Ta = Tyb + Tk - Tyo.
Balans usuli o‘zaro bog‘liq va tenglangan iqtisodiy ko‘rsatkichlarning ikki guruhi proporsiyalari, nisbatini aks ettirish uchun xizmat qiladi. Bu usul buxgalterlik hisobi va rejalashtirish amaliyotida keng tarqalgan, lekin u iqtisodiy tahlilda ham muayyan ahamiyat kasb etadi, xususan, korxonaning mehnat, moliyaviy resurs, xomashyo, yonilg‘i, material, asosiy ishlab chiqarish vositalari va boshqalar bilan ta’minlanganligi tahlilida keng foydalaniladi. Misol uchun, korxonaning mehnat resurslari bilan ta’minlanganligi aniqlash maqsadida, mehnat resurslari bo‘yicha balans tuziladi. Unda, bir tomondan, mehnat resurslariga bo‘lgan ehtiyoj, boshqa tomondan – ularning haqiqatdagi mavjudligi ko‘rsatiladi. Mehnat resurslaridan foydalanish tahlilida ish vaqtining ehtimoliy fondi haqiqatdagi ishlangan soatlar miqdori bilan taqqoslanadi. Chorvaning ozuqa bilan ta’minlanganligini aniqlash uchun ozuqa balansi ishlab chiqiladi. Unda, bir tomondan, ozuqaga bo‘lgan rejaviy ehtiyoj ko‘rsatilsa, boshqa tomondan – uning haqiqatda mavjudligi ko‘rsatiladi. Korxonaning to‘lov qobiliyatini aniqlash uchun to‘lov balansi tuziladi, unda to‘lov mablag‘lari va to‘lov majburiyatlari o‘zaro taqqoslanadi.
Ba’zan balans usuli alohida omillarning natijaviy ko‘rsatkichining o‘sishiga ta’sir kattaliklarini aniqlash uchun qo‘llaniladi. Masalan, uch omilning ikkitasini ta’siri ma’lum bo‘lsa, u holda uchinchisi ta’sirini natijaviy ko‘rsatkichning umumiy o‘sishidan dastlabki ikki omillarning ta’siri natijasini chiqarib tashlab aniqlash mumkin.
Iqtisodiy tahlilda grafik usuldan foydalanish
Grafiklar ko‘rsatkichlar va sonlarning geometrik belgilar (chiziqlar, to‘g‘ri burchaklar, aylanalar) yoki shartli-badiiy figuralar yordamida masshtabli tasvirini o‘zida aks ettiradi. Ular katta illustrativ ahamiyatga ega. Ular vositasida o‘rganilayotgan material yanada tushunarli bo‘ladi. Tahlilda grafiklarning analitik ahamiyati katta. Jadval materialidan farqli ravishda grafik o‘rganilayotgan hodisaning holati yoki rivojlanishiga oid umumlashma tasvir beradi. Bu bilan raqamli axborot vositasida mavjud qonuniyatlarni ko‘rib qayd qilish imkoniyati mavjud bo‘ladi. Grafikda o‘rganilayotgan ko‘rsatkichlarning tendensiyalari va aloqa yanada ravshan kuzatiladi. Iqtisodiy tahlilda axborotlarni grafik shakliga keltirishda asosan diagrammalar qo‘llaniladi. O‘z shakli bo‘yicha ular ustunli, chiziqli, aylana, zanjirli, nuqtali, silindrik, konus, piramidali bo‘ladi. Mazmuniga ko‘ra diagrammalar taqqoslash, strukturali (sektorli), dinamik, aloqa grafigi, nazorat grafigi tarzida farqlanadi Taqqoslash diagrammalari turli obyektlarni qandaydir ko‘rsatkich bo‘yicha nisbatini ko‘rsatadi. Ko‘rsatkichlarni taqqoslash uchun yanada oddiy ko‘rgazmali grafiklarlardan, ustunli va chiziqli diagrammalardan foydalaniladi. Ularni tuzish uchun to‘g‘ri burchakli koordinat tizimlari qo‘llaniladi. Ustunli diagrammalarda abssissa o‘qlari barcha obyektlar uchun bir xil hajmda ustunlar asosiga joylashtiriladi. Konus, silindr yoki piramida ko‘rinishida ma’lumotlar markerlari diagrammalarga yanada yaxshi shakl beradi. Ba’zan taqqoslash diagrammalari kvadrat yoki aylana ko‘rinishida keltiriladi, ularning maydoni ko‘rsatkichlarning kattaligiga mutanosib taqsimlanadi. Strukturali (sektorli) diagrammalar ko‘rsatkichning umumiy kattaligida tarkibiy qismlarning solishtirma salmog‘ini ifodalashga imkon beradi. Ularda ko‘rsatkichning tasviri sektorlarga ajratilgan geometrik figuralar (kvadrat, aylana, halqa) ko‘rinishida beriladi, maydoni 100 yoki 1 deb olinadi. Kattalik sektori qismlar solishtirma og‘irligi bilan aniqlanadi. Halqali diagramma aylanaga o‘xshash, lekin undan farqli o‘laroq bitta emas, balki bir nechta ma’lumotlar qatorini aks ettirishi mumkin. Tahlilda bir vaqtda hodisalarning hajmi va ularning strukturasini aks ettirish uchun ustunli va chiziqli diagrammalar keng qo‘llaniladi. Dinamika diagrammalari mutanosib vaqt oralig‘ida hodisalarning o‘zgarishlarini aks ettirish uchun mo‘ljallangan. Ushbu maqsadda gistogrammalar, chiziqli, figurali va boshqa grafiklar qo‘llaniladi. Amaliyotda chiziqli grafiklar ko‘proq qo‘llaniladi. Dinamika ushbu grafikda jarayonning uzluksizligini tavsiflovchi chiziqlar ko‘rinishida keltiriladi. Abssissa o‘qlariga davrlar, ordinata o‘qlariga – qabul qilingan masshtabdan kelib chiqib mutanosib vaqt kesimida ko‘rsatkichlarning darajasi joylanadi. Chiziqli grafiklar (aloqa grafiklari) ham ko‘rsatkichlar o‘rtasidagi aloqalarni o‘rganishda juda keng qo‘llaniladi.
Nazorat grafiklari iqtisodiy tahlilda reja bajarilib borishiga oid ma’lumotlarni o‘rganishda keng qo‘llaniladi. Bu holatda grafikda ikki chiziq bo‘ladi: har bir kun yoki boshqa vaqt kesimi uchun ko‘rsatkichlarning rejaviy va haqiqatdagi darajasi, ular o‘zaro taqqoslandi. Zamonaviy kompyuter texnologiyalari ma’lumotlarni qayta ishlash jarayonida grafik tuzishni ancha osonlashtiradi va kontrast, masshtab, estetik jihatidan ularning sifatini oshiradi. Hozirgi vaqtda analitika vazifasi – ma’lumotlarni grafik taqdim etishning yanada qulay shakllarini tanlashdan iborat.
Do'stlaringiz bilan baham: |