rganishga aytiladi.
Moliyaviy-xo‘jalik faoliyati:
- ishlab chiqarilgan va sotilgan mahsulot (ish, xizmatlar) hajmining, quvvatlardan foydalanish darajasining, resurslar naqdligi va ulardan samarali foydalanishni, xodimlarning tarkibi va mehnat unumining, mahsulot tannarxining, foyda hajmi va rentabellik darajasining, moliyaviy holatning murakkab tuzilmasidir;
- tashkil topishdan likvidlik jarayonigacha bo‘lgan davrda korxonani iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirishning resurslar bazasini shakllantirish va ulardan foydalanishning maqsadga yo‘naltirilgan faoliyatidir;
- xo‘jalik yurituvchi subyekt nazorat qilib turadigan iqtisodiy resurslar, uning moliyaviy tuzilmasi, likvidligi, to‘lovga qobiliyati, ishlayotgan muhit o‘zgarishlariga munosabat bildira olishidagi keng qamrovli faoliyatdir.
Moliyaviy-xo‘jalik faoliyatining tahlili – xo‘jalik yurituvchi subyektning kelgusida pul mablag‘larini va ularning ekvivalentini ko‘paytirish imkoniyatini, moliyaviy majburiyatlarni o‘z vaqtida to‘lay olishi, kreditlarga bo‘lgan ehtiyojni, daromadlar bilan pul oqimlarini oqilona taqsimlashni, iqtisodiy resurslardagi potensial o‘zgarishlarni baholashni, shuningdek xo‘jalik yurituvchi subyekt keyinchalik o‘zining moliyaviy ahvolini qanchalik muvaffaqiyat bilan yaxshilay olishini baholashning muhim usulidir.
Moliyaviy-xo‘jalik faoliyatini tahlil etishning asosiy maqsadi – xo‘jalik subyektining muhim (axborot beruvchi) ko‘rsatkichlari orqali faoliyat natijaviyligiga, foyda va zararlarga, pul mablag‘lari oqimiga va moliyaviy holatiga obyektiv baho berish, yo‘l qo‘yilgan xato, kamchiliklarni aniqlash va ularni bartaraf etish orqali uni kelgusida yanada yaxshilash choralarini ko‘rishdan iborat.
Moliyaviy-xo‘jalik faoliyatni tahlil etishda faoliyat samaradorligi va natijaviyligiga ta’sir etuvchi omillarga alohida ahamiyat qaratiladi. Ularni obyektiv va subyektiv omillarga tarkiblash mumkin. Subyektiv (ichki) omillar deyilganda korxonalarning amaliy faoliyati bevosita bog‘liqlikda yuqori samaradorlikka va natijaviylikka erishish mumkin bo‘lgan omillar kiradi. Bunday ta’sir birliklariga mehnatni to‘g‘ri tashkil etish, rag‘batlantirish, moddiy resurslardan tejab foydalanish, xarajatlarni iqtisod qilish, quvvatlardan foydalanish, to‘lovlar intizomiga rioya qilishning o‘ziga bog‘liq bo‘lgan jihatlari kiradi.
Obyektiv (tashqi) omillar deyilganda, korxona faoliyatiga mutlaqo bog‘liq bo‘lmagan omillar tushuniladi, ya’ni davlat siyosatining o‘zgarib turishi, bozordagi talab-taklifning o‘zgarishi, inflyatsiya va hokazo jihatlar. Axborot manbalardan foydalangan holda o‘rganish deganda moliyaviy-xo‘jalik faoliyatining aniq o‘lchangan, jamlangan, umumlashtirilgan hisobot holiga keltirilgan axborotlardan, shuningdek hisobdan tashqari (rejalar, normalar va h.k.) turli manbalardan foydalangan holda o‘rganish tushuniladi.
Davriy o‘rganish deganda uni axborot manbalarining tahliliyligida operativ, joriy va istiqbolli o‘rganishning zaruriyati nazarda tutiladi. Fanning predmeti bilan bir qatorda uning obyektiga ham alohida ahamiyat qaratiladi. Tahlil fanining obyekti turli mulkchilik shaklidagi xo‘jalik yurituvchi subyektlar va ularning tarkibiy bo‘g‘inlari (bo‘lim, sex, brigadalar) faoliyati, iqtisodiy natijalari, mulkiy-moliyaviy holati, ishlab chiqarish, ta’minot, sotish, moliyaviy faoliyati hisoblanadi. tahlili – xo‘jalik yurituvchi subyektning kelgusida pul mablag‘larini va ularning ekvivalentini ko‘paytirish imkoniyatini, moliyaviy majburiyatlarni o‘z vaqtida to‘lay olishi, kreditlarga bo‘lgan ehtiyojni, daromadlar bilan pul oqimlarini oqilona taqsimlashni, iqtisodiy resurslardagi potensial o‘zgarishlarni baholashni, shuningdek xo‘jalik yurituvchi subyekt keyinchalik o‘zining moliyaviy ahvolini qanchalik muvaffaqiyat bilan yaxshilay olishini baholashning muhim usulidir.
Korxonaning moliyaviy holati iqtisodiy kategoriya sifatida xo‘jalik subyektining o‘z faoliyatini yuritish, rivojlantirish va o‘z-o‘zini moliyalashtirish imkoniyatlari yuzasidan kapitalning holatini ifodalaydi. Ya’ni xo‘jalik subyektining moliyaviy resurslar bilan ta’minlanish darajasini, ularning maqsadli joylashtirilishi va samarali foydalanish darajasini, boshqa huquqiy va jismoniy shaxslar bilan bo‘ladigan moliyaviy munosabatlarni, to‘lovga qobillik va moliyaviy barqarorlik holatini tavsiflashni ifodalaydi.
Moliyaviy tahlil etish orqali xo‘jalik subyektining samarali faoliyatini yo‘lga qo‘yish va uni o‘stirish imkoniyatlarini baholashda, korxona ishlab chiqarish, tijorat va moliya faoliyatidan moliyaviy resurslarning kirimiga va ulardan moliyaviy holatni o‘stirishda foydalanish darajalariga, moliyaviy natijalarni kutilishini prognozlash va iqtisodiy rentabellikni xo‘jalik faoliyatining real imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda oshirishning yo‘llarini belgilashga, moliyaviy resurslardan yanada samarali foydalanishning chora-tadbirlarini belgilashga ahamiyat qaratiladi.
Moliyaviy raqobatdoshlikka va to‘g‘ri moliyaviy siyosatni yuritishga korxona foydasini maksimallashtirish, kapital tarkibini optimallashtirish va uning moliyaviy barqarorligini ta’minlash, mulkdorlar (qatnashchilar, ta’sischilar), investorlar va kreditorlar uchun moliyaviy holatning jozibadorligini oshirish, korxona boshqaruvi yuzasidan samarali mexanizmni shakllantirish, shuningdek, moliyaviy resurslarni jalb etishda bozor mexanizmining barcha imkoniyatlaridan foydalanish orqali erishish mumkin.
Moliyaviy tahlil oldiga qo‘yiladigan asosiy vazifalar:
- xo‘jalik yurituvchi subyektlarning yaqin va uzoq davriylikdagi reja, prognoz ko‘rsatkichlarini (ilmiy, iqtisodiy jihatdan) asoslash;
- reja va prognoz ko‘rsatkichlarining bajarilishiga, natijaga erishish yuzasidan ularning ta’sirchanligiga baho berish;
- xo‘jalik yurituvchi subyekt nazorat qilib turadigan iqtisodiy resurslarga, ularning samaradorligiga baho berish;
- faoliyatning iqtisodiy ko‘rsatkichlariga, erishilgan natijalariga baho berish; - xo‘jalik yurituvchi subyektning pul mablag‘larini ko‘paytirish, ularning ko‘payish vaqtini hisob-kitob qilish va natijaga erishishga umid qilishdagi qobiliyatini baholash;
- xo‘jalik yurituvchi subyektning likvidligi, to‘lovga qobiliyati, ishlayotgan muhit o‘zgarishlariga munosabat bildira olishini moliyaviy holatga ta’sirini baholash. - iqtisodiy natijaviylikni o‘stirish, faoliyatning tijorat hisobdorligi, daromadlarni orttirish va moliyaviy holatni yaxshilash yuzasidan ichki imkoniyatlarini aniqlash va ularni yo‘lga qo‘yish chora-tadbirlarini belgilash;
- belgilangan chora-tadbirlarni tizimli ravishda amalga oshirishdan iborat. Moliyaviy-xo‘jalik faoliyatini tahlil etishda fanning muhim prinsiplari sifatida quyidagilar tarkiblanadi. Mazkur tamoyillar mikro ko‘lamdagi tahlilning barcha turlariga xosdir.
Tahlil so‘zi grekcha “analyzis” so‘zini o‘zbek tilidagi tarjimasi bo‘lib, u “bo‘laman” yoki “ajrataman” degan ma’noni bildiradi. Demak, tahlil deganda, tor ma’noda butunni qismlarga (unsurlarga) ajratish, bo‘laklarga bo‘lish yo‘li bilan uning tarkibiy qismini o‘rganish tushiniladi.
“Tahlil” deganda o‘zi nimani tushunamiz?
Tahlil o‘zi nimani o‘rganadi yoki o‘rgatadi?
Tahlil bu fanmi yoki metodmi?
Bunday savollarni biz juda ko‘p uchratamiz. Shuni alohida ta’kidlash lozimki, real voqelikda yuz berayotgan hodisa va jarayonlarni o‘rganishda faqat tahlilni o‘zi yetarli bo‘lmaydi. Inson tafakkuriga mos keluvchi boshqa usullardan ham foydalanishga zaruriyat tug‘iladi. Shu jihatda tahlilga muqobillikda “sintez” usuli ham tarkiblanib, uning yordamida o‘rganilayotgan to‘plamning ayrim birliklari orasidagi aloqalar va o‘zaro bog‘liqliklari aniqlanadi.
“Sintez” atamasi ham grekcha “syntezis” so‘zidan olingan bo‘lib, “birlashtiraman”, “qo‘shaman” degan ma’noni bildiradi.
Shunday qilib, tahlil deganda, keng ma’noda butunni tarkibiy qismlarga ajratish va ularni barcha o‘zaro aloqalari hamda bog‘liqliklarini o‘rganishga asoslangan atrof-muhitdagi hodisa va predmetlarni bilish usuli tushiniladi. Ma’lumki, tahlil tushunchasi juda keng ma’noga ega bo‘lib, u turli soha va yo‘nalishlarda qo‘llaniladi.
Fan va amaliyotda tahlilni juda ko‘p turlarini uchratish mumkin: iqtisodiy, moliyaviy, ximiyaviy, fizik, matematik, statistik va h.k. Ular albatta bir-biridan o‘rganayotgan obyektlari, maqsadlari va o‘rganish uslublari bilan farq qiladi. Iqtisodiy jarayonlarni, ularning o‘zgarish tendensiyalarini, rivojlanishi va taraqqiyotini mavhum-mantiqiy tekshirish usullari orqaligina anglash mumkin. Bu borada mikroskoplardan, ximiyaviy reaktivlardan, o‘lchov vositalaridan foydalanib bo‘lmaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |