Davlatning byudjetdan tashqari jamg’armalarini tashkil etish tartibi vashakllantirishmetodlari. Rivojlangan mamlakatlarning ilg’or tajribalariga tayanib aytish mumkinki, odatda Davlatning byudjetdan tashqari jamg’armalari quyidagi shartli ikki yo’l orqali tashkil etiladi:
Davlat byudjetiga ajratilishi lozim bo’lgan mablag’lar hisobidan muhim umumjamiyat ahamiyatiga ega bo’lgan muammolarni hal etish uchun ma’lum bir xarajatlarni tashkil etish;
Davlatning byudjetdan tashqari jamg’armasini shaxsiy (o’zlik), maxsus ajratma va badal mablag’lari hisobidan shakllantirish.
Masalan, qator davlatlarda daromadi cheklangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamini moliyaviy qo’llab-quvvatlash maqsadida Davlat byudjeti ko’magida maxsus ijtimoiy sug’urta fondlari tashkil etilgan. Davlatning
byudjetdan tashqari jamg’armalarini tashkil etish, muqaddam bizning tajribamizda ma’lum bo’lmagan, ammo ishlab chiqarishning rivojlanishi, xizmat ko’rsatish ko’lamining kengayishi va moliyaviy siyosatning o’zgarishi natijasida paydo bo’ladigan muammolarni maqsadli va manzilli bartaraf etish maqsadida amalga oshiriladi. Shunday vaziyat shakllanganda hukumat davlat byudjetdan tashqari jamg’armasini tashkil etish uchun maxsus qaror qabul qiladi. Bizda ham yuqorida qayd etilgan vaziyatga o’xshash holat vujudga kelishi va mamlakatning ijtimoiy yo’naltirilgan bozor munosabatlariga bosqichma-bosqich o’tishi munosabati bilan 2004-2009-moliya yillarini o’zida qamrab olgan davlatning byudjetdan tashqari Maktab ta’limi jamg’armasi tashkil etilgan edi.
Davlatning byudjetdan tashqari jamg’armasi har qanday maqsadli xususiyatga ega bo’lib, odatda uning nomida qanday maqsad uchun tashkil etilayotganligi aks etadi. Masalan, Pensiya jamg’armasi, Respublika yo’l jamg’armasi, Bandlikka ko’maklashish davlat jamg’armasi va h.k.
Moliya tizimining boshqa bo’g’inlari kabi Davlatning byudjetdan tashqari jamg’armalarini tashkil etishning moddiy manbalari milliy daromad hisoblanadi. Bunday jamg’armalarning aksariyat qismi milliy daromadni taqsimlash va qayta taqsimlash jarayonida vujudga keladi.
Amaliyotda milliy daromadni qayta taqsimlash jarayoni orqali Davlatning byudjetdan tashqari jamg’armalari daromadini shakllantirishning asosiy usullari bo’lib quyidagilar hisoblanadi:
Maxsus soliqlar, yig’imlar va ajratmalar;
Davlat byudjeti mablag’lari va zayomlar.
Davlatning byudjetdan tashqari jamg’armalari daromadlarini tashkil etishning asosiy usuli maxsus soliqlar, yig’imlar va ajratmalar hisoblanadi. Ushbu manbalalar hisobidan jamg’armalar daromadlarining 80-90% va hatto 100% ham shakllanishi mumkin.
Davlat byudjeti hisobidan shakllanayotgan mablag’lar amaliyotda qaytarib bermaslik sharti bilan dotatsiya va subventsiya ko’rinishida (davlat byudjetidan transfertlar shaklida) beriladi. Ayrim hollarda fond daromadlariga turli muddat va qiymatda (foizli, foizsiz) bo’lgan zayomlar ham jalb qilinishi mumkin.