Jalolitdin Manguberdining jasorati
Movarounnahrning asosiy shaharlari egallangach, mo`g`ul jangarilarining bosqinchilik yurishi Amudaryodan janubga joylashgan yirik savdo va madaniyat markazlaridan hisoblangan Balx, Hirot, Marv va g`azna kabi shaharlarga yo`naltiriladi. Ammo bu viloyatda ular Jaloliddin Manguberdining qattiq qarshiligiga uchraydi. Bu o`lkada u kuchli lashkar to`playdi. Jaloliddin Manguberdi ancha yillar ilgari g`azna, Bomiyon, Guch, Bust va Hindiston hududlarigacha bo`lgan yerlarga hokim etib tayinlangan edi. Shu boisdan u g`azna tomon borardi. Yo`lda unga Xuroson noiblari o`z qo`shinlari bilan kelib qo`shilib bordi. Sulton Jaloliddin Niso, Qandahor shaharlari yonida mo'g`ul qo`shinlariga qaqshatqich zarbalar berib, g`aznaga yetib keldi. Uning qo`shinlari safiga yangi kuchlar qo`shildi. Jaloliddin Valiyon qal'asini qamal qilayotgan mo`g`ul qo`shinlariga qarshi hujum qilib, ularni tor-mor etadi. Bu Jaloliddinning dushman ustidan qozongan dastlabki yirik g`alabasi edi.
Jaloliddin jangda harbiy taktika tarixida birinchi bo`lib dushman suvoriylariga qarshi ot yonida turib piyoda jang qilish uslubini qo`llaydi.
Chingizxon Jaloliddin Manguberdiga qarshi Shiki Xutuxu no`yonni 45 minglik qo`shin bilan jo`natadi. g`azna yaqinidagi Parvon tekisligida shiddatli jang boshlanadi. Sulton Jaloliddin dushmanga darg`azab arslondek goh o`ng, goh so'1 qanotdan, ba'zan markazdan hujum qilib, uning tinkasini quritadi. Mo`g`ul qo`shinining engatoqli lashkarboshilari Jaloliddinga qarshi tura olmaydilar. Parvon dashtidagi jangda Jaloliddin g`alaba qozondi. Biroq g`alabadan keyin qo`lga kiritilgan o`ljalarni taqsimlashda Jaloliddinning lashkarboshilari o`rtasida o`zaro kelishmovchilik boshlanadi. Oqibatda lashkarboshilardan Sayfuddin Ag`roq, A'zam Malik va Muzaffar Maliklar qo`shindan ajralib ketadilar. Bu voqeadan so`ng Jaloliddinning harbiy kuchi ancha-muncha kuchsizlanib qoladi.
Fursatdan foydalangan Chingizxon g`aznaga askar tortadi va ajralib chiqqanlarni alohida-alohida tor-mor etadi. Jaloliddin tengsiz janglar olib borib, Sind (Hind) daryosi qirg`oqlariga yaqinlashib boradi. Daryo bo`yida 1221-yilning 25-noyabrida ikki o`rtada qattiq jang bo`ladi. Jaloliddin Chingizxon qo`shinining ilg`orini yengadi. Mo`g`ullarning pistirmalarga qo`yilgan 10 ming nafar saralangan askari jangning oqibatini hal qiladi. Jaloliddin taslim bo`lishni va o`z oilasining mo`g`ullar qo`liga tushishini va xorlartishini xohlamay (onasining oldindan qilgan vasiyatiga ko`ra) rafiqasi, onasi va bolalarini tik qirg`oqdan daryoga tashlashga amr etadi. O'zi esa otda Sind/daryosiga sakrab, narigi qirg`oqqa suzib o`tadi. U bilan birga uning to`rt ming kishilik askari ham daryodan o`tib oladi. Hozirgi paytda ham bu daryoning bir tomoni "Ot sakrash", narigi tomoni "Cho`li Jaloliy" deb ataladi. Jaloliddinning jasoratiga qoyil qolgan Chingizxon hatto uni ta'qib qilish fikridan ham qaytadi.
Jaloliddin yana o`n ikki yil davomida goh Eron, goh Ozarba'yjon hududlarida mo`g`ullarga qarshi kurashni davom ettiradi. Kivkazda kuchli davlat barpo etmoqchi bo`ladi. Ammo bu o`lkada ham mahalliy hokimlar o`rtasidagi nizolar uning bunday orzusining ro`yobga chiqishiga to`sqinlik qiladi.
Shunday qilib, buyuk sarkarda Jaloliddin Manguberdini va uning jangovar kuchini tashkil qilgan fidoyi safdoshlari, garchi Vatan taqdiri yo`lida o`z hayotlarini tikib, kuch jihatdan bir necha o`n barobar ortiq bo`lgan dushmanga qarshi yillar davomida qahramonona kurashsalar-da, ammo ona yurt ozodligini saqlab qolishning iloji bo`lmaydi. Chunki fursat boy berilgan edi. Eng so`nggi Xorazmshohning hukmdorligi 1231-yilda tugaydi. Shu bilan birga 140 yil hukmronlik qilgan Buyuk Xorazmshohlar davlati va uni boshqargan xonadon batamom halok bo`ladi. Sharqdagi bu ulkan davlat batamom barham topadi.
Vatan ozodligi yo`lida jon fido qilgan buyuk ajdodimiz Jaloliddin Manguberdi tavalludining 800 yilligi mustaqil o`zbekistonda 1999yili keng nishonlandi. Xorazmda unga haykal o`rnatildi, yirik ko`cha va maydonlarga uning nomi qo`yildi, videofilm, pyesa va dostonlar yaratildi. 2000-yil, 30-avgustda "Jaloliddin Manguberdi" ordeni ta'sis etilgan.
Mog`ullar istilosiningoqibatlari
Do'stlaringiz bilan baham: |