Samsung Group Koreya YaIMning katta qismini tashkil qiladi
Hozirgina Samsung Group tarkibiga qancha kompaniya va ishchi xodim kirishi haqida ma’lumot berib o‘tdik. Bularning barchasi Samsung, o‘zi joylashgan Janubiy Koreya davlati yalpi ichki mahsulotining anchagina qismini tashkil etishini anglatadi, albatta. 2017 yilda CNN nashri Samsung Group Koreya YaIMning 15% ulushiga egalik qilishi haqida ma’lumot bergan edi. Hozirda esa, Koreya fond birjasida Samsung Group'ning subsidiyalari 20% ulushga ega. Bu ulushning katta qismini esa birgina Samsung Electronics bo‘limi tashkil qiladi.
Samsung'ning elektronika sohasiga kirib kelishi 1970-yilgi oq-qora televizor bilan bo‘ldi
Samsung yaratgan ilk elektron qurilma bu 1970-yilgi rangsiz televizor edi. Keyingi o‘n yilliklar ichida esa kompaniya sezilarli darajada kengayib, o‘zining 1986-yilgi avtomobilga o‘rnatiluvchi telefoni bilan mobil olamga qadam tashladi. Kompaniyaning dastlabki oynai jahon qurilmalarini iste’molchilar iliq kutib oldi, biroq telefon apparati esa tijoriy jihatdan muvaffaqqiyatsiz bo‘ldi.
Samsung'ning logotipi atigi 3 marta o‘zgartirilgan
Kompaniya logotipi 70 yillardan oldin bir necha marta o‘zgartirilgan bo‘lsa-da, bu davrdan so‘ng, ancha barqaror bo‘lib keldi. 1993-yilda hozirgi logotip yaratilgan, shu bilan Samsung o‘z logotipini 3 marta o‘zgartirgan, xolos.
Samsung Electronics kompaniyasining haqiqiy faoliyati 1993-yilda boshlangan
Samsung bir necha o‘n yillardan buyon elektronika mahsulotlari biznesi bilan shug‘ullanib kelayotgan bo‘lsa-da, faqatgina 1993-yilga kelib kompaniya Raisi Li Kun Hi tashabbusi bilan mahsulot sifatini ta’minlashni eng ahamiyatli jihatga aylantirish siyosti ilgari surildi. U o‘z xodimlaridan "oilalaridan boshqa hamma narsani" o‘zgartirishni so‘ragan. Bu siyosatni amalga oshirish uchun Samsung Kadrlar bo‘limi rivojlanish markazi ishchi-xodimlar uchun kasbiy treyninglar ham tashkillashtirgan.
1995-yilgacha o‘zgarish bo‘lmadi...
1995-yilga kelib, kompaniyada hali hanuz hech qanday o‘zgarish sodir bo‘lmagan edi va janob Li mahsulot sifatidan qoniqish hosil qilmaydi. O‘z siyosatini amalga oshirish uchun u o‘zlari ishlab chiqargan telefon, televizor, faks apparat va boshqa texnikalarni bir joyga tog‘dek qilib yig‘diradi. So‘ng, direktorlar kengashidagilar bilan bu texnikalarning har birini bolg‘a va boshqa qurollar yordamida parcha-parcha qilib tashlaydi.
Li bu voqeani tomosha qilish uchun 2000 nafar xodimini ham o‘sh joyga chaqirtirib, hozir qilgandi. Bu voqea natijasida 50 mln dollar miqdoridagi qurilmaviy ta’minot vositalari kuli ko‘kka sovurilgan va talafot yangi Samsung'ning dunyoga kelishiga sabab bo‘ldi. Shundan so‘nggina "Uch yulduz" uchun yangi boshqaruv davri boshlandi, izchil rivojlanish kuzatildi, jahon bozorlarida ham muvaffaqiyatlarga erishildi va keyingi o‘n yilliklar ichida ham shunday bo‘lib qoldi.
Samsung mijozlari janob Li va o‘sha voqeada ishtirok etgan boshqa dirketorlarga minnatdorchilik bildirishlari kerak. Sababi aynan ularning tavakkal qilishga bo‘lgan jasorati bugun mijozlar foydalanayotgan sifatli mahsulotlar sababchisidir. O‘sha kundan boshlab, kompaniya elektronika sanoatida o‘z innovatsiyalari bilan ko‘plab marotaba pionerlik qilib kelmoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |