Uolt Bettinger: muvaffaqiyatli lider hayotidan 6 ta hikoya
Uolt Bettinger – dunyoning yirik Charles Schwab korporatsiyasi prezidenti. Sayyoramizning muvaffaqiyatli ishbilarmonlaridan biri, savdo-iqtisod va biznes sohasida taniqli lider va o‘ziga xos boshqaruv mahoratiga ega rahbar. Schwab korporatsiyasi savdo investitsiya yo‘nalishida xizmat ko‘rsatishga ixtisoslashgan dunyoning eng nufuzli va eng ko‘p mijozga ega kompaniyasidir. Kompaniyaning jahon miqyosida 325 ta ofislari bo‘lib, ularda 15 mingga yaqin xodim faoliyat ko‘rsatadi. Quyida sizga Uolt Bettinger hayoti bilan bog‘liq ibratli va voqealar va uning boshqaruv mahoratiga oid ma’lumotlarni havola qilamiz.
Bolalik va ulg‘ayish davri. Meni O‘rta-g‘arb amerikaliklariga xos qattiqqo‘llik va intizom orqali tarbiyalashgan. Oilada to‘rt farzandning to‘ng‘ichi edim. Ogayo shtatining shimoliy-g‘arbidagi kichik fermer xo‘jaligida o‘sib ulg‘aydim. Bizga yaqin shaharchada ixchamgina xususiy universitet ham bor edi. Otam shu yerda kimyo fani professori, onam uy bekasi bo‘lgan. Yuqori maktabga o‘tgach oziq-ovqat do‘konida ish boshlaganman.
Muvaffaqiyat qozonishda ota-onaning o‘rni. Yuqori maktabni tamomlaganimdan so‘ng oradan ko‘p o‘tmasdan sodir bo‘lgan bir voqea xotiramda bir umrga muhrlangan. O‘sha kuni shanba edi. Otam tongda yotoqxonamga kirib, qo‘limga buklanmagan oq qog‘ozni tutqazdi. Bu – uning ishdan bo‘shashi to‘g‘risidagi arizasi ekan. Endigina ellik yoshga kirgan, olgan bilimlarni talabalarga yetkazishning ayni yoshida bo‘lgan otamning bu qarori tabiiyki meni hayratga soldi. Otam o‘sha kuni menga universitet professorlari va rahbariyati o‘rtasida nizo kelib chiqqani, professorlar jamoasi o‘zaro kelishib, yagona jamoaga aylangani va ularning rahbariyatga qo‘yayotgan talabi yoshlarga bilim berishni emas, faqat ularning manfaatlarini ko‘zlashini aytdi. U mazkur vaziyatda hamkasblarining qaroriga ham, rabariyatning munosabatiga ham baho berib o‘tirmadi, bunday xudbin jamoada ishlay olmasligini aytib ishdan bo‘shadi. Aytmoqchimanki, otam boshqalarga xizmat qilishni burchi deb bildi va bir umr shu qoidani buzmay yashadi. Bu voqea ehtimol o‘sha tongda meni ulg‘aytirgandir. O‘sha kundan boshlab odamlarga xizmat qilishni va ularning manfaatini doim ustun qo‘yishni odat qildim.
Kollej yillari. Eng sevimli fanim "Biznes strategiyasi" bo‘lgan. Men bu fanni puxta o‘zlashtirish maqsadida, soatlab vaqtimni formula va qoidalarni yodlash bilan o‘tkazdim.
Nihoyat uzoq tayyorgarlikdan so‘ng imtihon boshlandi. O‘qituvchi bilan yuzma-yuz turganimda ham biznesni yuritishga oid bilimlarni o‘zimcha tinmasdan takrorlar edim. Ammo kutilmaganda yangragan savoldan shoshib qoldim. "Men senga 10 hafta davomida biznesga oid bor bilimimni o‘rgatdim. Bu yo‘nalishda puxta bilim olganingni men allaqachon sezganman. Ammo senga hozir beradigan savolim bir oz boshqacha. Menga shu o‘quv binosini har kuni tongda chinniday yaltillatib qo‘yadigan ayolning ism-sharifini ayta olasanmi?" Bu savol o‘qituvchimga dars jarayonida ilk marotaba tik boqishimga sabab bo‘ldi. Ehtimol, u hazillashayotgandir deb o‘yladim. Lekin u jiddiy qiyofada menga tikilib turar edi. O‘qituvchim so‘ragan farrosh ayolning ismi Dotti ekan va men shuni bilmaganim uchun imtihondan o‘ta olmadim. Uni har doim ko‘rardim, yonidan befarq o‘tardim va ismiga ham qiziqmagan ekanman. Mana shu voqea tufayli bugun har bir xodim, yotrofimdagi har bir insonning kimligiga qiziqaman. Aslida biznesmen va rahbarning kuchi ham uning atrofida bo‘lgan, o‘z ishini sevgan insonlarni bilish va ularni hurmat qilishida ekan. Ya’ni, biznes insoniylik qoidalari asosida shakllanishi kerak.