Erkin fuqaro va ozod shaxs quyidagi tо’rt jihatga ega bo’lishi lozim
о’z haq haquqini taniydigan va buning uchun kurashadigan
|
о’z kuchi va imkoniyatlarini ishga solib uning samarasini kо’radigan
|
atrofida sodir bо’layotgan voqea- hodisalarga mustaqil munosabat bildira oladigan
|
shaxsiy manfaatini mamlakat va xalq manfaati bilan uygun holda kо’rib
faoliyat yuritadigan bо’lishi lozim
|
Mafkura tushunchalar, g‘oyalar, baholar, meyorlar, qarashlar, nazariyalar, ta’limotlar va ideallardan iborat nazariy ongning tizimlashtirilgan qismidir. Aynan tizimga keltirilgani, muayyan sistemani tashkil etgani mafkurani shunchaki fikrlar yig‘indisidan ajratib turadi. Nazariy ongning tizimlashtirilgan qismi o‘laroq mafkura ko‘proq individual emas, jamoaviy, ijtimoiy xarakterga ega. Individual ongda u aks etadi, individual ong uning rivojlanishiga ta’sir ko‘rsatadi. Ijtimoiy mafkura keng mazmunda nazariy g‘oyalarni, mulohazalarni, qarashlarni, konsepsiyalarni, falsafiy, ilmiy, siyosiy, diniy, iqtisodiy, axloqiy, estetik, huquqiy ta’limotlarni anglatadi. Har qanday qarashlar tizimi emas, balki nazariy qarashlar tizimi ijtimoiy ideologiyaga kiradi. Tor ma’noda mafkura siyosiy va e’tiqodiy qarashlar tizimini anglatadi.
Tor mazmundagi mafkura – bu siyosiy partiyalar, diniy tashkilotlar, mazhablarning siyosiy hokimiyatga, jamiyat hayotini muayyan yo‘nalishda tashkil etib, boshqarishga bo‘lgan da’volarini, konseptual g‘oyalarini va dasturini ifodalaydi. Nodemokratik va totalitar tuzumlarda aynan shunday mafkuralardan biri davlat maqomini olishi mumkin. Tor mazmundagi mafkurada siyosiylashish va e’tiqodiy pozitsiya birinchi o‘ringa chiqadi.
Keng mazmundagi mafkura ijtimoiy ongning tafakkur bilan bog‘liq yuqori darajasiga taalluqli nafaqat siyosiy va e’tiqodiy g‘oyalar, qarashlarni, balki barcha tizimlashgan ilmiy, axloqiy, badiiy, huquqiy, iqtisodiy, texnikaviy qarashlar va h.k.larni ifodalaydi. Bilish nazariyasidan tashqarida, aytaylik, ijtimoiy filosofiyada, sotsiologiya, siyosatshunoslik, ijtimoiy pedagogika kabi fanlarda mafkura haqida gap ketganda, agar maxsus ta’kidlanmasa, odatda tor mazmunodagi siyosiy mafkura nazarda tutiladi. Faqat filosofiya va bilish nazariyasi mafkurani tizimlashgan barcha nazariy qarashlar yig‘indisi sifatida talqin qiladi.
Ma’lumki, aqliy mehnat jismoniy mehnatdan ajralib chiqib, ilm-fan va nazariy ong vujudga kelganda, jamiyat turli ijtimoiy tabaqalarga, qatlamlarga, sinflarga ajralib, bo‘linayotgan davr edi. Tabiiyki, har bir ijtimoiy guruhning, tabaqaning, sinfning o‘z iqtisodiy, siyosiy, madaniy va boshqa ijtimoiy manfaatlari bor edi. Ular qaysidir jihatlari bilan o‘zaro yaqin, mos bo‘lsa-da, qaysidir jihatlari bilan mos kelmas, ba’zan hatto qarama-qarshi edi. Tabaqaviy manfaatlarni ifodalab, o‘zaro mos kelmaydigan g‘oyalar, fikrlar va qarashlar shakllanib, tizimlasha boshladi. Shunday qilib, xilma-xil mafkuralar vujudga keldi.
Mafkura muayyan ijtimoiy guruhlarning (tabaqalarning, sinflarning va sh.k.) manfaatlarini ifodalaydigan, himoya qiladigan g‘oyalar, shiorlar, fikrlar, qarashlar, nazariyalar, ideallar tizimidir. Yirik muayyan ijtimoiy guruhlar o‘zlarining siyosiy partiyalarini tuzadilar. Siyosiy partiyalari orqali hokimiyat uchun kurashadilar. Partiyalarning kurash taktikasi, strategiyasini asoslovchi qarashlar, fikrlar, muayyan siyosiy vaziyatda olib boradigan targ‘ibot-tashviqotining mazmuni, shakli, siyosiy reklamasi, saylovlarda, ommaviy tadbirlarda, bayramlarda qo‘llaydigan, tarqatadigan shiorlari ham partiya mafkurasining ajralmas qismidir. Shu sababdan siyosiy mafkuralar qisman sinfiy xarakter kasb etadi, ular orasida bahs, g‘oyaviy kurash yuzaga keladi. Ammo mafkuralarning sinfiy xarakterini marksizmga o‘xshab mutlaqlashtirmaslik kerak.
Siyosiy mafkurada sinfiy-tabaqaviy manfaatlardan tashqari yoki u yoki bu darajada umummilliy, umuminsoniy manfaatlar ham aks etadi. Milliy mustaqillikka xavf tug‘ilganda, vatanparvarlik tuyg‘usi jamiyatning barcha ijtimoiy guruhlarini qamrab olishi tarixda ko‘p kuzatilgan. Birinchi jahon urushi II-internatsionalga kirgan ko‘plab sotsial-demokratik partiyalarni sinfiy-proletar baynalminalchilikidan millatchilikka o‘tib ketishiga olib kelgan edi. Germanida ham, Rossiyada ham urush boshlanishi barcha tabaqalar, sinflar vakillarini dastlab birlashtirgan, vatanparvarlikni kuchaytirgan edi. Bu misollar sinfiy-tabaqaviy mafkuralarda milliylik mavjudligini, ma’lum vaziyatlarda sinfiylikka nisbatan milliylik (to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri tushunilgan, ijobiy yoki salbiy mazmundagi), aniqrog‘i millatchilik ustunlik qilishi mumkinligini ko‘rsatadi.
Industrial jamiyat dastlab g‘arbda shakllandi. U, avval aytib o‘tganimizdek, ashaddiy ekspluatatsiyaga, uning oqibati sifatida sinfiy qarama-qarshilikka (konfrontatsiyaga) asoslangan edi. Industrial jamiyat ijtimoiy-sinfiy konfrontatsiya, siyosiy inqiloblar, zabastovka va stachkalar jamiyatidir. Ijtimoiy-sinfiy konfrontatsiya, tabiiyki, xuddi shunday o‘ziga o‘xshash konfrontatsion mafkuralarni tug‘dirdi. Mafkuralar kurashi sinfiy kurashning bir turiga aylandi (siyosiy va iqtisodiy qarashlar qatorida). Postindustrial jamiyatda ijtimoiy-sinfiy konfrontatsiya yildan yil susayib bordi. Natijada g‘arbda murosaga moyil, islohiy o‘zgarishlar, evolyutsion rivojlanish tarafdori bo‘lgan mafkuralar rivojlana boshladi. Asta-sekin inqirozlar, keskin raqobat va ishsizlik darajasi yuqori sharoitda yuzaga kelgan ijtimoiy sinfiy konfrontatsiya o‘rniga ijtimoiy sheriklik g‘oyasi olg‘a surila boshladi. Chunki ijtimoiy konfrontatsiyadan, aytaylik, zabastovkadan har ikki tomon zarar ko‘radi. Korxona sinib qolsa, uning ishchilari ko‘chada qoladi. Tabiiyki, ijtimoiy sherikchilikni asoslovchi mafkuralar paydo bo‘ldi.
Mafkura tizimlashgan nazariy ong sifatida ma’naviy ongning muhim tarkibiy qismini tashkil qiladi. Siyosiy partiyalarning taktik kurashi bilan bog‘liq shiorlari, targ‘ibot-tashviqot adabiyoti va tadbirlari bevosita ma’naviy hayotning ajralmas qismidir. Odamlar ongiga, siyosiy, huquqiy, iqtisodiy qarashlariga, ularning jamiyatga va davlat hokimiyati faoliyatiga qanday munosabatda bo‘lishiga, amaliy xatti-harakatiga qattiq ta’sir ko‘rsatadi. Ba’zan odamlarning bir qismini hatto chalg‘itadi (ba’zi ekstremistik ruhdagi siyosiy partiyalar va diniy oqimlar mafkurasi).
Mafkura milliy ma’naviyat bilan doimo dialektik aloqadorlikda. Ba’zan ular o‘rtasida ayniyat munosabatlari, ko‘pincha farq, tafovut va ayrim hollarda qarama-qarshilik munosabatlari vujudga keladi. Ayniyat jamiyatda, ijtimoiy ongda ko‘proq tarixiy burilishlar yuz bergan, yangilanish, ijtimoiy hayot va munosabatlarni tubdan isloh qilish g‘oyasi butun xalq ongini egallagan, umummilliy manfaatlar barcha xususiy, korporativ va tabaqaviy mafaatlaridan ustun qo‘yilgan paytda yuz beradi. Albatta, ba’zi bir kishilar, tarix sahnasidan tushayotgan sinflar, tabaqalarning reaksion vakillari, har xil marginal qatlamlar (jinoyatchilar, daydilar, giyohvandlar va sh.k.) vakillari yuz berayotgan o‘zgarishlarga, yangi g‘oyalarga salbiy munosabatda yoki befarq bo‘lishi mumkin. Mutlaq birlik hech qachon yuz bermaydi. Ammo umummilliy ongdagi, maqsaddagi yakdillik, ko‘tarinkilik mafkura va ma’naviyat o‘rtasida ayniyat vujudga kelishiga sabab bo‘ladi.
Bundan tashqari, keng mazmundagi mafkurada, ya’ni ijtimoiy ong shakllari - falsafada, ilm-fanda, dinda, axloqda, adabiyot va san’atda – ongning yuqori darajasida bevosita tor sinfiy-tabaqaviy manfaatlarni emas, umummilliy va umuminsoniy qadriyatlarni ifodalaydigan tushunchalar, g‘oyalar, meyorlar, qarashlar, ideallar majassamlangan. Mafkuraning ushbu qismi ma’naviyat bilan ko‘p hollarda ayniyatni tashkil qiladi. Lekin muayyan sinfiy-partiyaviy yoki siyosiy harakat mafkurasining hokimiyatga intilishini, o‘z moddiy-iqtisodiy ahvolini mustahkamlashini, daromadlarini, ijtimoiy-huquqiy va siyosiy mavqeini mustahkamlash bilan bog‘liq g‘oyalari ularga muxolif, raqib partiyalar, harakatlar mafkurasiga mos kelmaydi. Ba’zan butun milliy ma’naviyatga zid bo‘ladi. Masalan, siyosiy partiya yoki harakat ekstremistik ruhda targ‘ibot-tashviqot olib borsa, kurashning noqonuniy usullaridan, yolg‘ondan, g‘oyalarni va dalillarni soxtalashtirishdan, ijtimoiy demagogiyadan toymasa, uning mafkurasi milliy ma’naviyatga, umuman milliy manfaatlarga zid keladi. Chunki bunday mafkura noilmiyligidan, g‘arazliligidan tashqari, milliy konsolidatsiyaga (jipslikka) putur yetkazib, millatni bo‘lib yuborishi, ijtimoiy-siyosiy barqarorlikni izdan chiqarishi mumkin. Bunga o‘tmishdan ham, bugungi kundan ham istagancha misol topish mumkin. Islom Karimov to‘g‘ri ta’kidlaganidek, mafkura poligonlari yadro poligonlaridan ko‘proq kuchga ega.
Mafkura qanday hollarda milliy ma’naviyatga u yoki bu darajada mos keladi? Qisman bu savolga yuqorida javob berildi. Yana shuni qo‘shimcha qilish lozimki, mafkura bunyodkor g‘oyalar asosida shakllansa, taraqqiyparvarlik va insonparvarlik, xalqparvarlik, vatanparvarlik tamoyillariga zid bo‘lmasa, o‘zini millat manfaatlarini ifodalovchi va himoya qiluvchi birdan bir to‘g‘ri mafkura, deb hisoblamasa, boshqa qarashlarga nisbatan tolerant bo‘lsa, unda tanqidbozlikka va boshqa qarashlarni faqat inkor qilishga nisbatan murosago‘ylik va yaratuvchilik ustunlik qilsa, milliy ma’naviyat bilan u yoki bu darajada uyg‘unlashadi. Ammo mafkura va milliy ma’naviyat o‘rtasida to‘liq uyg‘unlik yuzaga kelmaydi. Chunki ma’naviyat tushunchasi mazmuni, birinchidan, mafkura tushunchasiga nisbatan ancha keng. Ikkinchidan, milliy ma’naviyat umumiylikni va sobitlikni, barqarorlikni ifodalaydi. Mafkura esa xususiylikni, sobitlik qatorida nisbatan tez o‘zgaruvchi, siyosiy konyunktura bilan bog‘liq g‘oyalarni, targ‘ibot-tashviqotni ham o‘z tarkibiga oladi.
Bunyodkor g‘oyalar asosida shakllangan mafkuralar, o‘zlariga tegishli ijtimoiy guruhlarning manfaatlarini ifodalashidan qat’i nazar, jamiyatning, millatning rivojlanishiga xizmat qiladi. Ular milliy ma’naviyatdagi rang-barangliklar birligini, mushtarakligini tashkil etadi. YA’ni milliy ma’naviyatni g‘oyalar, fikrlar, qarashlar, nazariyalar, qadriyatlar xilma-xilligi bilan boyitadi. Bunyodkor g‘oyalar asosida shakllangan mafkuralar o‘rtasidagi bahslar, sog‘lom raqobat, turli ijtimoiy guruhlar, qatlamlar, tabaqalar, sinflar manfaatlarini to‘laroq hisobga olish, demokratiya va inson erkinliklarini rivojlantirish uchun ko‘proq imkoniyat yaratadi.
Yakkahokimlikka intiladigan mafkura ijtimoiy hayotni, milliy ma’naviyatni birxillashtirishga, o‘ziga moslashtirishga harakat qiladi. Nafaqat ijtimoiy-siyosiy, shuningdek ma’naviy hayot ham birorta mafkura yakkahukumronligi sharoitida rangi-tusi, andozasi, tartib-intizomi bir xil, ijtimoiy munosabatlari qat’i iyerarxiyalashtirilgan (pog‘onalashtirilgan) harbiy-kazarmacha birxillik kasb etadi. Ijtimoiy ongda dogmatizm, ma’naviy hayotda, ijodda andozabozlik asta-sekin ustunlik qiladi. Jamiyatda turg‘unlik boshlanadi.
Birorta mafkuraning yakkahokimligi odamlar o‘rtasidagi munosabatlarni ham izdan chiqaradi, inson qadr-qimmatini pastga uradi. Sobiq SSSRda kommunistik mafkuraning yakkahokimligi butun jamiyatga, odamlar ongiga, ma’naviyatga, madaniy merosga qanchalar zarar yetkazgani, boshqacha fikrlaydigan ziyolilarning, siyosiy arboblar, rahbar va mutaxasislarning qatag‘on qilinishiga sabab bo‘lgani haqida biz o‘tgan mavzularda ko‘p gapirdik. Ularni takrorlamasdan, yana yakkahokim mafkuraning ba’zi salbiy oqibatlarini e’tirof etamiz.
Yakkahokim mafkura boshqa mafkurani siqib chiqarishga, qisman yoki to‘liq taqiqlashga intiladi. Bu bilan jamiyatni rivojlantirishning turli variantlarini hisobga olishga to‘sqinlik qiladi. Bunday biryoqlamalik barcha ijtimoiy guruhlar, tabaqalar, sinflarning manfaatlari yetarlicha hisobga olinmasligiga sabab bo‘ladi. Turli qarashlar, nazariyalar, ta’limotlar o‘rtasidagi bahsga, pirovardida obyektiv haqiqatni izlashga zarar yetadi. Odamlar o‘z fikrini, qarashlarini ochiq bayon etishdan qo‘rqib qoladi, yoki ularning o‘z fikrini ochiq aytishida hech qanday ma’ni qolmaydi. Negaki, ular hisobga olinmaydi. Natijada odamlarning bunyodkorlik tashabbuslari so‘na boshlaydi. Chunki rasmiy, hukmron mafkuraga mos kelmasa, tashabbuskor shaxsga, guruhga nisbatan davlatda shubha uyg‘onadi.
Ba’zi kishilar o‘zini davlat tuzumiga, uning mafkurasiga sodiq qilib ko‘rsatish uchun, dabdabali soxta maqtovdan, nosamimiylikdan, hatto ochiqcha yolg‘on aytishdan tonmaydi. Yakkahokim mafkura shaxsga sig‘inishning turli shakllarini keltirib chiqaradi. Ayrim kishilar yuqoridagi sabablarga yoki o‘z raqiblaridan o‘ch olish niyatida siyosiy chaqimchilik qiladi, davlat idoralariga ular ustidan turli xil imzosiz xatlar, yoki ochiqchasiga tuhmat, buhton aralash shikoyatlar yozishga odatlanadi. Odamlar o‘rtasida ma’naviy begonalash, shubhakorlik kuchayadi, mehr-oqibat susayadi.
Shunday qilib, yakkahokim mafkura, bir tomondan, ma’naviyatni qashshoqlashtiradi, qolipga tiqadi, andozalashtiradi, birxillashtiradi. Ikkinchi tomondan, odamlarning ma’naviy ongini zaharlaydi va insoniy munosabatlarni izdan chiqaradi, ijtimoiy qo‘rquvni jamiyat hayotining boshqaruvchi omiliga aylantiradi. Aynan mazkur oqibatlarga olib kelishda yakkahokimlikka intilgan mafkuraning g‘ayriinsoniy va aksilma’naviy mohiyati namoyon bo‘ladi.
Shu sababdan mustaqil O‘zbekistonda mafkuraviy yakkahokimlikka, kommunistik mafkuraning mutlaqlashtirgan sinfiylik, partiyaviylik, jangovor ateizm tamoyillariga, adabiyot va san’atda qat’iy, dogmatik andozaga aylangan “sotsialistik realizm” badiiy usuliga, davlat senzurasiga barham berildi. Mafkuraviy plyuralizm, tafakkur erkinligi , e’tiqod va vijdon erkinligi konstitutsiyada va tegishli qonunlarda mustahkamlab qo‘yildi. Muqaddas islom dinimizga (umuman dinga), madaniy merosimizga munosabat o‘zgardi. Tarixiy xotiramizni tiklashga ulkan e’tibor qaratilib, buyuk allomalarimiz, siyosiy va davlat arboblarimiz nomlari, hayoti, qilgan ishlari, qoldirgan asarlari, ma’naviy merosi xalqimizga qaytarildi. Ko‘ppartiyaviylik, mafkuralar, qarashlar xilma xilligi qaror topdi. Ko‘ppartiyaviylik va mafkuralar xilma xilligi jamiyat birligiga, milliy jipslikka, milliy ma’naviyatga ziyon yetkazmasligi, aksincha, ularni boyitishga xizmat qilishga erishish uchun ularni birlashtiruvchi, umumiy maqsad va qadriyatlar mo‘ljali bilan ta’minlovchi milliy g‘oya va mafkura ishlab chiqildi.
Mafkura arabchadan o’zbek tiliga kirib kelgan so’z bo’lib, “fikr yuritish”, “tafakkur”, “e’tqidoq va maslaklar tizimi” ma’nolarida qo’llaniladi. Mafkura- muayyan ijtimoiy guruh, qatlam, elat millat, xalq jamiyat, davlat ehtiyoj va manfaatlari, orzu-istaklari, maqsad va intilishlarini, ijtimoiy-ma’naviy tamoyillarini ifoda etadigan g’oyalar, ualarni amalga oshirish usul va vositalari tizimidir.
Milliy g‘oya xalqimizning mustaqillikka, erkinlikka, obod va farovon turmushga, o‘zligini, o‘z imkoniyatlarini to‘la ro‘yobga chiqarishga qaratilgan oliy maqsadini, intilishini mujassam ifodalaydi. Milliy g‘oyaning, oliy maqsadning mazmun-mohiyatini, uning asosiy tushunchalari, tamoyillari, qadriyatlari, mezonlari, meyorlari, bu maqsad yo‘lida hal qilinishi lozim bo‘lgan muammolarni, amalga oshirish yuzasidan dasturlarni, chora-tadbirlarni, vazifalarni milliy mafkura aniqlab, belgilab beradi. Milliy g‘oya jamiyat hayotining barcha sohalarida amalga oshirilishi zarur. Shu bois iqtisodiy islohotlar dasturi, strategik va taktik vazifalari, konkret chora-tadbirlaridan tortib, davlat va jamiyat qurilishi, siyosiy va demokratik islohotlargacha, ijtimoiy hayotning har bir tarmog‘ini isloh qilishdan, kadrlar tayyorlash, ma’naviyatni rivojlantirishgacha bo‘lgan dasturlar milliy mafkura tomonidan ishlab chiqiladi.
Har qanday islohotlarning muvaffaqiyati ularni jamiyat a’zolari to‘g‘ri qabul qilishiga, qo‘llab-quvvatlashiga bog‘liq. Milliy mafkura ularni xalq ongiga yetkazishga, odamlarni milliy g‘oyaga, islohotlar g‘oyalariga sodiqlik ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi. Bunda uning ma’naviy mohiyati namoyon bo‘ladi. Milliy mafkura xalqimizga o‘zligini, o‘zining milliy manfaatlarini chuqur tushunishga, bilib olishga, shaxs va jamiyat manfaatlarini uyg‘unlashtirishga yordam beradi.
Milliy mafkura har bir alohida shaxsga ham, butun millatga ham o‘z yutuqlari qatorida kamchiliklarini anglab olishga, ularni bartaraf etishga ishtiyoq tug‘dirishi, bu borada milliy irodani mustahkamlashi kerak. Shunda milliy mafkuraning ma’naviy mohiyati, yaratuvchilik salohiyati yanada yorqinroq yuzaga chiqadi. Milliy mafkura xalqimizni jipslashtirishga, odamlarimizning ma’naviy komillikka intilishiga xizmat qiladi. Milliy istiqlol mafkurasi tor sinfiy-tabaqaviy mazmunga ega emas, u aholining muayyan qatlamining, muayyan tabaqasining, sinfining manfaatlarini emas, butun xalqning, mamlakat aholisining manfaatlarini, butun jamiyatning manfaatlarini aks ettiradi. U sinfiylik va partiyaviylikdan xoli. Uning ortida davlat kuchi va resurslari turgani yo‘q. Zero, u davlat maqomiga ega emas.
Do'stlaringiz bilan baham: |