Qisqacha xulosalar
Mikroiqtisodiyotning asosiy belgisi va afzalligi - bu jamiyatdagi jarayonlarda mavjud resurslarni cheklanganlarini qayd etib, ularni tejab ishlatish, farovonlikni oshirish yo‘llarini asoslab berish hisoblanadi.
Mikroiqtisodiyot fani - turli moddiy, moliyaviy, mehnat va boshqa tur boyliklarni bir korxona, bir tadbirkor, yakka uy xo‘jaligi faoliyati doirasida foydalanishini – olish, sotish, unga talab, uning taklifi, jamiyatdagi ma’lum bir mamlakatdagi barcha resurslar doiraviy aylanishini, ularni samarali ishlatilishini o‘rganadi.
Mikroiqtisodiyot iqtisodiyotning ayrim subyektlari - iste’molchilar, mehnat qiluvchilar, kapital qo‘yuvchilar, resurs egalari va ayrim firmalar tomonidan bir qarorga kelishning mexanizmini o‘rganadi. U bozorlar va sanoat tarmoqlarini shakllantiruvchi iste’molchilar va firmalarning birgalikdagi xatti-harakatlarini tadqiq etadi.
Mikroiqtisodiyot nazariyani tadbiq etishga asoslanadi, nazariya esa iqtisodiyot ayrim sub’ektlarining sa’y-harakatlarini tushuntirishga yordam beradi, kelajak uchun tegishli prognozlar qilishda qo‘l keladi. Nazariyaning matematik ifodasi bo‘lgan modellar mazkur tushuntirib berishning tasviri sifatida va prognozlash jarayonida qo‘llaniladi.
Mikroiqtisodiyotiyot iqtisodiy hodisalarni tushuntirib berish va prognozlash bilan shug‘ullanadi. Biroq, mikroiqtisodiyot uchun me’yoriy taxlil ham muhim bo‘lib, tahlilda biz qanday muqobillik kim uchun yaxshiroq, firma uchunmi yoki butun jamiyat uchunmi, degan savolga javob beramiz. Me’yoriy taxlil ko‘p hollarda ba’zi bir baholarni berishga oid mulohazalar bilan ham birga borishi zarur, chunki bu yerda tenglik va adolatlik iqtisodiy samaradorlik singari ko‘rib chiqilishi mumkin.
Xaridorlar va sotuvchilarning majmui bozor degan tushunchaga taalluqli bo‘lib, ularning o‘zaro aloqalari tufayli tovar va xizmatlarni sotish va sotib olish mumkin bo‘ladi. Mikroiqtisodiyot ayrim olingan bitta xaridor yoki sotuvchi narxga ta’sir ko‘rsata olmaydigan raqobatli bozorni ham, ayrim agentlar narxga ta’sir eta oladigan raqobatsiz bozorni ham o‘rganish bilan shug‘ullanadi.
Muqobil qiymat – bu voz kechilgan boshqa iqtisodiy ne’mat qimmati bilan o‘lchanadigan iqtisodiy ne’mat qimmatidir.
Oqilona ishlatish tamoyili bu inson oqilona faoliyatga intilishi, ya’ni eng kam resurslarni sarflab, o‘zining eng ko‘p ehtiyojlarini qondirishi haqidagi fikrdir.
Bozor tizimida noyob ne’matlar muammosi optimallashtirish va muqobil xarajatlar tamoyillari asosida yechiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |