Faoliyat nazariyasida ma’lum sharoitlardan ko‘zlangan maqsad masala deb ataladi. Masala echish jarayonini tasvirlashda ularni amalga oshiruvchi harakatlarni ham, muolajalarni ham ko‘rsatish lozim.
Muolajalarning asosiy xossasi ularning kamroq anglanganligi yoki umuman anglanmaganligidan iborat. Bu xossalari bilan muolajalar ongli maqsadni ham, harakatning bajarilishini nazorat qilishni ham belgilab beradigan harakatlardan tamomila farq qiladi.
Muolajalar ikki turga bo‘linadi: ba’zilari adaptatsiya, moslashish, bevosita taqlid qilish yordamida yuzaga keladi; boshqalari harakatlarni avtomatlashtirish vositasida paydo bo‘ladi. Birinchi turdagi muolajalar anglanmaydi, ularni ongimizda, hatto, maxsus vositalar yordamida ham hosil qilish mumkin emas. Ikkinchi tur muolajalar ong chegarasida joylashadi. Ular osongina dolzarb anglanuvchilarga aylanishi mumkin.
Har bir murakkab harakat harakatlar ketma-ketligi va «to‘shaluvchi» muolajalar qatlamidan iborat. Har bir murakkab harakatda dolzarb bo‘lgan ongli va anglanmagan faoliyatlar o‘rtasidagi chegaraning belgilanmaganligi harakatlar ketma-ketligini muolajalar ketma-ketligidan ajratib turuvchi chegaraning harakatchanligini bildiradi. Bu chegaraning yuqoriga yo‘nalgan harakati muolajadagi ba’zi harakatlarning (asosan, eng soddalarining) o‘zgarishini anglatadi. CHegaralarning pastga harakatlanishi esa, aksincha, muolajalarning harakatga aylanishini, ya’ni, faoliyatning maydaroq birliklarga bo‘linishini bildiradi. Quyida shunga mos misol keltiramiz. Munozara vaqtida sizda yangi g‘oya tug‘ildi, va siz ifodalanish usulini hisobga olmagan holda, asosan, mazmunidan kelib chiqib, uni bayon qildingiz, deb tasavvur qilamiz. Siz ko‘plab, ya’ni, aqliy, nutqli va h.k. muolajalar bilan ta’minlangan harakatni amalga oshirgan bo‘lasiz. Ularning barchasi birgalikda g‘oyani bayon qilish faoliyatini amalga oshirgan bo‘ladilar.
Faoliyat tuzilishidagi eng quyi daraja – psixofiziologik vazifalarni ko‘rib chiqamiz. Faoliyat nazariyasida bu vazifalarga psixik jarayonlarning fiziologik ta’minoti kiradi. Ularga odam organizmiga xos bo‘lgan his etish, o‘tmish taassurotlarining qoldiqlarini hosil qilish va qayd etish layoqatlari, motor layoqati va boshqalar kiradi. Mos ravishda sensor, mnemik, motor vazifalar haqida so‘z yuritish mumkin. Bu darajaga shuningdek, asab tizimi morfologiyasida mustahkam o‘rin tutgan tug‘ma va hayotning birinchi oylarida yuzaga keladigan mexanizlar kiradi. Barcha layoqat va mexanizmlar insonga tug‘ilishi bilanoq beriladi, ya’ni ular irsiyat tomonidan belgilangan bo‘ladi.
Psixofiziologik vazifalar psixik vazifalarni amalga oshirish uchun faoliyat vositalarini zarur dastlabki shart-sharoitlar bilan ta’minlaydi. Masalan, biror ma’lumotni xotiramizda saqlab qolish uchun tez va sifatli yodda saqlab qolishning maxsus usullaridan foydalanamiz. Lekin agarda biz yodda saqlab qolish layoqatidan iborat mnemik vazifalarga ega bo‘lmaganimizda, bu faoliyatni amalga oshira olmagan bo‘lardik. Mnemik vazifalar tug‘ma bo‘ladi. Bola tug‘ilishi bilanoq katta miqdordagi ma’lumotni yodida saqlay boshlaydi. Dastlab, bu oddiy axborot bo‘lib, keyinchalik rivojlanish jarayonida xotirada saqlanishi zarur bo‘lgan axborot hajmidan tashqari, yodda saqlashning sifat ko‘rsatkichlari ham o‘zgaradi.
«Korsakov sindromi» deb ataladigan (uni ilk marotaba o‘rgangan mashhur rossiyalik psixiatr S.S. Korsakov nomi bilan) xotira kasalligi mavjud. Bunda aynan mnemik vazifa oqsaydi. Bu kasallikda voqealar, hatto, bir necha daqiqa avval sodir bo‘lganlari ham umuman yodda saqlanib qolmaydi. Bunday bemorlar, masalan, shifokor bilan kuniga bir necha marta salomlashib, bugun ovqatlanganmi yoki yo‘qmi, eslamasligi ham mumkin. Bir bemor onasiga kitobiy asarning o‘ziga yoqib qolgan parchasini hozirgina o‘qib berganini yodidan chiqarib yuborib, beto‘xtov o‘qib berardi va, shu asnoda bir necha o‘n martalab takrorlardi. Agar bunday bemor biror matnni yod olishga urinib ko‘rsa, u shu zahotiyoq matn bilan birga yod olishningrni o‘zini ham yodidan chiqarib yuborishi mumkin.
SHunday qilib, psixofiziologik vazifalar faoliyat jarayonlarining organik ustqurmasini tashkil etadi, deb xulosa yasash mumkin. Ularga tayanmay turib, harakatlar va muolajalarning bajarilishidan tashqari vazifalar belgilanishining ham imkoniyati mavjud emas.
Istalgan faoliyat tuzilishida ichki va tashqi tarkibiy qismlarni ajratish mumkin. Ichki tarkibiy qismlarga markaziy asab tizimi tomonidan boshqariladigan faoliyatlarda ishtirok etadigan anatomik va fiziologik tuzilmalar hamda jarayonlar, shuningdek, faoliyatni boshqarishga taalluqli psixologik jarayonlar va holatlar kiradi. Tashqi tarkibiy qismlarga esa faoliyatni amaliyotda bajarish bilan bog‘liq turli harakatlarni kiritish mumkin (N.A. Bernshteyn).
Faoliyatning taraqqiy etib va o‘zgarib borishi bilan tashqi tarkibiy qismlarning ichkilariga tizimli o‘tishi amalga oshiriladi. Bunda interiorizatsiya, avtomatizatsiya va eksteriorizatsiya ham kuzatiladi.
SHunday qilib, tashqi faoliyatdan tashqari ichki, aqliy faoliyatni ham ajratish mumkin. Bunday faoliyatning vazifalari nimalardan iborat? Avvalambor, bu vazifalar ichki harakatlarning tashqi harakatlarni tayyorlashidan iborat. Ular zarur harakatni tezda tanlab olishga imkon yaratib, inson kuchini tejashga, shuningdek, qo‘pol xatoliklarga yo‘l qo‘ymaslikka yordam beradilar. Masalan, odam kitob javonlarini devorga qoqib qo‘yish uchun joyni mo‘ljallaydi. Bir yo‘lni tanlab olib, baholaydi, so‘ngra undan voz kechib, ikkinchisiga, uchinchisiga o‘tadi, nihoyat, o‘ziga mos va qulay holatda to‘xtaladi. Garchi bu vaqt ichida bir marta ham «barmog‘ini qimirlatib» qo‘ymaydi, ya’ni, biror bir amaliy harakatni amalga oshirmaydi.
Harakatlarni miyada «aylantirib chiqish» ularni oldindan o‘ylab olishga kiradi. Qanday harakat qilishni o‘ylayotgan inson qanday yo‘l tutadi? Qandaydir harakatning ro‘yobga chiqqanligini tasavvur qilib, uning oqibatlarini ko‘rib chiqadi. Ularga qarab, o‘zining holatiga mos keladigan harakatni tanlaydi. YOki boshqa misol, ko‘p hollarda inson qandaydir quvonchli hodisani kutganida, vaqtdan o‘zib, o‘sha hodisani bo‘lib o‘tganday tasavvur qiladi. Natijada o‘zini yuzida baxtli tabassum bilan o‘tirganini ko‘radi. Bu misollar insonning ichki faoliyatiga misol bo‘la oladi. U o‘zining ikki asosiy xususiyati bilan farqlanadi. Birinchidan, ichki faoliyat tashqi faoliyat kabi tuzilishga ega, ular bir-biridan faqat codir bo‘lish shakli bilan tafovutlanadi. Bu ikki faoliyat motivlar yordamida uyg‘otilishini, hissiy kechinmalar bilan birga kuzatilishini, o‘zining muolajaviy texnik tarkibi mavjudligini bildiradi. Ichki faoliyatning tashqi faoliyatdan farqi harakatlar real jismlar bilan emas, ularning xayoliy tasviri bilan amalga oshirilishidan, real mahsulot o‘rniga g‘oyaviy natija hosil bo‘lishidan iborat. Ikkinchidan, ichki faoliyat tashqi faoliyatdan mos harakatlarning ichki holatga o‘tkazilish yo‘li bilan paydo bo‘lgan. Biror-bir harakatni samarali ravishda fikran amalga oshirish uchun uni avvalo amaliyotda o‘zlashtirib olib, real natija olish lozim. Masalan, shaxmat o‘yinida donalarning yurishi o‘zlashtirilib, ularning oqibatlari idrok etilgandan keyingina shaxmat yurishini o‘ylab olish imkoniyati tug‘iladi.
SHuni ta’kidlab o‘tish lozimki, faoliyat nazariyasining mualliflari ichki faoliyat tushunchasi orqali ong va psixik jarayonlar tahlili muammosi bilan to‘qnashdilar. Faoliyat nazariyasi mualliflarining fikriga ko‘ra, psixik jarayonlar faoliyat nuqtai nazaridan tahlil qilinishi mumkin, chunki istalgan psixik jarayon o‘z vazifalari va muolajaviy-texnik tuzilishiga ega bo‘lib, ma’lum maqsadda amalga oshiriladi. Masalan, ta’mni idrok qilish ta’m sifatlarining o‘zaro farqlari va mos kelish darajalarini aniqlash bilan bog‘liq perseptiv maqsad va vazifalariga ega. Perseptiv vazifaga yana bir misol sifatida aniqlash jarayonini keltirish mumkin. Bunday vazifalarni kundalik hayotimizda muntazam holatda ko‘z bilan chamalash masalalarini hal etishda, chehralarni, ovozlarni tanib olishda va h.k.da bajarishga to‘g‘ri keladi. Barcha vazifalarni hal etish uchun har biriga mos ravishda farqlash, aniqlash, o‘lchash, tanish va boshqa harakatlar ko‘rinishidagi perseptiv harakatlar amalga oshiriladi.
Psixik jarayonlar (idrok, diqqat, xotira, tafakkur va h.k.)ni faoliyat nazariyasi nuqtai nazaridan faoliyatning alohida shakli sifatida o‘rganib, ma’lum axborotlar – faoliyatning umumiy tuzilishi, darajalari, kechish shakllari va h.k.ni qo‘llash mumkin va zarurdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |