Bog'liq 250-сон 28.04.2021. Moddiy yordam va ko‘makka muhtoj oilalarni, xotin-qizlar va yoshlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida
3-§. “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarni tadbirkorlikka jalb qilish 14. O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi, Xalq banki, Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi, “Tadbirkor ayol”
ishbilarmon ayollar uyushmasi, “Hunarmand” uyushmasi hamda hududiy xotin-qizlar tadbirkorlik markazlari
joylarda o‘quv kurslari tashkil etish orqali tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish istagini bildirgan va “Ayollar
daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarning tadbirkorlik ko‘nikmalarini oshirish va biznes loyihalarini tuzishga
ko‘maklashadi.
15. Mikrokreditbank, Agrobank va Xalq bankining tuman (shahar) filiallari orqali tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish
va rivojlantirish uchun kredit olish istagida bo‘lgan xotin-qizlarga tijorat banklari orqali O‘zbekiston Respublikasi
Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan quyidagi xizmatlar ko‘rsatiladi:
hududlarning o‘ziga xos xususiyatlarini inobatga olgan holda biznes loyihalarni tuzishni o‘rgatish;
kredit olishga ko‘maklashish.
Xalq banki “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarni tadbirkorlikka jalb qilish, ularga kredit olishda
ko‘maklashish, bu masalada respublikada ajratilgan kreditlarning statistik hisobotini yuritish va kredit
ajratilgandan so‘ng ularning tadbirkorligini rivojlantirish uchun doimiy qo‘llab-quvvatlash borasidagi amaliy
ishlarni muvofiqlashtirishga mas’ul hisoblanadi.
16. Kreditlar “Ayollar daftari”ga kiritilgan va tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan xotin-qizlarning
tadbirkorligini yo‘lga qo‘yish va rivojlantirishga yo‘naltiriladi.
Bunda kreditlar bazaviy hisoblash miqdorining 150 baravarigacha miqdorda ajratiladi.
Kreditlarning foiz stavkasi bo‘yicha, istisno tariqasida, 2022-yil 1-yanvarga qadar Markaziy bankning asosiy
stavkasi belgilanadi.
Kreditlarni ilgari olingan kreditlar yoki har qanday boshqa qarzlarni qaytarishga, shaxsiy ehtiyoj uchun
avtotransport vositasi sotib olishga, ma’muriy xarajatlarni to‘lashga, jumladan, avtotransport vositasining
ta’minoti, mebel, aloqa xizmatlari to‘lovi va uyali telefon sotib olishga hamda qonunchilik hujjatlari va Markaziy
bankning qoidalariga ko‘ra taqiqlangan faoliyatlarga ajratishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Kreditlar 6 oygacha imtiyozli davr bilan 3 yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga ajratiladi.
17. Kreditlar qarz oluvchining ssuda hisobvarag‘idan kredit shartnomasida belgilangan maqsadlar uchun
tegishli tashkilotlarning bankdagi hisobvarag‘iga pul o‘tkazish yo‘li bilan ajratiladi.
Kreditlar Mikrokreditbank, Agrobank va Xalq bankining tuman (shahar) filiallari tomonidan “Ayollar
daftari”da hisobda turgan xotin-qizlarning familiyasi, ismi, otasining ismi bo‘yicha alfavit tartibida shakllantirilgan
qat’iy navbat asosida ajratiladi.
Tadbirkorlik va o‘zini o‘zi band qilish faoliyatini boshlamoqchi bo‘lgan ishsiz xotin-qizlarga faoliyatini
boshlash uchun kerak bo‘lgan asbob-uskuna va boshqa mehnat vositalari xarid qilish uchun subsidiyalar beriladi.
18. “Ayollar daftari”ga kiritilgan, biroq kredit olishni rad qilgan xotin-qizlarni doimiy bandligini ta’minlash
maqsadida tadbirkorlik subyektlarining “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarni ish bilan ta’minlashga
qaratilgan loyihalariga dastur doirasidagi resurslar hisobidan Markaziy bankning asosiy stavkasida imtiyozli
kreditlar ajratilishi mumkin.
Bunda loyiha uchun kichik tadbirkorlik subyektlari tomonidan “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarni
doimiy ish bilan ta’minlash sharti bilan, samaradorligi yuqori va barqaror ish o‘rinlari yaratishga qaratilgan
loyihalariga Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish Davlat dasturlari doirasidagi resurslar hisobidan bazaviy hisoblash
miqdorining 1000 baravardan ortiq, biroq 4000 baravaridan yuqori bo‘lmagan miqdorda kredit ajratilishi
mumkin.