«SOHIBQIRON»
Asar besh sahna (parda)dan iborat.
1-sahna. Hokimiyatdan ajralgan alamzada amir Husayinning Amir Temurning
joniga qasd qilib kelishi, jinoyat ustida qo’lga tushishi, O’ljoy Turkonning o’z akasining
uchi zaharli paykoni bilan o’zini o’zi nobud qilishi bayon etilgan.
2-sahna. Amir Temur amirlar, saroy mulozimlari bilan mashvarat o’tkazmoqda,
uning xayolini dini islom rivoji, ilm-u ma’rifat, yurt farovonligi kabi turli masalalar
chulg’ab olgan edi.
Ta’qiblardan qochib sulton Boyazid saroyidan panoh topgan Sulton Ahmad, Qora
Yusuf kabi ashaddiy dushmanlar bir kunmas bir kuni yurtga ofat keltirmasmi, nega
Boyaziddan bu haqda yozilgan maktubga hamon javob yo’q? Elchi keltirgan javob xati
dahshatli edi: urush ochmasang xotinlaring, seni yengmasam mening xotinlarim uch
taloq bo’lsin, deb yozgan edi Boyazid. Xotinlarni o’rtaga qo’yilishidan qattiq ranjigan
Temur: «Borajakmiz!» deydi amirlarni da’vat etib.
3-sahna. Jang bormoqda, Temur shaxmat o’yini orqali himoya va hujum
chiziqlarini belgilab, lashkarlarini boshqarib bormoqda. G’alaba degan hayqiriqlar
eshitiladi, oyoq-qo’llari zanjirband Boyazid keltiriladi; Kim yutdi-yu, kim yutqizdi?
Lekin ikki turkiy xalq emas, Ovro’po yutdi, gijgijlaganlar g’olib, deydi Sohibqiron
Boyazidning takabburligini yuziga solib.
Rus, farang, ispan va boshqa xorij elchilari birin-ketin Temurning g’alabasi haqida
hamd-u sanolar aytadilar. Faqat chin (Xitoy) elchisi Temur huzuriga o’lpon to’lash
da’vosi bilan chiqadi. «Surbet muttaham» deydi Temur Chin hukmdorlarining
o’tmishdagi bosqinlarini eslab.
4-sahna. Bibixonim o’zi boshchiligida qad ko’targan jom’e masjid oldida
Samarqand ahli bilan safardan qaytgan Amir Temurni kutib oladi, nabiralariga
o’tkazilgan to’y munosabati bilan elchilar qabul qilinadi. Chin elchisi yana o’lpon
da’vosi bilan chiqadi. O’lpon to’lanmasa, urush bo’lishi tabiiy. Temur og’ir iztirob
ichida o’yga toladi. «Evoh, meni avlodlarim kim deb eslashur!» deydi, o’ldirmasang,
o’ldirsalar, adolat desang-u, bu jangu jadalsiz bo’lmasa, o’z haqligingni qanday tasdiq
etmog’ing mumkin? Temurning Xitoyga qarshi yurishdan o’zga chorasi qolmaydi.
5-sahna Turkiston. Xoja Ahmad Yassaviy maqbarasi. Bu paydar-pay olamni o’z
yo’rig’iga burgan temir iroda sohibining so’nggi manzili edi. Sohibqiron xayolan Ahmad
Yassaviyga duch keladi. Kim edi u darveshmi, Xizr yo Yassaviy, der u isitma aralash: bu
Temur qalbida jo’sh urgan ham temir iroda, ham insoniy ojizlik xuruji edi. «Yo’q» deydi
u, notanish siymoning qayt Chin yurishidan, uzlat lozim keksalikka, degan da’vatiga
qarshi. U taqdir hurujiga ruhiy qudratini qarshi qo’yadi, qursin o’sha sovuqqa dosh
berolmagan mujmal sarbozlar, deya qor quyuni ostida soch oldiradi. Lekin o’limga davo
yo’q: So’nggi nafasida u tug’ilish bor joyda, o’lim haq ekanini tan oladi, chodirga
yo’llanadi, shu lahzada Bibixonim buyuk Sohibqironning jon taslim etganidan dod solib
ichkaridan chiqadi.
Amir Temur tavalludining 660-yilligi munosabati bilan Toshkentda o’tkazilgan
«Navro’z—97» teatr festivalida o’nta teatrdan to’rttasi ko’rikda A. Oripovning
«Sohibqiron» asari bilan qatnashdi. Bular hozirgi O’zbekiston Milliy akademik drama
teatri (rejissor O. Salimov, Amir Temur — T. Mo’minov), Berdax nomidagi Qoraqalpoq
davlat teatri (Temur — B. Uzoqberganov), Mulla To’ychi Toshmuhammedov nomidagi
Qashqadaryo viloyat teatri (rejissor A. Abdunazarov, Temur — M. To’raqulov) va Bobur
nomidagi O’sh o’zbek teatri (rejissor Q. Qahramonov, Temur — S. Umarov) edi.
Do'stlaringiz bilan baham: |