Tayanch so’z va iboralar
Investitsiya
|
Aktsiya
|
Real investitsiya
|
Obligatsiya
|
Moliyaviy investitsiya
|
|
Takrorlash uchun savollar
Investitsiya so’zining mohiyati nimada ?
Bozor iqtisodiyoti sharoitida investitsiyaning qanday turlari mavjud ?
Moliyaviy investitsiyalarning qanday turlari mavjud ?
Moliyaviy investitsiyalar qanday baholarda baholanadi ?
Investitsiyalar daromadliligi buxgalteriya hisobida qay tartibda aks ettiriladi ?
Adabiyotlar: 3, 4, 7, 8, 10, 11.
- BOB. KAPITAL QO’YILMALAR HISOBI
Kapital qo’yilmalar hisobining vazifalari
Kapital qo’yilmalar xo’jalik yurituvchi sub’ektlar ishlab chiqarish faoliyatining o’ziga xos bir shaklidir, u asbob-uskunalarni zamonaviylashtirish, ishlab chiqarish ob’ektlari va bevosita ishlab chiqarish bilan bog’liq bo’lmagan ob’ektlarni qayta qurish, ta’mirlash va asosiy ishlab chiqarish vositalarini kengaytirilgan holda qayta ishlab chiqarishni ta’minlaydi.
Kapital qo’yilmalar asosiy vositalarni, takror ishlab chiqarishni kengaytirish hamda ularning sifat tarkibini yaxshilash xarajatlarining majmuidir. Kapital qo’yilmalar hajmi ishlab turgan korxonalarni qurish, kengaytirish, texnik qayta jihozlash va quvvatlarni saqlash, shuningdek, ishlab chiqarish va ishlab chiqarishga mo’ljallangan uskuna, transport vositalari va asosiy vositalarning boshqa ob’ektlarini xarid qilishga mablag’ bilan ta’minlashning barcha manbalari hisobiga qilingan xarajatlarning umumiy summasiga ko’ra belgilanadi.
Kapital mablag’lar hajmiga quyidagi sohalarga yo’naltirilgan xarajatlar kiradi:
Qurilish-montaj, loyiha-qidiruv, geologiya-razvedka, burg’ulash va boshqa ishlarga qilingan xarajatlar;
Ishlab turgan korxonalarni tiklash, texnik qayta jihozlash va texnika vositalarning quvvatini kengaytirishga qilingan xarajatlar;
Mashina va uskunalar, ishlab chiqarish va xo’jalik inventarlari, transport vositalari va asosiy vositalarning boshqa ob’ektlarini sotib olishga ketgan xarajatlar;
Korxona, tashkilot va muassasalar uchun yangi ob’ektlar qurishga ketgan xarajatlar;
Boshqa shu turdagi xarajatlar.
Kapital qo’yilmalarni buxgalteriyada hisobga olishda «Asosiy vositalar» nomli 5-son BHMA va «Kapital qurilish uchun pudrat shartnomalari» nomli 17-son BHMAdan foydalaniladi.
Kapital qo’yilmalarni buxgalteriyada hisobga olishning dolzarb vazifalari quyidagilardan iborat:
qilingan barcha kapital xarajatlarni ob’ektlarning turlari bo’yicha to’liq va o’z vaqtida aks ettirishni ta’minlash;
kapital qo’yilmalar rejasi, ishlab chiqarish quvvatlari va asosiy vositalar ob’ektlarini ishga tushirish rejalarining bajarilishi ustidan nazoratni ta’minlash;
moliyaviy mablag’lar bilan ta’minlash bo’yicha belgilangan rejaning bajarilishi va ichki rezervlarni safarbar qilish ustidan nazoratni ta’minlash;
sotib olingan asosiy vosita ob’ektlarining balans qiymatini to’g’ri belgilash va uning o’z vaqtida kirimga olinishini ta’minlash.
Do'stlaringiz bilan baham: |