Tashish hujjatlariga quyidagilar kiradi:
•
yo‘lovchi chiptasi (Passenger Ticket) — yo‘lovchi tashishda beriladi. U
yo‘lovchi va bagajni havoda tashish to‘g‘risida shartnoma tuzilganligini
tasdiqlovchi, bagaj kvitansiyasi ilova qilingan hujjat hisoblanadi;
•
bagaj kvitansiyasi (Baggage Check) — chiptaning o‘rinlar soni va topshirilgan
bagaj og‘irligi ko‘rsatilgan qismi bo‘lib, tashuvchi tomonidan yo‘lovchi
topshirgan bagaj uchun tilxat tarzida beriladi;
•
pullik bagaj kvitansiyasi (Excess Baggage Ticket) — bepul tashish me’yoridan
ortiq bagaj yoki haq to‘lash majburiy bo‘lgan ashyolar uchun haq
to‘langanligini, shuningdek bagajning e’lon qilingan qimmati uchun yig‘imlar
to‘langanligini tasdiqlovchi hujjat;
•
aviayuk hujjati (Air Waybill) — tashuvchining marshrutlari bo‘yicha yuk
tashishga yuk jo‘natuvchi bilan tashuvchi o‘rtasida tuzilgan shartnomani
tasdiqlovchi hujjat.
Tashuv muntazam yoki charter ekanligidan qat’i nazar, tashish
shartnomasining shartlarini bajarish majburiydir. Yo‘lovchi tashish to‘g‘risidagi
shartnomani tuzishda muayyan qoidalarga rioya qilinishi lozim.
7.3.Avtobuslarda turistlarni tashish. Avtobus – o‘tirish uchun 8 kishidan ortiq o‘rindiqli (haydovchining
o‘rindig‘idan tashqari) yo‘lovchilar tashish uchun mo‘ljallangan dvigateli avto-
transport vositasi. Avtobuslar belgilangan marshrutlar bo‘yicha nazarda tutilgan
bekatlarda yo‘lovchilarni olgan va tushirgan holda yoki buyurtmachi – yuridik yoki
jismoniy shaxs tomonidan belgilangan marshrutlar bo‘yicha yo‘lovchilarni tashish
uchun mo‘ljallangan.
Hududiy belgiga qarab, shaharda yo‘lovchi tashish, shahardan tashqariga
yo‘lovchi tashish, shaharlararo yo‘lovchi tashish va xalqaro yo‘nalishlarda
yo‘lovchi tashish farqlanadi. Shaharda yo‘lovchi tashishga shahar (bir aholi
yashaydigan joy) doirasida amalga oshiriladigan yo‘lovchi tashish; shahardan
tashqariga yo‘lovchi tashishga shahar doirasidan tashqariga shu jumladan 50
kmgacha masofaga amalga oshiriladigan yo‘lovchi tashish; shaharlararo yo‘lovchi
tashishga – shahar doirasidan tashqariga 50 km dan uzoq masofaga amalga
oshiriladigan yo‘lovchi tashish; xalqaro yo‘lovchi tashishga – O‘zbekiston
Respublikasidan tashqariga amalga oshiriladigan yo‘lovchi tashish kiradi. Shu
munosabat bilan shahar avtobuslari, shahardan tashqariga qatnaydigan avtobuslar,
shaharlararo avtobuslar va xalqaro avtobuslar farqlanadi.