loyihaning texnik-iqtisodiy asoslanuvi (loyihaning TIA) ― XMI/XHMT ishtirokida, MFI/IPFO uslubiyotini ham hisobga olib tayyorlangan va loyihaning prognoz parametrlarini belgilab beruvchi loyiha oldi hujjati;
moliyaviy bitim ― loyihalarni amalga oshirish uchun moliyalashtirishni nazarda tutgan O‘zbekiston Respublikasi yoki O‘zbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan XMI/XHMT bilan imzolanayotgan, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Davlat kafolati ostida loyiha tashabbuskorlari tomonidan imzolanayotgan qarz bitimi, moliyalashtirish to‘g‘risidagi bitim, Istisnaa bitimi yoki va boshqa moliyaviy bitimlar;
Hukumat komissiyasi — O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 18-avgustdagi “Respublikada eksport va investitsiya salohiyatini yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-6042-son Farmoniga muvofiq tashkil etilgan Tashqi savdo, investitsiyalar, mahalliy sanoatni rivojlantirish va texnik jihatdan tartibga solish masalalari bo‘yicha Hukumat komissiyasi.
2-bob. XMI/XHMT bilan hamkorlik qilish strategiyalarini (dasturlarni) tayyorlash va yangi loyihalarni ishlab chiqish tartibi 4. Mazkur Nizomga 1-ilovada ko‘rsatilgan shakl bo‘yicha loyiha tashabbuskori har yili 1-fevralga qadar Xalqaro hamkorlik va rivojlanish agentligiga (keyingi o‘rinlarda — Agentlik) keyingi uch yilda amalga oshirish uchun taklif etilayotgan istiqbolli loyihalar ro‘yxatini hamda 11-ilovaga muvofiq ularning konsepsiyalari va maqsadli matritsalarini davlat va ingliz tillarida taqdim etadi.
Davlat tashqi qarzi hisobiga loyihalarni amalga oshirish 12-ilovaga muvofiq amalga oshiriladi.
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi va Agentlik XMI/XHMTga taqdim qilish uchun loyiha bo‘yicha boshqa ma’lumotlarni ham so‘rab olish huquqiga ega
5. Davlat tashqi qarzi hisobidan moliyalashtiriladigan har bir loyihaning loyihaoldi baholanishi o‘tkazilgandan so‘ng Agentlik ularni ustuvorlik jihatini inobatga olib, zarurat bo‘lganda, malakali konsultant va ekspertlarni jalb qilgan holda loyihaoldi baholab, investitsiya loyihalarini amalga oshirish ketma-ketligini shakllantiradi va har yili 1-martga qadar Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga loyihalarning yakuniy ro‘yxatini kelishish uchun taqdim etadi.
Loyihalar ro‘yxati ularning ijtimoiy-iqtisodiy va strategik ahamiyatidan hamda ishlab chiqarish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirishdan kelib chiqib shakllantiriladi.
6. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi har yili 1-aprelga qadar davlat tashqi qarzi hisobiga amalga oshirish uchun taklif etilayotgan va istiqbolli loyihalarning jamlanma ro‘yxatini shakllantiradi hamda uni loyihalar tashabbuskorlariga, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligiga kelishish uchun kiritadi.
Amalga oshirish uchun taklif etilayotgan va istiqbolli loyihalarning jamlanma ro‘yxati taqdim etilgan kundan boshlab bir hafta davomida ko‘rib chiqiladi.
7. Amalga oshirish uchun taklif etilayotgan va istiqbolli loyihalarning jamlanma ro‘yxati hamda unga kiritilgan o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar Tashqi savdo, investitsiyalar, mahalliy sanoatni rivojlantirish va texnik jihatdan tartibga solish masalalari bo‘yicha Hukumat komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi.
8. XMI/XHMT bilan hamkorlik strategiyalari (dasturlari) hamda XMI/XHMT tomonidan moliyalashtirish uchun taklif etilayotgan loyihalar ro‘yxati va moliyalashtirish shartlarining maqbulligini loyihalar tashabbuskorlari bilan kelishgan holda, XMI/XHMT tomonidan O‘zbekiston Respublikasiga ajratilayotgan qarz (kredit) mablag‘lari limitlari doirasida amalga oshirish uchun taklif etilayotgan va istiqbolli loyihalarning jamlanma ro‘yxatidan kelib chiqqan holda shakllantiriladi. Qarz (kredit) summasini Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan so‘ndirish nazarda tutilgan holatlarda, XMI/XHMT bilan hamkorlik qilish strategiyalari (dasturlari) O‘zbekiston Respublikasi moliya vazirligi bilan ham kelishiladi.
XMI/XHMT bilan hamkorlik qilish bo‘yicha shakllantirilgan strategiyalar (dasturlar) O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti bilan kelishiladi.
9. XMI/XHMT bilan hamkorlik qilish strategiyalari (dasturlari)ga kiritilgan loyihalar, ekspertiza va boshqa qo‘shimcha tartib-taomillar o‘tkazilmasdan majburiy tarzda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirish Davlat dasturiga kiritiladi.
10. XMI/XHMT bilan hamkorlik qilish strategiyalari (dasturlari)ga kiritilmagan loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha qarorlar Tashqi savdo, investitsiyalar, mahalliy sanoatni rivojlantirish va texnik jihatdan tartibga solish masalalari bo‘yicha Hukumat komissiyasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti bilan kelishgan holda amalga oshiriladi.
11. Tashabbuskor tomonidan XMI/XHMT ishtirokida yangi loyihalarni ishlab chiqish faqat Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi orqali amalga oshiriladi.
Loyihalar tashabbuskorlari XMI/XHMT ishtirokida yangi loyihalarni tayyorlashga oid bildirishlarni Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga o‘z vaqtida taqdim etish yuzasidan javob beradilar.