Uslubiy ko’rsatmalar
O’qituvchi - antibiotiklarning faollik birligi, uni aniqlashni, bakteriyalarning antibiotiklarga sezchanligini aniqlash usullarini tanishtiradi. Talabalarga vazifa beradi: qog’oz diskli usulini bajarish. Avvaldan tayyorlangan qog’oz diskli usulini xulosasini daftarga yozish. O’sishdan to’xtash zonasini o’lchash.
Antibiotiklar - bakteriyalardan (gramisidin, polimiksin, tirotrisin, subtilin va h.k.), aktinomitsetlar (streptomitsin, neomitsin, tetrasiklin, eritromitsin va h.k.), mog’or va lishayniklar (penitsillin, grizeofulvin va h,k.), hayvonlar (lizosim, eritrin, ekmolin va h.k.) va o’simliklardan (allisin, fitoaleksin, aloe, piyoz va sarimsoq fitonsidlari va h.k.) olinadi. Bu ularning hayot faoliyatida hosil bo’lgan mahsulotlar, davolash amaliyotida antibiotiklar ta'sir etish spektoriga qarab farqlanadi: mikroorganizmlarning alohida bir guruhiga (masalan, grammusbat yoki grammanfiylariga) ta'sir etuvchi yoki har xil guruh mikroblarga ta'sir etuvchi. Antibiotiklar sanoat asosida kaliy, natriy, kalsiyli tuzlari ko’rinishida tayyorlanadi va maxsus upakovkalarda chiqariladi. Hamma vaqt preparatni chiqarishdan avval uning faolligi aniqlanadi
Antibiotiklar ma'lum mikroblar guruhiga antimikrobli ta'sir etib, ularni rivojlanishdan to’xtatadi yoki o’ldiradi.
Antibiotiklarning biologik faolligi - ta'sir birligi TB bilan belgilanib, 1ml eritma (TB/ ml) va 1 mg preparatdagi miqdori (TB / mg) bilan ifodalanadi.
Antibiotikning ta'sir birligi (TB) deb ma'lum hajmdagi oziq muhitda unga sezgir standart test mikrobni o’ldiradigan eng kam miqdoriga aytiladi. Har bir antibiotikning faolligini aniqlashda o’ziga xos test mikrob ishlatiladi: penitsillin uchun - tillarang stafilokokk 209-R, streptomitsin va tetrasiklin uchun - Bac. Subtilis, biomitsin, levomitsetin uchun - E.coli. Antibiotiklarning biologik faol ta'sir birligi bir xil emas: penitsillinning 1 TB - 0,6 mkg, streptomitsin - 1 mkg, neomitsin.- 3,3 mkg sof moddaga ekvivalent. Antibiotikning 1 TB ga ekvivalent og’irlik miqdori xalqaro ta'sir birlik (XTB) deyiladi.
Samarali antibiotiklarni tanlash uchun laboratoriyada ajratilgan sof kulturaning antibiotiklarga sezgirligi aniqlanadi. Mikrobning antibiotiklarga sezgirligi ularning eng oz miqdori 16-18 soatda bakteriyalarning o’sishini to’xtatishi yoki o’ldirishi bilan aniqlanadi. Buning ikki usuli bor:
1. Suyuq yoki zich oziq muhitlarda antibiotiklarni bir qator suyultirish.
2. Agarga diffuzlash (antibiotiklar shimdirilgan qog’oz disklar) usuli.
1-usul: a) oziq muhitni tanlash; b) antibiotikning eritmalarini tayyorlash; d) kulturani tekshirishga tayyorlash; e) natijani hisobga olish bilan bajariladi. Oziq muhit mikroorganizmning turi va tekshirish uslubiga bo’liq ravishda kulturaning optimal o’sishini ta'minlashi kerak (pH 7,2 - 7,4). Bir turdagi mikrobni bitta antibiotikka sezgirligini aniqlashga: 6 ta probirkada 2 ml dan - antibiotikni ketma-ket suyultirish uchun; 2 ta probirkada 9 - 10 ml dan kulturani suyultirish uchun va kolbada antibiotikning ishchi eritmasini tayyorlash uchun oziq muhit (GPB) olinadi. Antibiotiklarning asosiy va ishchi eritmalari ishlatiladi.
Asosiy eritma 1ml distillangan suvga 1000 mkg (TB) antibiotik hisobidan tayyorlanadi. Undan esa tajriba oldidan GPBda suyultirib ishchi eritmalar tayyorlanadi. Albatta mikroorganizmlarning taxminiy sezgirligi inobatga olinadi. Agar u 0,01 - 0,1 mkg/ml bo'lsa antibiotikning kerakli miqdorini olish uchun probirka va kolbada faolligi 0,5 mkg/ml bo’lgan steril ishchi eritma tayyorlanadi.
Qatordagi 2 ml oziq muhiti bor 6 ta probirkadan birinchisiga kolbadagi miqdori 0,5 mkg/ml bo’lgan antibiotikning ishchi eritmasidan 2 ml quyib, aralashtiriladi. Undan keyingi probirkaga 2ml dan ketma-ket o’tkazib birin-ketin suyultiriladi. Natijada birinchi probirkadagi oziq muhitda antibiotik miqdori 0,25 mkg, ikkinchisida - 0,12 mkg, keyingisida- 0,06; 0,03; 0,015; 0,007 mkg bo’ladi. Zich oziq muhitda aniqlash uchun 6 ta probirkada antibiotik bir qator suyultiriladi: 400, 200, 100, 50, 25 va 12,5 mkg /ml. Har bir probirkadan 1 ml steril Petri kosachasiga quyib, ustidan 19 ml dan (55°C) eritilgan GPA qo’shiladi va sekin chayqatib aralashtiriladi. Natijada Petri kosachalarida antibiotikning miqdori 20 marta kamayadi: 20,10, 5, 2,5, 1,25 va 0,6 mkg. Muhit qotguncha stolda turadi. Antibiotik suyultirilgan oziq muhitli probirkalarga yoki Petri kosachalariga 16-18 soat o’stirilgan aniq konsentratsiyali (10000 mikrob/ml) mikrob kulturasi 0,2 ml dan ekiladi so’ng probirkalarning 1 ml da 1000 ta mikrob bo’ladi. Termostatda 16-18 soat o’stirib, natijasi aniqlanadi: bakteriya o’smagan idishdagi antibiotikning miqdorini, yonidagi bakteriya o’sgan idishdagi antibiotikning miqdoriga qo’shib, ikkiga bo’lganda chiqqan raqam antibiotikning bakteriostatik miqdorini ko’rsatadi. 2- usul - laboratoriya amaliyotida ko’pincha agarga diffuzlash usuli qo’llaniladi. U perpendikular shtrixlar, agarli qoliplar, standart antibiotiklar shimdirilgan qog’oz disklar usullarida bajariladi.
Antibiotikli standart disklar ishlatilganda steril Petri kosachalariga 20 ml eritilgan GPA quyiladi. Muhit qotgandan so’ng, 1 ml 1 milliardli tekshiriladigan mikrob kulturasi muhit yuzasiga bir tekis surtiladi. Ortiqchasi pipetka bilan olib tashlanadi. Ekmalar 37°Cda 15-40 daqiqa quritiiadi, Keyin antibiotiklar shimdirilgan qog’oz disklarni steril pinset bilan kosachalar chetidan va bir-biridan 2 sm masofada o’rnatib, ustidan sekin bosiladi. Kosachaning markaziga ham bir dona disk o’rnatiladi. Har bir diskni o’rnatgandan keyin pinsetni alangada sterillash lozim. Kosachalar uy haroratida 2-3 soat, keyin 16-18 soat termostatda saqlanib, natijasi diskka qo’shib aniqlanadi: uning atrofida mikroblar o’smagan hududning diametri lineyka bilan o’lchanib, mm larda ifodalanadi va quyidagicha baholanadi: o’smagan hududning diametri 15 mm gacha bo’lsa mikrob antibiotikka kam sezuvchan; 15-25 mm sezuvchan; o’smagan hudud bo’lmasa sezuvchan emas. o’smagan hudud diametri qancha katta bo’lsa, bakteriyaning ushbu antibiotikka sezuvchanligi shuncha yuqori bo’ladi.
Nazorat savollari:
1. Antibiotiklar nima? Ular bakteriyalarga qanday ta'sir qiladi?
2. Antibiotiklarning ta'sir birligi deb nimaga aytiladi?
3. Agarga diffuzlash usulini ta'riflang.
4. Bakteriyalaming antibiotiklarga sezuvchanligini aniqlashning usullarini ayting.
5. Suyuq yoki zich oziq muhitlarda antibiotiklarni bir qator suyultirish usuli.
Do'stlaringiz bilan baham: |