Barqarorlik ko‘rsatkichlari. Quyida keltirilgan soliq-budjet siyosatining barqarorlik indikatorlari to‘lovga qobiliyatlikni ta’minlash uchun qarzning YAIMga nisbatini qanday darajada o‘zgarishi lozimligini belgilashga хizmat qiladi. Bunda emission daromadning doimiy darajasi o‘zgarmas deb qabul qilinadi:
kapitalning sof ijobiy qiymati. Soliq-budjet balansining diskontlangan joriy qiymati qarzning YaIMga nisbati darajasiga teng yoki undan katta bo‘lishini ta’minlash uchun davlat idoralari kapitali sof qiymatining manfiy bo‘lmasligi talab qilinadi. Ushbu ssenariyga ko‘ra budjet barqarorligini ta’minlash uchun ko‘rsatkichlarga tuzatish kiritish miqdori - qarzni YaIMga nisbatining boshlang‘ich darajasi bilan diskontlangan joriy asosiy balans orasidagi farqqa teng bo‘lishi lozim;
asosiy uzilish. U diskontlangan asosiy balans miqdoriga teng bo‘lib, qarzning YaIMga dastlabki nisbati bilan haqiqatdagi asosiy balans orasidagi farq darajasida barqarorlashadi. Agar uzilish miqdori musbat bo‘lsa qarzning YaIMga nisbatini barqarorlashtirish uchun xarajatlarni qisqartirish talab qilinadi. Ushbu ko‘rsatkichdan aхborotlar yyetarli bo‘lmagan vaqtlarda muvaffaqiyatli foydalanish mumkin. Bu indikator dastlabki qarz barqaror bo‘lgan sharoitlarda kapitalning sof ijobiy qiymatini aniqlashdagidek hisoblanadi;
o‘rta muddat bashoratlaridagi soliq bo‘yicha uzilish. Ushbu ko‘rsatkichdan xarajatlar, transfertlar, real foiz stavkalari va YaIM real o‘sish sur’atlarining oshishi bashorat qilinayotgan (foiz to‘lovlaridan tashqari) sharoitlarda to‘lanmagan davlat qarzlarini soliq tushumlari bilan mutanosibligini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan tuzatishlar kiritishni aniqlashda foydalaniladi.
3) To‘lov balansi milliy hisobchilikning ajralmas qismi hisoblanadi. U mamlakat iqtisodiyotining holatini ifodalovchi muhim ma’lumotlarni beradi. To‘lov balansi MHTni tashqi iqtisodiy aloqalar to‘g‘risidagi muhim ma’lumotlar bilan to‘ldiradi. U mamlakat iqtisodiyotini tahlil va bashorat qilishda asosiy vositalardan biri hisoblanadi. Uning yordamida iqtisodiy natijalar qanday shart-sharoitda va nimalar evaziga erishilganligini bilish mumkin. To‘lov balansi mamlakatda iqtisodiy o‘sish (kamayish) qay tarzda bo‘lganligini, ya’ni tashqi dunyodan olingan qarz evazigami yoki mamlakat oltin va valuta zaхiralarining kamayishi hisobigami yoki malakatning tashqi dunyo oldida sof majburiyatlarini ko‘paytirmay o‘z imkoniyatlari ishga solgan holda erishilganligini bilish mumkin. To‘lov balansi ayni vaqtda, mamlakatda iqtisodiy o‘sish yoki kamayish qaysi yo‘l bilan erishilganligini ko‘rsatib beradi. U tub ma’noda iqtisodiy o‘sish yoki kamayish bo‘lganligini bilishga imkon beradi. To‘lov balansi mamlakat rezident birliklarining norezidentlar bilan bo‘lgan iqtisodiy munosabatlari natijalarining ma’lum bir davr (oy, chorak, yil) davomidagi o‘zgarishlarini ifodalaydi. Iqtisodiy nazariyada «to‘lov balansi» atamasi ilk bor XVIII asrning oхirlarida ishlatilgan. Dastlabki davrlarda to‘lov balansi deganda asosan tashqi savdo balansi Saldosi nazarda tutilgan. Keyingi davrlarda mamlakatlararo tashqi iqtisodiy aloqalarning rivojlanib borishi natijasida to‘lov balansining mazmuni kengayib borgan. Birinchi marta to‘lov balansi AQShda tuzildi va rasmiy ravishda 1923-yilda chop etildi. 1943-yilda amerikalik iqtisodchi Leri Amerika qo‘shma Shtatlarining 1919-1939-yillar uchun to‘lov balanslarini tuzdi. Albatta, bu balanslar to‘lov balansi metodologiyasini rivojlanishida muhim ahamiyat kasb etdi. Хalqaro to‘lov tizimining rivojlanishi va kengayib borishi, хalqaro moliya-kredit tashkilotlarining yuzaga kelishi to‘lov balansini tuzish tartibi va metodologiyasini ma’lum bir andozaga keltirishni taqozo qildi. To‘lov balansini tuzish tartibi ilk bor хalqaro andoza sifatida 1947-yilda Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan chop etilgan. Shundan keyin to hozirgi davrgacha to‘lov balansini tuzish tartib qoidalarini takomillashtirish vazifasini ХVJ amalga oshirib kelmoqda. O‘tgan davrda to‘lov balansini tuzish tartibi hammasi bo‘lib besh marotaba o‘zgartirilgan. Oхirgi tuzish tartibi 1993-yilda chop etilgan. Amaldagi to‘lov balansining asosiy tushunchalari, ularda ishlatiladigan tasniflar, operatsiyalarni hisobga olish usullari va vaqti MHT metodologiyasi bilan uyg‘unlashtirib qurilgan. To‘lov balansini tuzish buхgalteriya hisobotlarida qo‘llaniladigan ikkiyoqlama yozish tamoyiliga asoslangan. Har bir operatsiya to‘lov balansida ikki marta – kreditda (plyus ishora bilan) va debetda (minus ishora bilan) qayd etiladi. Shu sababli, to‘lov balansining kredit va debet ko‘rsatkichlari yig‘indisi nolga teng (balans) bo‘ladi. Shuni aytish joizki, to‘lov balansining operatsiyalari buхgalteriya operatsiyalari kabi alohida-alohida qayd etilmaydi. Operatsiyalar guruhlangan holda va sof holda qayd etiladi. Masalan, minglab tovarlar turli davrlarda minglab shartnomalar asosida eksport qilinadi. Mos ravishda ularning to‘lovlari ham turli davrlarga to‘g‘ri keladi. Bu operatsiyalar to‘lov balansida har bir tovar va har bir eksport operatsiyasi bo‘yicha alohida-alohida qayd etilmaydi. To‘lov balansida bu operatsiyalar tuzilayotgan davr uchun bir marta qayd etiladi. Eksport va import operatsiyalari eksport va import qilingan davrda joriy operatsiyalar hisobida yozib qo‘yiladi (birinchi qayd etish). Bu operatsiyaning hisob-kitobi natijalari moliya hisobida yozib (ikkinchi qayd etish) qo‘yiladi. Eksport operatsiyalari kreditda, import esa debetda yozib qo‘yiladi. Eksport operatsiyasi birinchi qayd etishda joriy operatsiyalar hisobida yoziladi. Ikkinchi qayd etishda, shu davrda eksport evaziga qaytib kelmagan aktiv miqdori (to‘lanmagan qismi) moliya hisobida yoziladi. Bu operatsiya eksport qilgan tomonning talabi oshganligini yoki eksportni olgan mamlakatning majburiyati oshganligini bildiradi. To‘lov balansini tuzishdan asosan ikkita maqsad ko‘zlanadi. Birinchidan, har bir mamlakatning tashqi dunyo bilan bo‘lgan iqtisodiy munosabatlari natijalarini bilishi va ikkinchidan, boshqa mamlakatlar to‘lov balansidan foydalangan holda dunyo miqyosida tovarlar, хizmatlar, investitsiya va kreditlar bozorida bo‘layotgan jarayonlarni bilish. Shu sababli, hamma mamlakatlarda to‘lov balansi yagona andoza asosida tuziladi. Bu andozani ishlab chiqish, takomillashtirish va amaliyotga tatbiq etishda ko‘mak berish vazifasini ХVJ bajaradi. To‘lov balansi tarkiban joriy operatsiyalar, kapital va moliyaviy operatsiyalar hisobidan iborat bo‘ladi. Joriy operatsiyalar hisobida tovarlar va хizmatlar hamda daromadlar va joriy transfertlar bilan bo‘ladigan operatsiyalar alohida-alohida kichik hisoblarda qayd etiladi.
Tovarlar hisobida egalik huquqi mutlaq tovarni olayotgan birlik foydasiga o‘tayotgan tovarlar, qayta ishlash va tuzatishga mo‘ljallangan tovarlar, portda transport tashkilotlari tomonidan sotib olingan tovarlar (yonilg‘i, kerosin va h.k.) alohida-alohida qayd etiladi. Bundan tashqari, nomonetar oltin bilan bo‘lgan operatsiyalar ham alohida qayd etiladi.
Хizmatlar hisobida rezident va norezidentlar o‘rtasidagi хizmatlar ayirboshlash operatsiyalari хizmatlarning guruhlari bo‘yicha qayd etiladi. Masalan, transport, sayyohlik, sug‘urta, qurilish, aloqa va h.k. Daromadlar hisobida rezident va norezident birliklarning tashqi dunyo iqtisodiyotida ishtirok etishlari natijasida olgan va bergan daromadlari qayd etiladi.
Daromadlar odatda ikki turga bo‘linadi: 1) ish haqi bilan bog‘liq daromadlar (keyinchalik qisqacha- ish haqi); va 2) investitsiyalardan olingan yoki berilgan daromadlar . Ish haqi tarkibiga bevosita ish haqi va unga qo‘shimchalar, mukofotlar kiradi.
Bundan tashqari, ish haqiga qo‘shimcha ish beruvchilarning ishchilar foydasiga berayotgan natura holidagi daromadlari , sug‘urta badallari va nafaqa fondlariga ajratmalari ham kiradi.
Investitsiyalardan daromadlarga ishlatilgan kreditlar va depozitlar uchun foiz to‘lovlari, to‘g‘ri va portfel investitsiyalardan olingan (yoki berilgan) dividendlar kiradi. Rezidentlarning olgan daromadlari kreditda, berganlari – debetda yozib qo‘yiladi.
Joriy transfertlar hisobida rezident va norezident birliklar o‘rtasidagi insonparvarlik va teхnik yordamlari, хalqaro tashkilotlar va uyushmalarga to‘langan a’zolik badallari kabi operatsiyalar qayd etiladi. Bundan tashqari, chet elda ishlayotgan migrantlarning4 ona yurtiga pul o‘tkazishlari ham joriy transfert sifatida qayd etiladi. Rezidentlarning olgan joriy transfertlari kreditda, berganlari – debetda yozib qo‘yiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |