«Talaba portfoliosi» - talabaning bilish jarayonidagi ijodiy mehnati natijalarini o‘zi tomonidan ob’ektiv baholash instrumenti, shaxsiy faoliyati refleksiyasidir. U hujjatlar to‘plami sifatida quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
talabaga «portfolio»ga joylashtirish uchun materiallar tanlash bo‘yicha topshiriqlar, ko‘rsatmalar;
talabaning ijodiy faoliyatlari bilan jiddiy tanishib borish, portfelga joylashtirilgan faoliyat turlarini baholash omillari va mezonlari;
portfolioni ob’ektiv baholash uchun ekspertlar guruhi anketasi.
Bunday «portfolio»ni an’anaviy usulda yoki elektron shaklda ta’lim muassasi saytida, oddiy Word formatida yaratish mumkin.
Talaba o‘z xohishiga ko‘ra yoki o‘qituvchi topshirig‘i asosida o‘zining turli ijodiy sohalardagi mustaqil ishlarini ma’lum ketma-ketlik asosida o‘z portfoliosiga joylashtiradi. Materiallar bir semestr, o‘quv yili yoki butun o‘quv yillari bo‘yicha olinishi mumkin. «Portfolio» yoki undagi alohida ishlar talaba tomonidan oldindan izohlanadi, ya’ni nima uchun u aynan u ushbu faoliyat turini tanladi, bu faoliyat turi bo‘yicha u qanday natijalarga erishdi yoki erisha olmadi, o‘qituvchining ushbu ish bo‘yicha bergan bahosidan rozimi, ushbu ish natijalari bo‘yicha qanday xulosalarga ega. Albatta har qanday bunday ish yo‘l qo‘yilgan xatolarni asosli ravishda tahlil qilishni talab etadi. O‘qituvchi alohida talabaga yoki talabalar guruhiga o‘z fani bo‘yicha shunday «portfolio» yaratishni taklif qilishi va uning tarkibini ko‘rsatib berishi mumkin. Bunday «portfolio»ning asosiy maqsadi talabaning o‘z faoliyatini fikrlab, asoslab va aniq dalillar asosida baholash qobiliyatini shakllantirishdan iboratdir. Belgilangan vaqt o‘tgach (semestr yoki o‘quv yili) yoki aniq hajmdagi ishlar tugagach, talabaning xohishi bilan ushbu dastur yoki loyiha bo‘yicha talaba o‘z portfoliosini taqdimot qilishi mumkin. Dastlab, taqdimotni kichik guruhda, keyin esa katta auditoriyada tashkil etish lozim. Agar «portfolio» elektron shaklda yaratilgan bo‘lsa, talaba o‘z hamkorlariga (talabalarga) yoki o‘qituvchiga o‘z parolini oshkor qilib, ushbu «portfolio» sahifalariga kirishiga ruxsat beradi va taqdimot tugagach parolni o‘zgartiradi. Talaba faoliyatini, ya’ni «portfolio» mazmunini baholash uchun o‘qituvchi maxsus ekspertlar belgilaydi. Materiallarni mashg‘ulot davrida muhokama qilish mumkin bo‘ladi. Agar buning uchun alohida vaqt, o‘quv soati ajratilmagan bo‘lsa off-line telekonferensiya rejimida yoki darsdan tashqari vaqtda ta’lim muassasi sayti forumida amalga oshirish mumkin. Bunday forumda talaba o‘zi tanlagan yoki o‘qituvchi tomonidan taklif etilgan bilim sohasi bo‘yicha butun kuchini berganligini, uning o‘z faoliyatiga bergan bahosi o‘qituvchi va ekspetlar guruhi tomonidan berilgan bahoga mos yoki mos emasligini isbotlashi zarur. U baholarni qaysi jihatdan to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri ekanligini ko‘rsatishi va o‘zining kelajakdagi ushbu bilim sohasidagi ijodiy faoliyati rejalari bilan xulosalashi lozim.
Agar talabalar o‘qituvchining o‘ziga nisbatan yaxshi, ochiq va samimiy munosabatda ekanliklarini his qilishsa, albatta o‘z fikrlari, tajribalari va kuzatish natijalari bilan o‘rtoqlashadilar. Chunki, har qanday talaba yoki shaxs o‘z ijodiy mehnati natijalari bo‘yicha boshqalar fikriga bee’tibor bo‘lmaydi. Faqat shu yo‘l bilangina shaxsni kamol toptirish, o‘stirish mumkin. Agar talabada bunday ishonch bo‘lmasa, ochiq muloqat yuzaga kelmaydi. Talaba yuqorida ko‘rsatilgan «portfolio»ni yuritganda ham odatdagidek sukut saqlaydi.
Talabalarni bunday texnologiya asosida tarbiyalash va ularga ta’lim berish rivojlangan davlatlarda allaqachon o‘z o‘rnini topgan, chunki Internet bu texnologiyani joriy etish uchun bir qancha qulayliklarni yarata oladi.
«Talaba portfoliosi» nafaqat akademik o‘zlashtirish, balki talabaning kommunikativ muvaffaqiyatlari, muomula madaniyati, sport va jamoat ishlaridagi faolligi bo‘yicha ham yuritilishi mumkin. Bunday «portfolio» muhokamasida (taqdimotida) ota-onalarning ham faol ishtirok etishlarini ta’minlash yanada yaxshi natijalarga olib keladi. Ota-onalar o‘z farzandlari faoliyati natijalarini baholashlari uchun o‘qituvchi yoki ekspert guruh tomonidan taklif etilgan baholash mezonlari va parametrlaridan foydalanishlari mumkin.
Bunday «portfolio» muallifining o‘z fikrlari va o‘z-o‘zini baholash natijalari muhokamasida ushbu texnologiya prinsiplari va baholash mezonlarini quyidagicha belgilash mumkin:
Aniq bilim sohasidagi faoliyat bo‘yicha o‘z-o‘zini baholash natijalari quyidagi omillar bilan asoslanadi:
ma’lum fan sohasi bo‘yicha bilimlarning o‘quv dasturiga mos kelishi;
bilish jarayonida talabaning mustaqil qarorlar qabul qilish qobiliyati, o‘z qarorlarining oqibatlarini bilish darajasi;
talabaning kommunikativ qobiliyatlari xususiyatlari (bahslarda qatnashish, o‘z qarorlarini asoslay olishi, materiallarni ravon va sodda tilda tushuntirib bera olishi).
Tizimli va muntazam o‘z monitoringini olib borishi. Talaba biror fan bo‘yicha o‘z yutuqlarini nazorat qilib borishni maqsad qilib olsa, u ushbu fan bo‘yicha muhim deb hisoblagan bilimlarini tizimiy ravishda «portfolio»ga joylashtirib boradi. Uning vazifasi - ushbu ishlarni diqqat bilan tahlil qilib borish, kerakli o‘zgartirishlar kiritish, unga tushuntirishlar berish, o‘z-o‘zini baholash bo‘yicha qisqa hisobot tayyorlash, ya’ni ushbu bilim sohasi bo‘yicha u nimalarni o‘zlashtirdi, nimalarni o‘zlashtira olmadi yoki tushunmadi, kelajakda nimalarga e’tibor qaratishi lozim. Shuningdek, u bu yerda o‘z bilimlariga o‘qituvchi, ekspertlar va ota-onasi tomonidan qo‘ygan baholarga ham fikrini bildirishi mumkin.
«Portfolio» materiallari tarkibi, barcha yozma tushuntirishlarning mantiqiyligi va aniqligi.
«Portfolio»da keltirilgan materiallarni to‘liqligi va mazmunan tugallanganligi.
«Portfolio»ni tartib bilan va estetik jihatdan did bilan yaratilganligi.
«Talaba portfoliosi» taqdimotini ko‘rgazmali, yaqqol va asoslangan holda bo‘lishi.
Do'stlaringiz bilan baham: |