«Oy yuzlik rafiqam, qunduz qoshlik ma’shuqam Kumush xonimga!
Shayton ustasi bo‘lg‘an Homidning manim otimdan sizga yozg‘an taloq xatisi ila menga qarshi yonib ketkan yurakingizning nafrat o‘ti ehtimol endi o‘cha tushkandir. Soxta taloq xatini olg‘an so‘ngingizda menga xitob qilib yozg‘an fikrlaringizdan ehtimol endi qaytayozg‘andirsiz... Bu xatni yozar ekan, muhabbatingiz bilan to‘luq bo‘lg‘an yurakim mudhish bir haqiqat ehtimolidan yafroq kabi titrar va o‘zining to‘lib-toshqan hasratlarini, faryodlarini ifodasidan adashar edi... Sizga ochib so‘zlay, go‘zal rafiqam: go‘yo manim bu maktubim sizning Komilbek uchun hasratlik yoshlar to‘kkan, o‘tlik ohlar tortqan chog‘ingizda erishar-da unutilg‘an, eskirgan bir yurakning arzini tinglay olmassiz va yonib turg‘an yurak o‘tingiz bilan kuydirarsiz...
Ammo xatimni o‘qumasangiz-da va marhumingiz uchun tortqan ohingiz o‘tida kuydirsangiz-da, manim uchun farqsizdir. Nega deysizmi? Chunki siz manim shar’iy rafiqamsiz — yaxshiliq bilan-da va yomonliq bilan-da men buni isbot qilishg‘a hozirman!
Uyingiz orqasida qilg‘an adabsizliklarim, xunxo‘rlik-larim uchun meni kechiringiz... Chunki men bu vahshiylikni ishlashda ixtiyorsiz edim: hayotingizning, nomusingizning saqlanishi buni taqozo etar edi... Albatta men ishonamankim, siz manim bu yaxshilig‘im uchun minnatdorlik qilarsiz. Lekin men bu minnatdorlikka o‘zimni sazovor hisoblay olmayman.
Men o‘shal kuni kechasi dushmanlardan birini o‘ldirdim-da, so‘ng darajada zaiflandim, ikkinchi dushmandan yengilishimni va ko‘yingizda jon berishimni aniq bilib rohatlanib ketdim... Manim uchun ko‘yingizda va oyog‘ingiz uchida jon berish juda shirin edi va ko‘bdan beri g‘oyam edi. Shuning uchun yaqinrog‘ingizda o‘lmak uchun, o‘lar ekanman,
so‘ng daqiqamda yana bir martaba bo‘yingizni olib o‘lish uchun dushman tomonidan uyingizga ochilg‘an tuynukchaga kirdim. Kirdim-da, sizni bo‘yingizni oldim, xafif tin olg‘andag‘i latif uxlag‘an tovshingizni eshitdim... Shu vaqt subhonolloh... o‘zimda kutilmagan bir kuch sezgan edim, ikki emas, ikki yuz dushmanga muqobala etishka o‘zimda qudrat ko‘rgan edim... Men o‘zimga bag‘ishlang‘an kuch manba’ini juda yaxshi onglar edim, mendagi bu o‘zgarish manba’i uy ichida uxlag‘uchi bir malak edi... Siz edingiz!»
Kumushbibi xatning bu o‘rniga yetkanda qizarinib, bir oz o‘qushdan to‘xtab oldi va davom etdi:
«Shundan so‘ng ikkinchi dushmanni tuynukdan chiqmayoq ishini bitirdim. Bizning foji’amizning asl omili bo‘lg‘an Homid esa go‘yo manim qo‘limda mushuk kabi o‘yin bo‘lg‘an, uni kulib turib, o‘ynab turib tilimlagan edim...
Esingizda bormi, meni dor ostidan qutqarib, menga yangi hayot bag‘ishlag‘aningiz? Bu kecha ham bu ikkinchi o‘limdan qutqarg‘uchi va ikkinchi martaba menga hayot bag‘ishlag‘uchi yana siz bo‘ldingiz! Shuning uchun minnatdorlik etkuchi siz emas, men bo‘lishg‘a tegishman!
Sizdan emas, otangizdan bir o‘pkalashim bor: soxta taloq xatini manim o‘z qo‘lim bo‘lib, bo‘lmag‘anini ajrata olmag‘an. Gumonimcha bu soxta xat sizga ham ko‘rsatilmagan o‘xshaydir, chunki, ayniqsa, sizning ko‘z o‘ngingizdan bu haqiqat qutila olmas edi... Har holda taqdirning bunchalik o‘yinlari turg‘an bir zamonda biz nima ham qila olur edik? Bu to‘g‘rida mendan ham o‘tkan joylari bordirkim, sizning birinchi martaba menga yozg‘an xatingiz ma’nosidan dahshatlik suratda o‘zimni tag‘ofilg‘a solg‘an va xat kelturguchini surishtirmasdan javob xati berib yuborgan edim. Shuning ila sizni-da, o‘zimni-da Homid qo‘lida o‘yin bo‘lmog‘imizg‘a katta yo‘l ochqan edim.
Ba’zi ehtimollarga qarshi siz bilan ko‘rishmak menga muyassar bo‘lmadi. Umrimda birinchi martaba ko‘ngil orzusig‘a qarshi bordim. Chunki manimcha oradag‘i qora tikon supirilgan edi. Mundan so‘ng hamisha meniki edingiz. Men Toshkandda yurarman, ammo ko‘zim o‘ngida sizning haykalingiz! Ajabo, busiz menga mumkinmi?!
Zavjingiz Otabek».
Kumushbibi xatni o‘qub tugatdi-da, yugirgilagancha uyiga kirib ketdi. Uning bu harakatidan qutidor bilan Oftob oyim ajabsinishib bir-birlariga qarashg‘an edilar. Kumushbibi qo‘lida ikkinchi bir maktub ko‘targanicha uydan chiqdi-da, sham’ yonida ikki xatni bir-birisiga solishtirib ko‘rdi. Bu xat Homidning Otabek tilidan yozg‘an taloqnomasi edi. Bu ikki xat birinchi qarashda-yoq ikki kishi tomonidan yozilg‘anliqlarini o‘z og‘izlaridan so‘zlab turar edilar.
Kumushbibi ikki xatni qator ushlab otasig‘a ko‘r-satdi:
Bularga qarangiz, ota! Bizni nechog‘liq g‘aflat bosqan ekan, — dedi. Qutidor qizining maqsadig‘a tushunib ikki turli qo‘lni darrav payqab oldi:
Vijdonsiz, iblis, imonsiz, kofir, — deb qo‘ydi.
Kumushbibi Otabekning xatini buklab cho‘nchagiga soldi-da, soxta xatni sham’ga tutib yondirar ekan, otasidan so‘radi.
Shu voqi’adan so‘ng kuyavingiz aniq kelganmi edi?
Kelgan edi, qizim.
Bechorani nega haydadingiz-da, nega meni, loaqal oyimni bu kelishdan xabardor qilmadingiz?
Men uning kelishini boshqa gapka yo‘yib, sizlarga bildirmagan edim...
Qizimizni taloq qilg‘an bir kishini Toshkand degan joydan eshikingizga kelishi sizga g‘arib tuyulmag‘anmi edi? — deb yana so‘radi Kumush.
Qutidor uyalish va o‘kinish orasida:
Jaholat kelsa, aql qochadir, qizim, — deb qo‘ydi.
Oftob oyim bilan qutidor Homidning iblisona ishla-riga «tavba-tavba» deb muqobala qilsalar ham, ammo Otabekning favqulodda yurakini so‘z orasida «baraka topkur, umring uzoq bo‘lg‘ur» bilan qarshi olar edilar. Kumushbibi esa butunlay boshqa qayg‘uda edi. Eru xotinning so‘zlari Otabekning Toshkandga ketib qolishi to‘g‘risig‘a kelib taqaldi-da, Oftob oyim Kumushdan so‘radi:
Senga kelishidan aytkanmi?
Kumushbibi siltalash nazari bilan ularga qaradi va keskin ohangda javob berdi.
Eru xotin ma’nolik qilib bir-birlariga qarashib olg‘ach, orada uzoqqina sukut boshlandi.
Kumush quti-dorg‘a savol nazari bilan bir-ikki qayta qarab ham qo‘ydi.
Kelib qolsa yaxshi, — dedi nihoyat qutidor, — kelmasa, Toshkandga o‘zimiz tushamiz-da, — deb xo-tinig‘a qaradi.
Bu so‘z Oftob oyimg‘a yoqmag‘anliqdan yuzini chetka burdi. Ammo Kumush otasidan rozi qolib, onasig‘a qaradi.
Qizing har qaysi yerda bo‘lsa ham sog‘ bo‘lsin, — dedi xotinig‘a qutidor. — Eriga topshirib, sen bilan manim tinchkina duo qilib o‘lturganimiz ma’qul o‘x-shaydir.
Endi qizingizning bir kami kundash balosi edimi?— dedi sapchib Oftob oyim.
Qutidor xotinig‘a kulib qaradi:
Eri yaxshi bo‘lsa, kundash balosi nima degan gap?
Eri ming yaxshi bo‘lsin, baribir kundash kundashligini qila beradir. Mashoyixlar bilmasdan «kundash» demaganlar.
Qutidor qizig‘a qarab kuldi va xotinini yupatdi:
Hamma vaqtga emas, qo‘rqma.
Menga qolsa bir kunni ham ko‘b ko‘raman, kundash bilan kechirilgan kun — kunmi?
Kuyavingning shuncha qilg‘an jonbozlig‘ini unutdingmi?
Nega unutay, — dedi Oftob oyim. — Kelsin. Mana bosh usti, bolam bir emas ikki.
Uldurki, qizimni kundash ustiga yuborishg‘a tish-tirnog‘im bilan qarshiman.
Besh-olti kunga ham-a?
Necha kunga?
Menga qolsa bitta-ikkita bolaliq bo‘lg‘uncha tur-sin, deyar edim. Sen bunga ko‘nmasang, bir-ikki oy turib kelsin, loaqal. Bir yigit qizingni deb ikki yillab sarson bo‘lg‘anda qizingni ikki oylik kundash azobidan hayf ko‘rish juda uyat, axir!
Qutidor «bitta-ikkita bolaliq» so‘zini aytkanda Kumush qizarinib yerga qarag‘an edi.
Oftob oyim eri-ning keyingi so‘zi bilan anchagina bo‘shashdi:
Bir oydan ortiqqa men rozi emasman, shunda ham kuyavimning yaxshilig‘i uchun,
dedi.
Ana endi o‘zingga kelding, xotin.
O‘zimga kelsam-kelmasam shartim haligi, shunda ham o‘zim birga borib kelaman.
Albatta, o‘zing birga borasan, qudalaring bilan tanishmog‘ing ham zarur.
Qachon yubormoqchi bo‘lasiz endi? — deb so‘radi Oftob oyim. Qutidor bir oz o‘ylab olg‘ach, Kumushka qarab javob berdi:
Otabek bilan ketma-ket chopishmog‘imiz ham uncha ma’qul ko‘rinmaydir. Undan so‘ng qish kuni arava safari ham qulay ish emas. Shuning uchun oradag‘i uch oy qishni o‘tkazib jo‘narmiz, — dedi. Kumushning uch oy muddatni eshitgach, juda ham hurpayib ketkani uchun bo‘lsa kerak, — balki o‘zi ham birar oylarda kelib qolar, — degan so‘zni-da qo‘shib qo‘ydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |