Mavzu 11. Moliya tizimi va moliyaviy siyosat
Reja.
Moliyaning mohiyati va vazifalari. Moliya tizimi.
Byudjet taqchilligi va davlat qarzlari.
Soliq tizimi va uning vazifalari.
O‘zbekistonda byudjet va soliq tizimini takomillashtirish masalalari.
Islomiy moliya tizimi.
1. Moliyaning mohiyati va vazifalari. Moliya tizimi
Har qanday mamlakat iqtisodiyotining barqaror rivojlanishi eng avvalo davlat, uning turli mintaqa va hududlari, iqtisodiyotning tarmoq va sohalari, ishlab chiqarish birliklari, aholi turli qatlamlari o‘rtasidagi pul mablag‘lari oqimining samarali tashkil etilishiga bog‘liq bo‘ladi. Bunday pul oqimlari jamiyat real hayoti jarayonlarini aks ettirib, mamlakatdagi fuqarolar va yuridik shaxslar o‘rtasida o‘zaro iqtisodiy munosabat va aloqalarni o‘rnatadi. Davlat korxona va tashkilotlar, turli moliyaviy muassasalar, aholi bilan olib boriladigan o‘zining barcha vazifalarini aynan moliya mexanizmi orqali amalga oshiradi. Moliya milliy iqtisodiyot va aholi farovonligining o‘sishini aks ettirib, korxonalar ishlab chiqarish xarajatlarining pasayishi va ularning jahon bozoridagi raqobatbardoshligini oshishini rag‘batlantiradi, ishlab chiqarish tuzilmasini, tarmoqlararo va hududiy nisbatlarni shakllantiradi.
Ijtimoiy takror ishlab chiqarish jarayonlarining samarali amalga oshirilishi ko‘p jihatdan moliyaviy resurslarga bog‘liq bo‘ladi. Pul vositasida takror ishlab chiqarishning bir bosqichidan boshqasiga o‘tiladi hamda muayyan maqsadga yo‘naltirilgan ijtimoiy fondlar vujudga keltiriladi. O‘z navbatida bu fondlar takror ishlab chiqarishning uzluksizligini va kengaytirilishini ta’minlaydi. YAlpi milliy mahsulotni yaratish, taqsimlash va undan foydalanish jarayonida pul mustaqil harakat qilib, turli xo‘jalik yurituvchi bo‘g‘inlar, uy xo‘jaliklari va davlatning pul mablag‘lari fondini tashkil etadi. Pul fondlari hosil bo‘lish manbalari va amal qilish tavsifi, maqsadlari va foydalanish usullariga qarab moliya va kredit shakllari tusini oladi.
Moliya – iqtisodiy kategoriya sifatida pul mablag‘laridan foydalanish va uning harakatini tartibga solish bilan bog‘liq bo‘lgan munosabatlar tizimidir. Uning vositasida turli darajada pul mablag‘lari fondlari vujudga keltiriladi va ular takror ishlab chiqarish ehtiyojlari va boshqa ijtimoiy ehtiyojlarni qondirish maqsadida taqsimlanadi.
Moliya pul bilan bog‘liq munosabatlar bo‘lib, uning moddiy asosini pul tashkil qiladi, lekin u pul emas yoki pul bilan bir xil narsa tushuncha emas. Bundan ko‘rinadiki, iqtisodiyotning samarali va barqaror ravishda amal qilishi, yuqori o‘sish sur’atlarini ta’minlash maqsadida davlat ko‘plab boshqa iqtisodiy sub’ektlar bilan moliyaviy munosabatlarga kirishadi. Moliyaviy munosabatlar – davlat, mintaqalar, tarmoqlar, korxona va tashkilotlar hamda alohida fuqarolar o‘rtasida pul mablag‘lari fondlarining harakati bilan bog‘liq holda vujudga keluvchi iqtisodiy munosabatlar majmui.
Moliyaviy munosabatlarning ob’ektlari va sub’ektlari farqlanadi. Moliyaviy munosabatlarning ob’ektlari bo‘lib iqtisodiyotning turli darajalarida tarkib topuvchi va harakat qiluvchi pul mablag‘lari fondlari hisoblanadi. Moliyaviy munosabatlar sub’ektlari tarkiban murakkab bo‘lib, ularga barcha tashkilotlar, korxonalar, yuridik va jismoniy shaxslar, fuqarolar kiradi. Ular orasida doimo moliyaviy munosabatlar bo‘lib turadi. Bu munosabatlarning asosiylari sifatida quyidagi munosabatlarni ko‘rsatish mumkin:
- davlatlararo moliyaviy munosabatlar;
- davlat va turli xalqaro tashkilotlar, xorijiy firma va korxonalar o‘rtasidagi moliyaviy munosabatlar;
- boshqaruvning turli darajalaridagi davlat organlari o‘rtasidagi moliyaviy munosabatlar;
- davlat va korxonalar o‘rtasidagi moliyaviy munosabatlar;
- davlat va jamoat tashkilotlari o‘rtasidagi moliyaviy munosabatlar;
- davlat va aholi o‘rtasidagi moliyaviy munosabatlar;
- korxonalararo moliyaviy munosabatlar;
- korxonalar va banklar o‘rtasidagi moliyaviy munosabatlar;
- korxona ichidagi xo‘jalik aloqalariga xizmat qiluvchi moliyaviy munosabatlar va boshqalar.
Moliya iqtisodiyot doirasida o‘zaro bog‘liq bo‘lgan quyidagi vazifalarni bajaradi:
1) iqtisodiy jarayonlarni, loyihalar va tadbirlarni pul resurslari bilan ta’minlash va unga xizmat ko‘rsatish vazifasi;
2) taqsimlash vazifasi;
3) rag‘batlantirish vazifasi;
4) nazorat qilish vazifasi.
Jamiyat miqyosidagi iqtisodiy faoliyat turli jarayon va tadbirlarning, jumladan, mamlakatni boshqarish, mudofaa qobiliyatini ta’minlash, huquq-tartibot ishlarini yo‘lga qo‘yish, sog‘liqni saqlash, madaniy-ma’rifiy ishlar va boshqalarning amalga oshirilishini taqozo etadi. Buning uchun eng avvalo ularni moliyaviy resurslar bilan ta’minlash kerak bo‘ladi. SHunga ko‘ra, moliya iqtisodiy jarayon va tadbirlarni moliyaviy ta’minlash, ularga xizmat ko‘rsatish vazifasini bajaradi.
Moliyaning taqsimlovchi vazifasi moddiy ishlab chiqarish sohalarida yaratilgan yalpi milliy mahsulotni, ayniqsa, uning milliy daromadni tashkil qiluvchi qismini davlat va mulkchilikning turli shakllariga asoslangan korxonalar, iqtisodiyot tarmoqlari, moddiy ishlab chiqarish sohalari, mamlakat hududlari o‘rtasida taqsimlash va qayta taqsimlashda namoyon bo‘ladi.
Moliyaning rag‘batlantiruvchilik vazifasi, birinchidan, yaratilgan mahsulot qiymatini taqsimlash jarayoni orqali, ikkinchidan, pul fondlarini tashkil qilish va sarflash mexanizmi orqali amalga oshiriladi.
Moliyadan ishlab chiqarish, taqsimlash va iste’mol ustidan nazorat qilish vositasi sifatida foydalaniladi. Moliyaviy nazorat korxona (firma)larning moliya intizomiga rioya qilish uchun moddiy javobgar bo‘lish tizimi, turli soliqlar undirib olish va mablag‘ bilan ta’minlash tizimi orqali amalga oshiriladi.
Moliyaviy munosabatlar va ularga xizmat qiluvchi maxsus muassasalar jamiyatning moliya tizimini tashkil qiladi. Bu tizim davlat va boshqa turli darajadagi byudjetlarni, ijtimoiy, mol-mulk va shaxsiy sug‘urta fondlarini, davlatning valyuta zaxiralarini, banklar, pul muomalasi, kredit va soliq tizimi, korxona va firmalar, tijorat va notijorat tuzilmalarining pul fondlarini, boshqa maxsus pul fondlarining harakatini o‘z ichiga oladi.
Eng avvalo, korxona (tarmoq)lar va umumdavlat moliyasini bir-biridan farqlash lozim.
Korxona va tarmoqlar moliyasi ulardagi takror ishlab chiqarish jarayonida hamda alohida fondlar yaratish yo‘li bilan ularning moliyaviy ehtiyojlariga xizmat qiladi.
Umumdavlat moliyasi davlat byudjetini, ijtimoiy sug‘urta fondini hamda davlat mol-mulk va shaxsiy sug‘urtasi fondini, soliq tizimini o‘z ichiga oladi. Davlat pul mablag‘larining asosiy markazlashgan fondi bo‘lmish davlat byudjeti moliya tizimining muhim bo‘g‘ini bo‘lib xizmat qiladi. Davlat byudjeti – bu davlat daromadlari va xarajatlar hamda ularni moliyaviy qoplash manbalarining yillik rejasidir. Davlat daromadlari va xarajatlarining asosiy qismi davlat byudjeti orqali o‘tadi. Uning asosiy vazifasi moliyaviy vositalar yordamida iqtisodiyotni samarali rivojlantirish va umumdavlat miqyosidagi ijtimoiy vazifalarni hal qilish uchun sharoit yaratishdir.
Davlat byudjetining ikki tomoni bo‘lib, bir tomonida byudjetga kelib tushadigan daromadlar tarkibi va ularning manbalari, ikkinchi tomonida esa asosiy xarajatlarning tarkibi va miqdori o‘z ifodasini topadi.
O‘zbekiston Moliya vazirligi 2020 yilgi «Fuqarolar uchun byudjet» davlat byudjeti loyihasini e’lon qildi (PDF). Nashrda Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamg‘armalarining 2020 yil uchun daromadlari va xarajatlari prognozlarini, shuningdek, 2021−2022 yillar uchun byudjet mo‘ljallari to‘g‘risidagi ma’lumotlar taqdim qilinadi.
Nashrning asosiy qismi — 2020 yil uchun Davlat byudjetining daromadlari va xarajatlariga bag‘ishlangan. Daromadlar soliq turlari ko‘rinishida taqdim etiladi. Shu bilan birga ushbu qismda byudjet mablag‘lari qaysi sohalarga yo‘naltirilishini bilib olish mumkin. Xarajatlar yo‘nalishlar bo‘yicha (ta’lim, sog‘liqni saqlash va boshqalar) shuningdek, moddalar (ish haqi, oziq-ovqat, kommunal xarajatlar va boshqalar) va ma’muriy birliklar (vazirliklar va idoralar) bo‘yicha taqdim qilinadi.
Mamlakat iqtisodiy taraqqiyotining asosiy ko‘rsatkichi Yalpi ichki mahsulot (YAIM) hisoblanadi. 2020−2022 yillarda sof YAIMning o‘sish sur’atlari 5,5−6,2 foiz darajasida prognoz qilinmoqda.
2020 yil va keyingi ikki yilda inflyatsiya darajasi 2019 yildagi 15,5 foizdan 2022 yilda 9,5 foizga tushishi kutilmoqda.
Tashqi savdo aylanmasi hajmi 2020 yilda 46,9 mlrd. AQSH dollari miqdorida 5,8 mlrd AQSH dollari salbiy saldo bilan prognoz qilinmoqda. Tashqi savdo aylanmasi taqchilligi o‘sishining asosiy omili texnologik uskuna va texnika importining oshishi.
Iqtisodiy o‘sishni ta’minlash uchun kapital qo‘yilmalar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar oshirish zarur. 2020 yilda 4 mlrd AQSH dollari miqdoridagi sanoat, qishloq xo‘jaligi va infratuzilmani rivojlantirish sohalaridagi yirik loyihalarga yo‘naltiriladigan to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar jalb etilishi kutilmoqda.
Daromadlar
2020 yil uchun Davlat byudjeti daromadlari 128,460 trln. so‘m (yoki YAIMning 20 foizi) miqdorida rejalashtirilgan, bu esa 2019 yil yakuni bo‘yicha daromadlarning kutilayotgan ijrosidan 15,817 trln. so‘mga ko‘proqdir.
2020 yil uchun Davlat byudjetining kutilayotgan tushumlarini baholashda iqtisodiyotning real o‘sishi, soliqlar ma’murchiligini takomillashtirish, alohida soliq va bojxona imtiyozlarining bekor qilinishi, shuningdek narx va valyuta kursining kutilayotgan oshishi kabi omillar hisobga olingan.
2020 yilgi bevosita soliqlardan tushumlarning o‘sishi shuningdek, stavkalar o‘zgarishi va boshqa soliq elementlari bilan bog‘liq. Bunda:
Foyda solig‘i bazaviy stavkasini 15 foizgacha oshirilishi;
Jismoniy shaxslar daromad solig‘i stavkasini 12 foiz miqdorida saqlab qolish va yagona ijtimoiy to‘lov stavkasini barcha tadbirkorlik sub’ektlari uchun tenglashtirish (12 foiz) hisobiga xodimlar sonini legallashtirish;
Yakka tartibdagi tadbirkorlarni qat’iy belgilangan soliq o‘rniga jismoniy shaxslarning daromad solig‘i to‘lashga o‘tkazish;
Yagona soliq to‘lovidan tushumlarni to‘liq mahalliy byudjetlarga o‘tkazish (2019 yilda Kasaba uyushmasi federatsiyasi va Davlat maqsadli jamg‘armalari o‘rtasida taqsimlanadi) belgilanmoqda.
Xarajatlar
2020 yilda Davlat byudjeti xarajatlari 131,104 trln. so‘m miqdorida bo‘lishi prognoz qilinmoqda, bu esa 2019 yilda tasdiqlangan parametrlardan 23 foizga ko‘pdir.
Davlat byudjeti xarajatlarning qariyb yarmi ijtimoiy sohaga yoki umumiy xarajatlarning 22,9 foizi ta’lim sohasiga yo‘naltirilishi kutilmoqda.
2020 yilda umumta’lim va maktabdan tashqari muassasalarini moliyalashtirish uchun 20,885 trln. so‘m yoki umumiy ta’lim xarajatlaridan 70 foizini yo‘naltirish rejalashtirilmoqda.
2020 yilda Davlat byudjeti hisobidan sog‘liqni saqlash sohasiga 14,842 trln. so‘m ko‘zda tutilgan. Vazirlar Mahkamasi tasdiqlangan ro‘yxatga tibbiy xizmatlarning aniq turlari, shu jumladan dori-darmonlar, sarflash materiallari va tibbiyot buyumlari bilan ta’minlash kiritiladi.
O‘zbekiston fuqarolari, O‘zbekiston hududida muqim yashaydigan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, chet el fuqarolari tibbiy ko‘rsatmalar bo‘lganda asoslantirilgan murojaatlar bilan ro‘yxatga kiritilgan tibbiy yordamni olish huquqiga ega.
Shuningdek, 2020 yilda Davlat byudjeti hisobidan aholiga nafaqalar, moddiy yordam va kompensatsiya to‘lovlariga 6,573 trln. so‘m miqdorida mablag‘ ajratiladi bu esa 2019 yilda tasdiqlangan parametrlardan 23 foizga ko‘pdir.
2020 yilda Davlat byudjetining 10 foizi iqtisodiyot va markazlashgan investitsiyalarga yo‘naltirish rejalashtirilgan. Iqtisodiyot xarajatlariga 14,132 trln so‘m yo‘naltiriladi.
Kelgusi yilda arzon uy-joylar qurish ishlari davom ettiriladi. Davlat byudjetidan 1,905 trln. so‘m yo‘naltirish rejalashtirilgan.
2020 yil boshiga Davlat qarzi 21,3 mlrd. AQSH dollari (YAIMga nisbatan 36,0 foiz) miqdorida bo‘lishi kutilmoqda.
Shundan tashqi qarzi 15,3 mlrd. AQSH dollari (YAIMga nisbatan 25,4 foiz)ni tashkil etadi. Davlat tashqi qarzi kreditorlar kesimida xorijiy davlatlardan olingan qarzlar 6,7 mlrd. AQSH dollarni, xalqaro moliya institutlaridan 7,7 mlrd. AQSH dollarini va investorlar hisobiga 1,0 mlrd. AQSH dollarini tashkil etadi.
2020 yilda davlat byudjeti xarajatlari asosan ijtimoiy sohaga yo‘naltiriladi. Byudjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasi, Sanoat, qurilish va savdo masalalari qo‘mitasi hamda Agrar va suv ho‘jaligi masalalari qo‘mitalari tomonidan navbatdagi yig‘ilish o‘tkazildi.
Deputatlar, mutasaddi vazirlik va idoralar mas’ul xodimlari ishtirok etgan yig‘ilishda “2020 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonuni loyihasi ko‘rib chiqildi.
Parlament quyi palatasiga kiritilgan 2020 yilga mo‘ljallangan Byudjetnomani tasdiqlashda yangi amaliyot hayotga tatbiq etilmoqda va Oliy Majlis tomonidan birinchi marta Davlat byudjeti qonun shaklida qabul qilinmoqda.
Ya’ni “2020 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonun loyihasini xalqaro standartlarga muvofiq tayyorlash va byudjet ma’lumotlarining ochiqligini, shaffofligini yanada oshirish, byudjet mablag‘larining shakllanishi, sarflanishi ustidan parlament va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish tartiblari belgilanmoqda.
Yig‘ilishda qayd etilganidek, 2020 yilda yalpi ichki mahsulotning o‘sishi keyingi yillarda uning ijobiy dinamikasini saqlab qolgan holda, 5,5 foiz (2021 yilda 5,8 foiz, 2022 yilda 6,2 foiz) miqdorda bo‘lishi nazarda tutilmoqda. Xususan, sanoat ishlab chiqarishi hajmi 6,5 foiz, qurilishda 9,3 foiz, qishloq xo‘jaligida 4 foiz va xizmatlar sohasida 5,6 foiz ko‘payadi, asosiy kapitalga investitsiyalar 10 foiz, tovarlar va xizmatlar eksporti hamda import 8 foiz o‘sadi.
2020 yilga mo‘ljallangan Byudjet siyosati puxta o‘ylangan fiskal siyosatni amalga oshirishga, iqtisodiy ko‘rsatkichlarning mutanosib o‘sishiga va mamlakat moliyaviy tizimining barqarorligini ta’minlashga qaratilgan.
“2020 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonuni loyihasi bilan byudjet mablag‘larini rejalashtirish samaradorligini, ulardan foydalanish natijadorligini oshirishga hamda byudjetlararo munosabatlarni takomillashtirishga yo‘naltirilgan bir qator chora-tadbirlarni amalga oshirish nazarda tutilmoqda.
Byudjetni rejalashtirishning barqarorligini oshirish maqsadida prognoz yili uchun Davlat byudjeti va keyingi ikki yilga mo‘ljallangan byudjet yo‘nalishlarini tasdiqlash yo‘li bilan o‘rta muddatga mo‘ljallangan byudjetni rejalashtirish taklif qilinmoqda.
2020 yilda mamlakatning yalpi ichki mahsuloti 653,5 trillion so‘mni, Davlat byudjeti daromadlarining tushumi 128,5 trillion so‘m yoki yalpi ichki mahsulotga nisbatan 19,6 foiz darajasida bo‘lishi prognoz qilinib, bu alohida sohalar rivojiga maqsadli xarajatlarni oshirish yo‘li bilan iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirishni ta’minlaydi.
2020 yilda Davlat byudjetining xarajatlari 131,1 trillion so‘mni tashkil etadi. Bu o‘tgan yildagiga nisbatan 24 foizga ko‘p bo‘lib, bunda Davlat byudjetining xarajatlari asosan ijtimoiy sohalarga yo‘naltiriladi. Jumladan, ijtimoiy soha xarajatlari 66 trillion so‘mni yoki umumiy xarajatlarga nisbatan 50,3 foizni tashkil etadi. Bunda ushbu xarajatlarning o‘sishi avvalgi yilga nisbatan 24 foiz ko‘payadi.
Maktabgacha ta’lim muassasalarini moliyalashtirishga 5,2 trillion so‘m, umumiy ta’limga 20,9 trillion so‘m yo‘naltiriladi, kadrlar tayyorlashga ajratiladigan mablag‘lar 3,9 trillion so‘mni tashkil etadi.
Sog‘liqni saqlashga 14,8 trillion so‘m, madaniyat va sportni moliyalashtirish uchun 2,3 trillion so‘m, ilm-fanga 1 trillion so‘m yo‘naltiriladi. Ijtimoiy nafaqalar, kam ta’minlangan oilalarga moddiy yordam to‘lash va kompensatsiya to‘lovlari uchun xarajatlar o‘tgan yildagiga nisbatan 27 foiz oshgan holda 6,6 trillion so‘mni tashkil etadi.
Davlat mol-mulk va shaxsiy sug‘urtasi umumdavlat moliyasining keyingi bo‘g‘ini hisoblanib, mulkchilikning barcha shakllaridagi korxonalar va fuqarolarga joriy qilinadi. U majburiy va ixtiyoriy bo‘lishi mumkin. Bu maqsadlar uchun fondlar korxona va aholining to‘lovlari hisobiga shakllanadi. Fond mablag‘lari mol-mulk sug‘urtasiga va shaxsiy sug‘urtaga pul to‘lashni ko‘zda tutadi.
SHaxsiy sug‘urta aholining pul jamg‘armalarini tashkil qilishning shakllaridan biri bo‘lib ham xizmat qiladi.
Bozor iqtisodiyotiga o‘tib borish bilan jamiyat moliya tizimida turli xil sug‘urta (ijtimoiy sug‘urta, tibbiy sug‘urta) fondlari va byudjetdan tashqari moliya fondlari (pensiya fondi, aholini ish bilan ta’minlash fondi, tabiatni muhofaza qilish fondi, tarixiy yodgorliklarni saqlash fondi, tadbirkorlarga ko‘mak berish fondi va boshqalar)ning ahamiyati ortib boradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |