3. Davlat va nodavlat moliyaviy tashkilotlari
1. Markaziy banklar
Modomiki, davlat qonun yaratuvchi va ularning bajarilishini nazorat qiluvchi organ hisoblanar ekan, u moliyaviy tizimni tartibga solish bo‘yicha to‘liq javobgardir. Dunyoning eng taraqqiy etgan mamlakatlaridan biri bo‘lgan AQShda ham, boshqa davlatlarda ham moliyaviy tizimni tartibga solish bo‘yicha ba’zi masalalarni bajarish ma’lum bir moliyaviy sektor qatnashchilari assotsiatsiyasi yoki fond birjalariga o‘xshash xususiy sektor muassasalarining vakolatiga o‘tkaziladi.
Jumladan, AQShda qimmatli qog‘ozlar va birjalar bo‘yicha Komissiya (SEC – Securities Exchange Commission) tashkil etilgan. Xuddi shunday Komissiya, xususan, O‘zbekistonda ham mavjud. Uning asosiy vazifasi har bir yangi qimmatli qog‘ozlarni ommaviy chiqarishda firmalar tomonidan taqdim etilishi lozim bo‘lgan ular faoliyati to‘g‘risidagi ma’lumot hajmiga bo‘lgan aniq talablarni ishlab chiqishdan iborat. Boshqa davlatlarda ham shu kabi tartibga soluvchi organlar mavjud.
Biroq, davlat moliyaviy tizimni tartibga soluvchi organ rolini o‘ynagani bilan bir qatorda, u mazkur tizimdan o‘z siyosatining boshqa maqsadlariga erishish uchun foydalanadi. Misol tariqasida hukumatning pul-kredit siyosatini iqtisodiy o‘sish yoki bandlik sohasidagi turli umummilliy vazifalarning bajarilishi uchun foydalanishini keltirish mumkin. Keyingi o‘rinlarda biz u yoki bu moliyaviy tizim sohasini tartibga soluvchi yoxud boshqa iqtisodiy maqsadlarga yetishish uchun ushbu tizimni asosiy instrument (vosita) tariqasida ishlatadigan ba’zi davlat tashkilotlari to‘g‘risida so‘z yuritamiz.
Markaziy banklar – bu asosiy funksiyasi moliyaviy bozorning ma’lum parametrlariga, masalan, muomaladagi pul miqdoriga ta’sir etish orqali davlat siyosati vazifalarini amalga oshirishga ko‘maklashishdan iborat bo‘lgan moliyaviy vositachilardir. Markaziy banklar faoliyati ba’zi davlatlarda davlat ijroiya organlarining bevosita nazorati ostida bo‘lsa, boshqa davlatlarda ular ma’lum darajada avtonomlik (mustaqillik)ka egadirlar6.
Bank ma’lum bir davlatning markaziy banki ekanligini ko‘pincha uning nomiga qarab bilib olish mumkin: Bank of England, Bank of Japan, Bank Rossii va hokazo. Biroq, masalan, markaziy bank AQShda Federal Reserve System (Federal zahira tizimi), Germaniyada esa Bundesbank deb ataladi.
Markaziy bank odatda davlat to‘lov tizimining yuragi hisoblanadi. U davlatni milliy valyuta bilan ta’minlaydi va banklararo hisob-kitoblar tizimi uning boshqaruvida bo‘ladi. To‘lov tizimi samarali bo‘lishi uchun inflyatsiya darajasi kamida o‘rtacha bo‘lishi7 va buni markaziy banklar o‘zlarining asosiy vazifasi deb ko‘rishlari shart.
Biroq, ko‘p davlatlarda ulardan aholining to‘liq bandligini hamda davlat iqtisodiy o‘sishini ta’minlash kabi maqsadlarga erishishga yo‘naltirilgan harakatlarni kutishadi. Bunday davlatlarda markaziy banklarga ko‘pincha bir-biri bilan nizoli maqsadlarni balans (muvozanat)ga keltirish: narxlar barqarorligini va aholining to‘liq bandligini ta’minlash yuzasidan barcha choralarni ko‘rishiga to‘g‘ri keladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |