Deflyatsion siyosat. Bu siyosat, ichki talabni kamaytirishga yo’naltirilgan holda, o’z ichiga byudjet mablag’larini aholi ehtiyojlariga kamroq sarflash,
baholarni va ish haqlarini muzlatish kabilarni qamrab oladi. Uning asosiy instrumentlaridan biri bo’lib, moliyaviy va pul-kredit choralari hisoblanadi: byudjet defitsitini kamaytirish, Markaziy bankning hisob stavkalarini o’zgartirishi (diskont siyosati); kredit cheklovlari; pul muassasining o’sib borishiga chegara qo’yish. Iqtisodiy pasayish, ishsizlikning yuqori ko’rsatkichi va to’la foydalanilmayotgan ishlab chiqarish quvvatlari sharoitida deflyatsiya siyosatini qo’llash, ishlab chiqarish va bandlikning yanada pasayishiga olib keladi. Bu esa, aholining turmush darajasiga sezilarli salbiy ta’sir ko’rsatib, vaziyatni yumshatish bo’yicha tezkor chora-tadbirlar qo’llanilmasa, ijtimoiy nizolar keltirib chiqarishi mumkin.
Devalvatsiya. Bu milliy valyuta kursining pasaytirilishidir. Bu tadbir milliy eksportni rag’batlantirish va importni jilovlash bilan bog’liq maqsadlarda amalga oshiriladi. Ammo, to’lov balansini tartibga solishda devalvatsiyaning roli, uni o’tkazish tartiblari va ularga hamkorlik qiluvchi mamlakatning umumiqtisodiy va moliyaviy siyosatiga bog’liq bo’ladi. Devalvatsiya faqatgina, raqobatbardosh tovarlarning eksport salohiyati va jahon bozoridagi qulay vaziyatlarning mavjudligi sharoitidagina tovarlar eksportini rag’batlantirishi mumkin. Devalvatsiyaning importni cheklashga ta’siri esa, mamlakatning importni cheklash bo’yicha keskin choralar qo’llash imkoniyatlarining pasayishidan kelib chiqadi. Shundan kelib chiqib aytish mumkinki, hamma mamlakatlarda ham import o’rnini bosuvchi tovarlar ishlab chiqarish siyosati muvaffaqiyatli chiqavermaydi.
Devalvatsiya importni cheklashi bilan, mamlakat ichida tovarlar ishlab chiqarish xarajatlari ortishiga, narxlarning ko’tarilishiga va oqibatda, tashqi bozorlarda raqobatbardoshlik qobiliyatining yo’qolishiga olib keladi. Shuning uchun, bu tadbir mamlakatga vaqtinchalik ustuvorlik berishi mumkin, ammo u to’lov balansining defitsitini keltirib chiqaruvchi sabablarni to’liq bartaraf etishga qodir emas. Kutilgan natijani olish uchun, devalvatsiya etarli darajada bo’lishi zarur. Aks holda, u valyuta spekulyatsiyasini kuchaytiradi va valyuta kursini qaytadan ko’rib chiqishga majbur qiladi. Masalan, 1967 yil noyabr oyida funt sterlingni 13,4 foizga devalvatsiyasi va 1971 yil dollarning 7,89 foizga devalvatsiya qilinishi, ushbu valyutalarga bo’lgan spekulyativ tazyiqni yo’q qila olmadi. Devalvatsiyani amalga oshirgan mamlakat, raqobatda o’zi kutgan ustuvorlikka ega bo’la olmasligi mumkin. Chunki, suzib yuruvchi kurs rejimining qo’llanilishi to’lov balansini muvozanatlashtirish imkonini bermasligi mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |