Poliksen (Pt, Fe). Tarkibida platina 80-88% va temir 9-11%, u kub singoniyali. Tabiatda yaxlit kub shaklida kamroq uchraydi, asosan noto`g`ri donalar ko`rinishida bo`ladi. Poliksen rangi - kumushdek oq, ba`zan po`latdek kul rang. Qattiqligi 4-4,5. U ham boshqa metallardek eziluvchanlik xususiyatiga ega, ulanish tekisligi yo`q. Poliksen magnitga tortiladi va elektrni yaxshi o`tkazadi, ammo kislotalarda erimaydi. Platina guruhi minerallari genetik jihatdan o`ta asos magmatik jinslar bilan uzviy bog`liq bo`lgan tipik magmatik konlar hosil qiladi.
Osmiy-ruteniy (Os, Ru) va osmiyli iridiy guruhi minerallari, nisbatan kam tarqalgan.
Nevyanskit - (Ir, Os). U birinchi marta Uralning Nevyansk rayonida topilgan. Tarkibi o`zgaruvchan (% hisobida) Ir - 46,8-77,2; Os- 21,0-49,3; Ru -0-0,5, Rh-0,5-7,7; Pt-0,1-5,5; Cu- 0-0,9; Fe - 0-1,4. Nevyanskit - geksogonal singoniyada kristallanadi, rangi qalayi kabi oq, metall kabi yaltiroq. Qattiqligi 6-7, ancha mo`rt, solishtirma og`irligi 17,0 dan 21,0 gacha.
Ushbu guruh minerallari genetik jihatdan o`ta asos (dunit, peridotit) jinslar bilan uzviy bog`liq. Bu jinslarda platina guruhi minerallari asosan xromshpinelidlar bilan ba`zan mis sulfidlari bilan birga uchraydi.
Siserskit - Os, Ir, mineral nomi topilgan joyi Uralning Yekaterinburg viloyati Sisersk rayonidan kelib chiqqan. Geksagonal singoniyali, rangi och kul rang, ayrimda to`q kul rang. Solishtirma og`irligi o`zgaruvchan - 17,8-22,2 gacha. Bu mineral ham o`ta asosli intruziv jinslar natijasi hosil bo`ladi. Yuqorida bayon etilgan minerallar bironta kislotada erimaydi.
Yarim metallar guruhi minerallari
Ushbu guruh minerallari tabiatda kam uchraydi. Yarim metallarning ichki tuzilishining o`ziga xos xususiyati shundaki, har qaysi atom atrofidagi olti atomning uchtasi bilan kovalent bog`lanib, o`zaro birikkan strukturani hosil qiladi.
Margimush - As tabiatda kam uchraydi. Tarkibi o`zgaruvchan bo`lib As - 84-95% tashkil etadi. Aralashma holda Sb - 1,7-9,2%, kamdan-kam Ag, Fe, Ni ba`zan V ishtirok etadi. Trigonal singoniyada kristallanadi. Margimush buyraksimon, oqiq shaklli qobiqlar, stalaktit, puchoqsimon mahsulotlar holida uchraydi. Margimushning rangi qalayidek oq bo`lib, vaqt o`tishi bilan sariq-qo`ng`ir tusga kirib keyinchalik batamom qorayib qoladi. U yaltiroq, qattiqligi - 3,5, ancha mo`rt, solishtirma og`irligi 5,6-5,7. Sof margimush gidrotermal jarayonda paydo bo`ladi. Margimush odatda surma, nikel, kobalt, kumush va qo`rg`oshinlar bilan birga uchraydi. Ba`zi adabiyotlarda margimush ma`dan konlarining nurash zonalarida ikkilamchi mineral sifatida yuzaga kelishi qayd etilgan. Buyraksimon ko`rinishidagi sof tug`ma margimushining yirik uyumlari Rossiyaning Zabaykalye viloyati Chikoya daryosi qirg`og`ida uchraydi. Bundan tashqari Saksoniyadagi bir qator konlarda (Freyberg, Shneyberg, Annaberg) topilgan.
Vismut - Bi. Bu mineral margimush va surmaga qaraganda ko`proq uchraydi. Vismut trigonal singoniyada kristallanadi. Yaxshi kristallari kam uchraydi. Odatda xol-xol donali, ba`zan bargsimon va patsimon shakllarda uchratish mumkin. Vismut rangi kumushdek oq bo`lib, sarg`ish tovlanadi. Qattiqligi 2,5, ulanish tekisligi mukammal, qiyinchilik bilan eziladi. Solishtirma og`irligi 9,7-9,8. Vismut yuqori haroratli gidrotermal jarayonda paydo bo`ladi va kassiterit – SnO2, arsenopirit - FeAsS, vismutin – Bi2S3, volframit (Fe, Mn)WO4, molibdenit – MoS2 va boshqalar bilan birga uchraydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |