www.ziyouz.com kutubxonasi
188
maslakning haqiqatini shu dinni tutgan yoki shu maslakka kirgan kishilarga qarabgina
bilib olish mumkin emasdur. Bid’at botqog‘iga bo‘yinlarigacha botgan, odat balchig‘i
bilan yuz-ko‘zlari bulg‘angan musulmonlarni ko‘rib haq yo‘ldan adashgan kishilar
ko‘pdur, desa bo‘lur.
Bayt:
Islom dar zot xo‘randorad aybiy.
Har aybki, xast dar musulmoni most.
Ma’nosi: «Islomning o‘zida hech ayb yo‘q, nima bo‘lsa bizning musulmonchiligimizda».
Yana o‘z so‘zimizga kelaylik. Bu joydagi bay’atning «Rizvon bay’ati» demakning sababi
esa, Rasululloh bay’at bergan shu kishilardin Alloh rozi bo‘lganligini yuqorigi oyat bilan
o‘zi bildirdi. Shuning uchun Rizvon bay’ati deb atadilar. Munisi Xudo rozi bo‘lgan bay’at
demakdur. Yana hadisda kelmishdur:
«La yadhulunnaro ahadun boya’a taxtash-shajaroti».
Ya’ni: «Shu daraxt tagida bay’at bergan kishilardan hech kimarsa tamuqqa
tushmaydur», demakdur. Tag‘in bir hadisda aytdilar:
«Yo ayyuhannasu, innalloha qod g‘afaro liahli Badrin val Hudaybiya».
Ya’ni: «Ey odamlar, ogoh bo‘linglar, Alloh taolo Badr urushiga qatnashgan, Hudaybiyada
bay’at bergan kishilar gunohini afv qildi», demakdur.
Shuning bilan bu muborak bay’at tamom bo‘ldi. Shu orada Quraysh raislari Mikraz ibn
Hafs degan odamni boshliq qilib qirq-ellik kishilik bir bo‘lik askar yuborishdi. Bularning
maqsadlari esa, Islom askarining kuch-quvvati, son-sanoqlarini aniqlash, chamalab
bilish edi. Agar paytini topa bilsalar, to‘satdan hujum qilib besh-o‘n kishini o‘ldirib yoki
qo‘lga tushirib olmoqchi edilar. Shu g‘araz bilan kechalab kelayotganlarida
Rasulullohning kuzatuvchi askarlariga yo‘liqib qolib, alar tomonidan barchalari asir olindi.
YOlg‘izgina boshliqlari qochib qutuldi. Boshqalari esa butunlay qo‘lga tushdilar.
Rasulullohning qorovul askarlari boshlig‘i ansor sahobalardan Muhammad ibn Maslama
erdi.
Bu asirlar Rasululloh oldilariga keltirilgach, ularni qamoqqa buyurdilar. Quraysh xalqi bu
xabarni eshitib, ko‘p g‘amgin bo‘ldilar. Buning qasosini qaytarish uchun yana bir to‘p
askar yuborib erdilar. Bular ko‘p yaqinlasha olmay, ikki orada otishuvlar bo‘ldi.
Musulmonlardan Ibn Zanim degan kishiga o‘q tegib, shahodat topdi. Mushriqlardan o‘n
ikki kishini musulmonlar asir oldilar. Mundan ilgari bay’at voqeasi alarga anglanib,
ko‘ngillariga qo‘rqinch tushib turgan edi. Buning ustiga ellik-oltmish odamlari asirga
tushib qoldi. Ular uchun shundoq ko‘ngilsiz ishlar bo‘lib qolgandan keyin o‘zaro ixtilof
chiqib qolishidan qo‘rqishib, yarashmoq orzusiga kirishdilar. Shu sabab bo‘lib Quraysh
raislari o‘z ichlarida atog‘liq Suhayl ibn Amrni boshchi qilib, bir jamoat kishini elchilikka
yubordilar. Yiroqdin uni ko‘rib: «Sahila amrukum», ya’ni «Ishinglar osonlashdi», deb
Rasululloh bashorat berdilar. Bunday vaqtda kelgan elchilar boshlig‘i yaxshi ismlik ersa,
andin yaxshilikka fol ochish Rasulullohning odatlari edi.
Suhayl lafzidan «sahila» chiqdi. Muning ma’nosi «osonlashdi» demakdur. Shunday qilib,
elchilar Rasululloh bilan ko‘rishib bo‘lgandan so‘ngra ularning boshlig‘i Suhayl
Payg‘ambarimizga qarab:
— Ey Muhammad! Hozircha o‘rtamizda bo‘lib o‘tgan ozmi-ko‘pmi urushlar, Usmon
boshliq sening kishilaring shaharda qamalib turishlari, mana bu ishlarni bo‘lsa, bizning
eslik boshliq kishilarimiz qilmadilar. Balki muni qilguvchilar yosh-yalang tentak
kishilarimizdir. Bularning mundoq o‘rinsiz qilgan ishlarini eshitib o‘zimiz ham
xijolatdamiz. Bu ayb bebosh kishilarning qilgan ishlaridur. Bulardan bir necha kishilarni
sening askarlaring asir olishibdur, avval shu asirlarni bo‘shatib yuborishingni
so‘raymiz,— dedi.
Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy
Do'stlaringiz bilan baham: |