4. Bojxona organlarining moliyaviy nazoratni amalga oshirishdagi roli.
Mamlakatimizda bojxona nazoratini tashkil etishda bojxona organlariga katta ma’suliyat yuklatilgan. O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi, Davlat bojxona qo‘mitasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri bo‘yicha boshqarmalari, ixtisoslashtirilgan bojxona komplekslari va bojxona postlari bojxona organlari hisoblanadi. O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi markaziy apparatining tuzilmasi mazkur apparat xodimlarining cheklangan soni bilan birga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi faoliyatining asosini O‘zbekiston Respublikasi Vazirlari Mahkamasining «O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi faoliyatini tashkil etish masalalari to‘g‘risida»gi 374-son qarori10 bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi to‘g‘risidagi Nizom” tashkil etadi.
Davlat bojxona qo‘mitasi organlarining tizimini DBQ markaziy apparati, DBQning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar boshqarmalari (DBQB), ixtisoslashtirilgan bojxona komplekslari (IBK) hamda bojxona komplekslari va bojxona postlari tashkil qiladi.
Mamlakatimizda Davlat bojxona organlarining asosiy vazifalari sifatida quyidagilar belgilangan:
yuridik va jismoniy shaxslarning huquqlari hamda qonun bilan muhofaza etiladigan manfaatlarini himoya qilish;
O‘zbekiston Respublikasining iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish va o‘z vakolati doirasida uning iqtisodiy xavfsizligini ta’minlash;
bojxona siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirishda ishtirok etish;
bojxona haqidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini nazorat qilish;
bojxona to‘lovlarini undirish;
bojxona nazoratidan o‘tkazilishi kerak bo‘lgan tovarlar va transport vositalari shunday nazoratdan o‘tkazilishini ta’minlash;
bojxona haqidagi qonun hujjatlari buzilishining, shu jumladan kontrabandaning oldini olish, uni aniqlash va ularga chek qo‘yish;
tashqi iqtisodiy faoliyatga doir bojxona statistikasini hamda tovar nomenklaturasini yuritish;
O‘zbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalarining bojxona ishiga oid qismidan kelib chiqadigan majburiyatlar bajarilishini ta’minlash.
Davlat bojxona organlari o‘z zimmalariga yuklatilgan vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni bajaradi:
yagona bojxona siyosati amalga oshirilishining huquqiy, iqtisodiy va tashkiliy mexanizmalarini ishlab chiqadi, ularning amalda qo‘llanilishini ta’minlaydi, bojxona ishi sohasida qonun hujjatlari va normativ hujjatlar loyihalari tayyorlanishida qatnashadi;
O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari ishlab chiqilishida qatnashish, belgilangan tartibda va o‘z vakolatlari doirasida bojxona masalalari bo‘yicha xalqaro bitimlar va shartnomalar tuzadi;
respublikaning bojxona hududida davlat xavfsizligini, jamoat tartibi, inson hayoti va salomatligi himoya qilinishi, hayvonlar va o‘simliklar muhofaza qilinishi, atrof-muhit muhofazasi bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshirilishiga ko‘maklashadi;
belgilangan tartibda bojxona nazorati amalga oshirilishini ta’minlaydi va uning shakllarini takomillashtiradi;
bojxona qonunchiligiga va o‘z vakolatlari doirasida-soliq qonunchiligiga rioya etilishi ustidan nazoratni takomillashtirishga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqadi va qabul qiladi;
bojxona tartibga solish vositalari qo‘llanilishini ta’minlaydi, bojxona - tarif mexanizmi ham shu jumlaga kiradi, tashqi iqtisodiy faoliyatni tarifli tartibga solish usullari, kvotalash normalari, litsenziyalash va deklaratsiya taqdim etish ishlab chiqilishi va amalga oshirilishida belgilangan tartibda qatnashadi;
boj poshlinalari, soliqlar va boshqa to‘lovlar davlat byudjetiga o‘z vaqtida va to‘liq o‘tkazilishini ta’minlaydi;
o‘z vakolatlari doirasida valyuta nazoratini amalga oshiradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |