2. G’aznachilik faoliyatining me’yoriy-huquqiy asoslari
Bu borada dastlab O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Davlat moliyasini boshqarishni isloh qilish loyihasini amalga oshirishga tayyorlanish chora-tadbirlari to’g’risida”gi 2002 yil 26 aprelda 144-son Qarori qabul qilindi. Mazkur loyihaning maqsadi davlat moliyasini boshqarishni takomillashtirish, zamonaviy kompyuterlar va axborot texnologiyalaridan foydalangan holda byudjet mablag’larining samarali sarflanishini ta’minlash, byudjet ijrosining yangi tizimini yaratishdan iboratdir. Ko’rsatib o’tilgan loyihani amalga oshirish yuzasidan mas’uliyat O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga yuklatildi.
Davlat byudjetining g’azna ijrosiga o’tishdagi muhim qadamlardan biri “Davlat byudjetining g’azna ijrosi to’g’risida”gi Qonunining qabul qilinishi bo’ldi. Ushbu Qonunning maqsadi O’zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining (shu jumladan davlat maqsadli jamg’armalarining) va byudjet tashkilotlari byudjetdan tashqari mablag’larining g’azna ijrosi sohasidagi munosabatlarini tartibga solishdan iborat. “Davlat byudjetining g’azna ijrosi to’g’risida”gi Qonunning qabul qilinishi o’z navbatida byudjetdan mablag’ oluvchilar bilan ularga tovar(xizmat, ish)larni etkazib beruvchilar o’rtasidagi shartnomalarni ro’yxatdan o’tkazish hamda ularning xarajatlarini to’lab berishga qaratilgan byudjet mablag’larining harakatini nazorat qilish tartibini aniqlash va belgilashni taqozo etadi. Shu maqsadda O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining 63-son (05.05.2005) buyrug’i bilan tasdiqlangan va O’zbekiston Respublikasi Adliya Vazirligi tomonidan 1475-raqam (21.05.2005) bilan ro’yxatga olingan “Moliya organlarida byudjetdan mablag’ oluvchilar bilan tovar (ishlar, xizmatlar) etkazib beruvchilar o’rtasidagi shartnomalarni ro’yxatdan o’tkazish va ularning xarajatlari to’lovini nazorat qilish tartibi haqida Vaqtinchalik nizom” qabul qilindi. Ushbu Nizom tajriba tariqasida Samarqand viloyatida, shu jumladan respublika byudjetidan moliyalashtiriladigan ayrim byudjet tashkilotlarida byudjetdan mablag’ oluvchilar bilan mol etkazib beruvchilar o’rtasidagi shartnomalarni tegishli moliya organlarida ro’yxatdan o’tkazish va byudjet mablag’larini ularning xarajatlarini to’lashga o’tkazish ustida nazorat qilish tartibini belgilab berdi.
Davlat byudjetining g’azna ijrosini tadbiq etish hisobiga byudjet tizimini yanada isloh etish, zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalangan holda byudjet mablag’larining maqsadli sarflanishi ustidan nazoratni kuchaytirish, barcha darajalardagi byudjetlar daromadlari va xarajatlarini boshqarish samaradorligini oshirish maqsadida 2007 yil 28 fevralda “Davlat byudjeti g’azna ijrosi tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi O’zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-594 sonli Qarori qabul qilindi. Ushbu qarorga muvofiq O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Davlat byudjetining g’azna ijrosini tadbiq etish va uslubiyot boshqarmasi hamda mahalliy moliya organlarining g’aznachilik bo’linmalari negizida O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi G’aznachiligi va uning hududiy bo’linmalari tashkil etildi.
2007 yil 20 martda O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 53-sonli Qarori bilan “O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining G’aznachiligi to’g’risida Nizom” qabul qilindi. Mazkur Nizom “Davlat byudjeti g’azna ijrosi tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi PQ-594 sonli (27.02.2007) qaroriga muvofiq ishlab chiqildi hamda G’aznachilikning asosiy
vazifalari, funktsiyalari, vakolatlari va javobgarligini belgilab berdi. 2007 yil 30 avgustda O’zbekiston Respublikasi Moliya Vazirligining 119-sonli buyrug’i bilan “Davlat byudjeti g’azna ijrosi bo’yicha funktsiyalarini chegaralash to’g’risida Nizom” tasdiqlandi. Ushbu Nizom O’zbekiston Respublikasi respublika byudjeti, Qoraqalpog’iston Respublikasi byudjeti va mahalliy byudjetlarning g’azna ijrosini tashkil etish borasida O’zbekiston Respublikasi Moliya Vazirligi Markaziy apparati tarkibiy bo’linmalari (G’aznachilikdan tashqari) hamda hududiy moliya organlari zimmalaridagi funktsiyalar bilan O’zbekiston Respublikasi Moliya Vazirligi G’aznachiligi va uning hududiy bo’linmalari zimmalariga qo’yilgan funktsiyalarini chegaralab berdi. Bu esa byudjet siyosatini amalga oshirishga mutasaddi bo’lgan bir nechta davlat moliyasini boshqarish organlarining faoliyati bir-birini takrorlamasligini ta’minladi. Yana bir Qonun "Davlat xaridlari to'g'risida" 2018-yil 9-aprelda qabul qilindi. Ushbu Qonunning maqsadi davlat xaridlari sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat. Ma’lumki, 2000 yi 14 dekabrda “Byudjet tizimi to’g’risida”gi O’zbekiston Respublikasi Qonunining qabul qilinganidan beri o’tgan davr mobaynida byudjet amaliyotida bir qator o’zgarishlar sodir bo’ldi, ular:
- davlat byudjeti g’azna ijrosining joriy etilishi;
- bir qator davlat maqsadli jamg’armalari va boshqa nobyudjet fondlarining
tuzilishi va amal qilishi;
- byudjet tashkilotlarining byudjetdan tashqari qo’shimcha mablag’larni;
va boshqa holatlar bilan bog’liq bo’lib, byudjet qonunchiligini yanada takomillashtirish zarurligini taqozo etdi. Natijada amaldagi “Byudjet tizimi to’g’risida”gi hamda “Davlat byudjetining g’azna ijrosi to’g’risida”gi O’zbekiston Respublikasi Qonunlarida belgilangan normalar mukammal tarzda qayta ishlangan holda Byudjet Kodeksida o’z aksini topdi. Ushbu Kodeks O’zbekiston Respublikasining byudjet tizimi byudjetlarini shakllantirish, tuzish, ko’rib chiqish, qabul qilish, tasdiqlash, ijro etish, davlat tomonidan mablag’ jalb qilish va byudjet to’g’risidagi qonun hujjatlari ijrosini nazorat qilish sohasidagi munosabatlarni tartibga soladi. Byudjet kodeksining qabul qilinishi amaldagi Soliq kodeksi bilan birgalikda davlat moliyasining yagona birxillashtirilgan, xalqaro standartlarga mos bo’lgan qonunchilik bazasini shakllantirishga, byudjet sohasidagi huquqiy munosabatlarni tizimlashtirishga, shuningdek, byudjet jarayonining hamma bosqich va darajalarida yagona huquqiy normalar va yondashuvlar qo’llanilishini, mamlakat byudjet tizimining ochiq-oshkoraligini va barqarorligini ta’minlashga imkon beradi. Keyingi yillarda ham davlat byudjeti g’azna ijrosining me’yoriy-huquqiy asoslarini mustahkamlashga qaratilgan qator chora-tadbirlar amalga oshirildi. Bu borada O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirining 88-sonli (22.11.2016) buyrug’i bilan tasdiqlangan va O’zbekiston Respublikasi Adliya Vazirligi tomonidan 2850-son (22.12.2016) bilan ro’yxatga olingan “Byudjet tizimi byudjetlarining g’azna ijrosi qoidalari”ning qabul qilinishi muhim qadam bo’lib xizmat qildi. Mazkur “Qoidalar” O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi G’aznachiligi va uning hududiy bo’linmalari tomonidan respublika va hududiy g’azna hisobvaraqlarini qo’llash sharoitida respublika byudjeti, Qoraqalpog’iston Respublikasi byudjeti va mahalliy byudjetlarning g’azna ijrosini amalga oshirish tartibini belgilab berdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |