www.ziyouz.com kutubxonasi
359
ega bo‘lgaylar. Judolik kunlari yaqinlashdi. Xudo dargohiga borishning vaqti yetdi. O‘z
oilalarimizdan kimlar menga yaqinroq bo‘lsalar, meni shular yuvsinlar. o‘z liboslarim yoki
misr, Yaman bo‘zlari bilan uch qavat kafan qilsinlar, — dedilar.
Sahobalar:
— Yo Rasulalloh, sizga kim janoza o‘qiydi? — deb so‘radilar.
Anda Rasululloh:
— Har qachon meni yuvib kafanga olsalar, shu yotgan saririmga solib qabr ustiga eltib
qo‘ysinlar. So‘ngra meni biror soat yolg‘iz qoldirib, boshqalar ustimda turmay chiqib
ketsinlar. Eng avval to‘rt farishta — Jabroil, Mikoil, Isrofil, Azroil har qaysilari o‘z to‘plari
bilan kelishib janozamni o‘qiydilar. Bulardan keyin sizlar o‘qiysizlar. Shundoqki, to‘p-to‘p
bo‘lishib, janozam ustiga kirishsin. Takbir aytib duo qilib, salom berib chiqisha bersin.
Bulardan eng avval o‘z xonadonimning er kishilari, so‘ngra xotinlari, so‘ngra boshqalar
kirsinlar. Meni ko‘rolmay qolgan sahobalarimga salom aytinglar. Qiyomatgacha menim
dinimga kirgan ummatlarimga salom, — dedilar».
Onamiz hazrati Oisha rivoyat qiladilar:
«Bir kuni Rasululloh betobliklaridan bir oz yengillashgandek bo‘ldilar. Shu chog‘da otam
Abu Bakr imom bo‘lib peshin namozini o‘qimoqda edi. Hazrati Abbos va hazrati Ali
ikkovlarining yelkalariga osilib jamoat namoziga chiqdilar. Rasulullohning chiqqanlarini
bilgach, otam Abu Bakr mehrobdan qaytmoqchi bo‘lganlarida «Joyingda tur», deb
ishorat qildilar. So‘ngra Rasululloh sollallohu alayhi vasallam chap tomonda o‘ltirib iqtido
qildilar. Shu betob kunlari vafot bo‘lgunlaricha hazrati Abu Bakr Siddiqqa iqtido qilib, uch
yo‘l namoz o‘qidilar. Eng oxirgi o‘qiganlarida dushanba kuni edi».
Dushanba oqshomi isitmalari to‘xtab, ertalab bir oz yengillik paydo bo‘ldi. Fazl bilan
Savbonga suyanib ertalabki jamoat namoziga chiqdilar. Namozda bir rakat o‘qilgan edi.
Rasulullohning kelganlarini bilib, hazrat Abu Bakr Siddiq orqaga chekindilar. Anda Abu
Bakr Siddiqni Rasululloh mehrobga surib qo‘ydilar. Salomdan so‘ngra qolgan bir rakat
namozni o‘qib, masjid ustuniga suyanib o‘ltirdilar. Buni ko‘rib sahobalar salom berishib
atroflariga yig‘ilishdi. Bir oz o‘ltirgandan so‘ngra o‘z hujralariga kirdilar. Orqalaridan
hazrati Abu Bakr Siddiq:
— Alhamdulilloh, bu kun Rasulullohning chehralari ochiq, dardlari yengillashdi. Bu
betoblikdan shifo topgaylar, — deb hammaga tasalli berdi.
O‘zi ersa Sanax degan mahalladagi joyiga ketdi. Bugun yaxshilik, deb Rasululloh o‘zlari
ham ruxsat bergan edilar. Onalarimiz ham har qaysilari o‘z uylariga qaytdilar.
Rasululloh masjiddan kirgandan keyin bir oz vaqt o‘tiboq hollari o‘zgarib, isitmalari
qaytadan kuchaya boshladi. Lekin bu o‘zgarish o‘tgan kunlaridagidan qattiqroq edi.
Uylariga qaytishgan onalarimiz xabar topishib qaytadin yig‘ildilar. Hushlari gohi ketib,
gohi kelib turar edi.
Qarasalar, jon harakati boshlanib qoldi. Ko‘zlarini osmonga tikkancha qarab turib:
— «Yuqori olamdagi yo‘ldoshlarimga yetkur,» der edilar. Jon achchig‘i qattiqlashganda
oldilariga qo‘yilgan kosadagi suvga qo‘llarini solib yuzlarini silab:
— Yo rabbiy, jon achchig‘ini oson qil, o‘lim mashaqqatlariga yordam ber, — der edilar.
Shuning uchunkim, Rasulullohning jon taslim qilishlari bek qattiq bo‘lgan edi. Muning
hikmatlari ko‘pdur. Ulardan biri shulki, agar ummatlaridan biror odam jon berishda ko‘p
qiynalsa, uni ko‘rgan kishi yomon xayolga ketmasinlar. Chunki bu ish Rasulullohga ham
bo‘lmishdur. Agar sakarotning og‘irligi ziyonlik bo‘lsa edi, muni Xudo Rasulullohga
bermas edi. Shunga o‘xshash uning ziyoni mo‘minlarga yo‘qdur. Balki foydasi ko‘p bo‘lib,
kechirilmay qolgan gunohlarga kafforat bo‘lur. Shuning uchun hazrati Oisha onamiz:
«Rasulullohning jon berishlaridagi qiyinlikni ko‘rganimdan keyin buni boshqalarda
ko‘rsam, yomon ko‘rmaydigan bo‘ldim», dedilar.
Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy
Do'stlaringiz bilan baham: |