Minerallarning fizik xossalari
Tabiatdagi har bir mineral o’ziga xos fizik xossalarga ega. Minerallarni aniqlashda diagnostik ahamiyatga ega bo’lgan ana shu xossalarini bilish zarurdir.
Minerallarning fizik xossalari minerallarning rangi, chizig’ining rangi, yaltiroqligi, tiniqligi (shaffofligi), ulanish tekisligi, sinishi, qattiqligi, solishtirma og’irligi ayrim mineral uchun magnitlik xususiyati, tovlanishi, ta`mi (mazasi), kislota ta`sirida qaynashi kabilar kiradi.
Quyida minerallarning ayrim fizik xossalariga ta`rif berib o’tamiz:
Minerallarning rangi: Minerallarni qo’lga olar ekanmiz, ularning rangi bir ko’rishdayoq diqqatimizni o’ziga jalb etadi, shuning uchun minerallarga xos eng muhim diagnostik belgilarning biridir.
Ko’pgina minerallar nomining xuddi shu belgisiga qarab berish ham mutlaqo tabiiydir. Masalan: lazurit –(ko’k rangli), xlorit (grek "xloros" – yashil), rubin (lat "ruber" - qizil), rodonit (grek. "rodon" – pushti), gematit (grek. "gematikos" - qondek), albit (lat. "albus" – oq), melanit (grek "melas" - qora demakdir), pirit (och sariq)va boshqalarni ko’rsatish mumkin.
Umuman olganda minerallarning rangi haqidagi masala juda murakkabdir. Keyingi yillarda kristallangan moddalar rangining vujudga kelish sabablari sohasida fizika va kristallokimyo fanlari anchagina yutuqlarga erishgan bo’lsada, lekin ko’p masalalar hozir ham to’lg’incha o’rganilmagan.
Tabiiy birikmalar rangini ularning kristallokimyoviy xossalari bilan bog’lab batafsil umumlashtirish masalalarini birinchi bo’lib A.E.Fersman o’zining "Minerallarning rangi" (1937) kitobida bayon etgan edi.
Idioxromatizm (grek. "idios" – o’ziniki, grek "xroma" – rang, bo’yoq demakdir). Ko’p hollarda hech vaqt rangsiz kristallar bo’lib topilmaydigan tabiiy birikmalarning rangi o’sha mineralning ichki xususiyatlari bilan bog’liqdir. Masalan: qora rangli magnetit (FeFe2O4), jezsimon sariq pirit (FeS2), to’q qizil kinovar (HgS), misning yashil va ko’k rangli kislorodli tuzlari (malaxit, azurit, feruza va boshqalar) to’q-ko’k rangli lazurit va hokazo.
Minerallar rangi yangi sindirilgan yuzada aniqlanadi.
Minerallarning shunday o’ziga xos rangi idioxromatik rang deyiladi.
Alloxromatizm ("allos" grek – tashqi boshqa demakdir).
Oq tusli osh tuzi (galit) – kul rang, qo’ng’ir, pushti, (sarg’ish) va ba`zan ko’k ranglarda ham uchraydi. Kimyoviy xossasi bilan bog’liq bo’lmagan rangga ega ana shunday minerallarga alloxromatik minerallar deyiladi.
Ko’pdan-ko’p minerallarning o’ziga xos xususiyati rangidan o’zgarmasligidir. Masalan: malaxit doim yashil, azurit – ko’k, kinovar - qizil, ametist – binafsha va hokazo.
Psevdoxromatizm (grek. "psevdo" - qalbaki demakdir).
Ayrim shaffof minerallarning rangi ba`zan xilma-xil bo’lib tovlanib turadi, bu tushayotgan nurning ulanish tekisligi darzlari ichki yuzalaridan, ba`zan qandaydir aralashmalar yuzasidan qaytishi interferensiyasi bilan bog’liq. (suv ustidagi kerosin, neft, yog’ning har xil "kamalak rangdek" tovlanib turadigan pardasida ko’rganimizdek bizga tanishdir).
Bunday aldamchi rang hodisasi qattiq shaffof minerallarda ham bo’ladi. Labradorit degan ziynat tosh buning ajoyib misolidir. Uning ayniqsa jilolangan yuzasida ma`lum burchakka burib qaraganda har joy-har joyi chiroyli ko’k va yashil bo’lib tovlanib – chaqnab ko’rinadi, bu boshqa tarkibiga ko’ra asosiy massadan ajralib turadigan minerallarning yupqa plastinchalari aralashmasi borligi bilan bog’liq bo’lsa kerak.
Barcha minerallar rangiga ko’ra quyidagi guruhlarga bo’linadi:
1) oq kulsimon, rangsiz;
2) sariq, qo’ng’ir, jigar rang, pushti, qizil;
3) yashil;
4) ko’k, zangori, binafsha;
5) to’q kul rang, qora;
6) ko’k rangli va rang-barang.
Minerallarning yaltiroqligi
Mineral yuzasining nur qaytarish qobiliyatiga yaltiroqlik deyiladi. Minerallar yaltiroqligiga ko’ra quyidagi gruppalarga ajratiladi:
1. Metalldek yaltiroq (gematit, molibdenit, pirit, markazit).
2. Metalldek yaltiramaydigan (metallar) minerallar
a) olmos yaltiroqligi (olmos, sfalerit, kinovar);
b) shishadek yaltiroqlik (kvars, kalsit, osh tuzi, gipsning ayrim turlari);
d) yog’dek yaltiroqlik (nam tosh tuzining yangi sindirilgan yuzasi, sof tug’ma oltingugurt, nefelin).
3. Sadafdek yaltiroqlik (slyuda, talk va gipsning ayrim turlari).
4. Ipakdek yaltiroqlik – tolasimon tuzilgan (asbest) minerallarga xosdir. Yaltiramaydigan minerallar yuzasi odatda xira bo’ladi. Bularga bo’r, kaolin, har xil oxralar, temir gidrooksidining ba`zi turlari kiradi.
Minerallarning tiniqligi
Tiniqlik minerallarning o’zi orqali nur o’tkazish xususiyatidir. Minerallar tiniqligiga ko’ra quyidagi guruhga bo’linadi:
1. Tiniq minerallar. Ularda mineral kristallari orqali predmetlar tasviri yaxshi ko’rinib turadi. Masalan: tog’ xrustali, islandiya shpati, topaz, gipsning ayrim turlari misol bo’ladi.
2. Yarim tiniq minerallar. Bu minerallar orqali predmetlar tasviri uncha aniq ko’rinmaydi yoki g’ira-shira ko’rinadi (xalsedon va opallar, zumrad, kinovar, sfalerit va boshqalar).
3. Yorishib ko’rinadigan minerallar (nurlanuvchi). Ayrim minerallardan nur juda kuchsiz o’tkanligi sababli, ular yorishib ko’rinadi (nefrit, marmar). Ayrim minerallarda faqat ustki yupqa qismigina yorishib ko’rinadi (kremen, dala shpati). Bular nurlanuvchi minerallar deyiladi.
4. Tiniqmas minerallar. Ularga o’zidan deyarli nur o’tkazmaydigan metall yaltiroqli va rudali minerallar kiradi (pirit, magnetit, grafit va hokazo).
Minerallarning tiniqligi ularning yupqa plastinkasi orqali qog’ozdagi yozuvni qanchalik ravshan ko’rinishiga qarab aniqlanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |