NIFOQ
Nifoq deb kishining oldida bir xil, orqasidan boshqa xil so’zlanadurgan so’zni aytilur. Munday so’zlarni so’zlovchi ikki yuzlama kishilarni munofiq deyilur. Ba’zi hiylakor, ko’rnamak, yolg’onchi munofiqlar bo’lurki, manfaati shaxsiyalari uchun sizni qurbon qilur . Osh va noningizni yemak uchun oldingizda izhori do’stlik va minnatdorlik qilub, orqangizdan sirr-u asroringizni dushmanlaringizga eltub, g’iybat va shikoyatingizni qilub, alardan ham o’z nafsiga bir hissa chiqarur. Munday munofiqlar do’stlik va ittifoqning dushmani o’ldig’indan dunyoda izzat, oxiratda rohat yuzini ko’rmaslar. Har vaqt insonlar orasida to’g’ri so’zlik, oq ko’ngillik yaxshi kishilar o’ldig’i kabi munofiq, ikki yuzlik kishilarning bo’lishi tabiiydur. Shuning uchun har holda aql va tajriba soyasida ehtiyot uzra harakat qilmak, oq ila qorani, yaxshi ila yomonni, do’st ila dushmanni ayurmak, qalbi pok, xulqi toza, axloqi yaxshi kishilar ila hamnishin bo’lmak, ikki yuzlama, axloqsiz, xarom-xarishni farq qilmaydurgan munofiqlardan hazar qilmak va jirkanmak lozimdur.
Rasuli akram nabiyyi muhtaram sallollohu alayhi vasallam afandimiz: «Bir odam ikki yuzlik bo’lsa, qiyomat kunida tili o’tdan bo’lur», yana «qaysi kishi musulmonlar orasiga judolig’ solsa, bizdan emasdur», – demishlar.
BAYT
Munofiq yod o’lunsa ismi poking, Jahon bo’lgay jahim havlnoking. Hayoting ranjish-u kulfatda barbod, Tuzalmas to qiyomat bag’ri choking. Kezarsan darbadar g’urbat chekib zor, Belingga yetmagay aslo etoking.
TAMA
Tama deb birovdan bir narsa umidvor bo’lmakni aytilur. A’zo va javorihlari salomat, kuch va quvvatli kishilarga tama qilmak harom, ojiz va notavon, kuchsiz kishilarga mubohdur. Tama balosiga giriftor bo’lgan kishilarda nomus va hayo degan yaxshi sifatlar bo’lmaydur. Hozirgi zamonda oramizda tama noni bilan qorin to’yg’uzadurgan kishilarning hisobi yo’qdur. Agar bularning biridan: «Birodar, saning oyoq-qo’ling butun, taning sog’, tama qilmak sanga harom emasmi?», – deb savol qilinsa,
«Qanday qilay, ota-bobomning kasbi tilanchilik edi, man ham tama orqasidan ovqat qilurman», – deb tamani kasbga isnod berub, turluk-turluk bahonalar bayon qilur. Shariatda munday kishilarga tama orqasidan kasb qilmaklari mamnu’dur. Alhosil, tama noni ila suyagi qotgan, ish va kasbga bo’yin qo’ymay, dangasa va yalqovlikka o’rgangan va odat qilgan kishilarning o’zlaridan yaxshilik umidi o’lmadig’i kabi bolalaridan ham yaxshilik kutub bo’lmaydur. Rasuli akram nabiyyi muhtaram sallollohu alayhi vasallam afandimiz: «Kishi qo’linda bo’lgan narsaga qiziqma! Tamadan saqlan! Zeroki, tama o’zi hozir bir faqrdur. Namozingni ado qil! So’ngindan uzr istarga to’g’ri keladurgan ishlardan saqlan»,
– demishlar.
Do'stlaringiz bilan baham: |