* * *
Kuz kunlarining oyog‘i va qish kunlarining boshi edi. Daraxtlardagi sariq barglar to‘kilib tugalgan, yer yuzi o‘zining qishqi sariq kiyimini kiygan edi. To‘rt tomoni-ning o‘ralg‘anlig‘i soyasida yaproqlarini to‘kilishdan saqlab qolg‘an bu gilos yog‘ochlari ham bu kun tungi qora sovuqqa chidalmay, yelning ozg‘ina harakati bilan-da barglarini shirt- shirt uzib tashlamoqda edilar. Havo ochiq bo‘lib, quyosh tuzukkina ko‘tarilgan, ammo
uning o‘zi ham bu kun uncha ta’siri yo‘q, bu kungi qora sovuq quyosh kuchini-da keskan edi.
O‘rta eshikdan Kumushbibi ko‘rindi. Burung‘i to‘la-lig‘i ketib ozg‘inlang‘an va lekin bu ozg‘inliq uning husniga kamchilik bermay, bil’aks yuqorilatqanlar. Kamon qoshlari ortiq mavj urib o‘zini ko‘rsatkan, bir oz bota tushkan shahlo ko‘zlar tag‘in ham tim qoraliq, tag‘in ham nurlilik kasb etkan edilar. Bu kungi sovuqqa qarshi kiyib olg‘an sovsar po‘stinining yoqalig‘i kishining hasadini ortdirib, nafis bag‘baqalarni o‘pib yotar edilar. Biroq unda bir kamchilik bordek ko‘rinar edi: shahlo ko‘zlar burung‘idek o‘ynab turmas va so‘ng chekdagi bir og‘irliq bilan harakatlanar edi. Bir tomondan qarag‘anda bu og‘irliq-da unga bir oliylik, ulug‘vorliq bag‘ishlag‘andek. Kelib ayvon muyishig‘a o‘lturdi- da, ko‘zlarini og‘irg‘ina harakatlandirib, ketma-ket chip-chip etib to‘kilmakda bo‘lg‘an hazonlarg‘a qaradi va har bir yaproqni yuqoridan kuzatib yerga qo‘ya bordi. Ul yerga tushkan har bir yaproqda o‘zining tarjumai holini o‘qur, o‘zini-da mavqi’idan ayrilib, hechka chiqib turg‘an shu xazonlardan ayira bilmas edi. Ayira bilmadi-da, latif ko‘kragini to‘rt enlik ko‘tarib tin oldi va ko‘zlari jiq yoshg‘a to‘ldi. Yeng ichidan bir-birisiga o‘tquzilg‘an ikki qo‘lini barobar ko‘tarib ko‘z yoshini artar ekan, ichkari havlidan Oftob oyim chiqib kelar edi. Ul yer ostidan qizig‘a ko‘z qirini tashlab mehmonxona eshigini ochishg‘a tutindi. Oftob oyimning orqasidan Oyshabibi ham ko‘rindi, kelib Kumush yonida to‘xtab so‘radi:
Nima qilib tashqarida o‘lturibsan?
O‘zim, — dedi Kumush qoshlarini chimirib, chetka yuzini o‘girdi.
Mehmonxonaga kirsang, sen bilan ikki og‘iz maslahatimiz bor edi.
Nima maslahatingiz bor?
Oldin kir, bolam, — dedi kampir va Kumushning yelkasiga qoqib turg‘izdi. Ular ichkaridagi sovchi xotinlarni yolg‘iz qoldirib, Kumushning so‘zini olish uchun tashqarig‘a chiqg‘an edilar. Ammo Kumush bo‘lsa sov-chilarning oldidan rizosizlig‘ini onglatqandek bir namoyish bilan ketkan edi. Ul mehmonxonag‘a kirgandan so‘ng ham tersayib tokchalardan nedir axtarg‘andek yurina boshladi.
Tokchada san qidirg‘an narsa yo‘q, kelib yonimizg‘a o‘ltur, — dedi Oftob oyim.
O‘lturganimdan sizga bir pullik foyda yo‘q, sov-chingizga o‘zingiz bilgan javobni beravering!
Oyshabibi qizig‘a ma’nolik qilib bir qarab oldi:
Bolam, axir ikki og‘iz gap eshit-chi oldin! — dedi. Kumush o‘ltura bermagach, Oftob oyim qizishdi.
Qizim, saning bu qarshilig‘ingdan muddaong nima?!
Siz bilan otamg‘a muddaomni necha qaytalab aytdim-ku: mundan so‘ng bu ishni xohlamayman.
Dunyodan toq o‘tasanmi?
Toq o‘tamanmi, yo‘qmi, buni tangri biladir.
Man saning hali ham o‘sha uyatsiz eringdan ko‘ngil uzolmag‘aningni bilaman. Saning bu xomtama’lig‘ing koni bolalig‘ingdir. San yaxshi bilki, mundan so‘ng otang ul uyatsizga o‘z uyidan joy bermaganidek, uyatsizning o‘zi ham uzil-kesil sani tashlag‘andir. Agar so‘zimga ishonmasang mana buni o‘qub qara, dedi-da, Kumushka bir qog‘oz uzatdi va davom etdi. — Biz buni san unga xat yozg‘aningdan so‘ng javob o‘rnida olg‘an edik. Biroq o‘sha vaqtda bu uyatsizning birinchi taloq xatisi ham sanga yetib ortqanliqdan bunisini sandan yashirg‘an edik. Hamon-da saning umiding kesilmagani uchun bu xatni ham ko‘rsatmakchi bo‘ldim! — dedi. Kumush qog‘ozni onasidan oldi:
«Matluqam Kumushbibiga. Manim birinchi xatim bilan sizning menga qilaturg‘an erkaliklaringizga bir chek qo‘yilg‘an kabi edi. Lekin bunga tushunmabsizmi va yo
tushunishka tilamabsizmi, haytovur yana ham eski erkaliklaringizni tark etmabsiz. Xatingizni o‘qur va o‘zimni kulgidan to‘xtata olmas edim. Orzuga ayb yo‘q, deydirlar. Chekdan oshib qilg‘an hujumlaringiz eski qadrdonlig‘ingiz otig‘a kechiriladir. Endilikda sizga mendek vafosiz va hiylagar bo‘lmag‘an yangi er topilg‘ay edi, deb addoi Otabek Yusufbek hoji o‘g‘li, 26 javzo, 1265-nchi yil, Toshkand».
Maktub uning yurak jarohatini qaytadan tirnab tashlag‘an edi. Ko‘z yoshini duv-duv to‘kib, xatni o‘z taxig‘a soldi va o‘zidan javob kutib turg‘an achasi bilan onasig‘a dedi:
Men bu uyatsiz yirtqich bilan yarashmoq uchun umid tutmayman, shuning bilan birga er ham qilmayman!
Nega? — deb so‘radi onasi.
Negami? — dedi Kumush va yig‘lag‘an ko‘yi javob berib boshladi: — Negaki men o‘zimning suygan va muhabbat qo‘yg‘an erimdan buncha uyatsizlik, bu yanglig‘ vafosizlik ko‘rdim. Endi er degan shu bo‘libdimi? Mundan ko‘ra dunyodan toq o‘tkan yaxshiroq, yolg‘iz yurgan tinchroqdir. Shuning uchun qizingizg‘a er otidan so‘zlamang- da, yafroq kabi titrayturg‘an yuragiga dahshat ham solmang!
Bu so‘zdan so‘ng Oftob oyimning onaliq ko‘ngli erib ketkan, ichkarida javob kutib o‘lturg‘uchi sovchilarg‘a qanday bahona topib kirishni-da o‘ylab ulgurmag‘an edi:
Yig‘lama, — dedi. Kumushni mehmonxonada qoldirib onasi bilan chiqdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |