www.ziyouz.com kutubxonasi
176
shundan boshqa bir qancha urush asboblari bor edi.
Jonlik-jonsiz butun mol-dunyolari askar o‘rtalarida taqsim qilindi. Ertasi kuni asirlarni
olib, Madinaga keldilar.
So‘ngra shahardan tashqari joyda bir necha katta xandaqlar qazdirib, shu yerda hukm
yurgizildi.
Agar bu yahudlar tillari bilan bo‘lsa ham iymon keltirganlarida, albatta, mollari o‘ljadan,
o‘zlari o‘limdan qutulur edilar. Lekin ularning Payg‘ambarimizga dushmanliklarining
qattiqligidan, buni qilishni xohlamadilar. Hukm yurgizish ustida Rasululloh o‘zlari
turdilar. Ularning raisi Ka’b ibn Usaydni o‘limga keltirildi. Anda Rasululloh unga qarab:
— Ey Ka’b, sizlarning eng ulug‘ oliminglar bo‘lgan Ibn Haroshning qilgan nasihati sizlarga
nechuk ta’sir qilmadi? Ul meni ko‘rmay turib, iymon keltirmish edi. Meni haq payg‘ambar
deb tanimish erdi, o‘lar vaqtida aytgan uning salomini menga yetkazgan edinglar. Nega
uning so‘zini qabul qilmadinglar? — dedilar.
Anda Ka’b:
— Ey Abul Qosim, bu aytgan so‘zlaring barisi to‘g‘ridur. Qilichdan qo‘rqib iymon keltirdi,
degan ta’na so‘zdan saqlanurman. Yo‘q esa hozir iymon keltirur edim. Men uchun or,
nordan (olovdan) qattiqroqdir. Ordin qochib nor bo‘lsa ham, yahud dinida o‘lishni
yaxshiroq ko‘rdim, — dedi.
Bu hukmni bajarish xizmati esa Hazrati Ali bilan Zubayr ibn Avvomga topshirilgan edi.
Qurayz xotinlaridan Bayona degan bir xotinni ham o‘ldirishga buyurildi. Chunki bu xotin
qamal kunlarida qal’a ostida turg‘on sahobalardan Xallod ibn Suvayd degan bir kishi
ustiga yorg‘uchoq toshi tashlab, uni o‘ldirgandi. Shuning o‘rniga qasos qilib o‘ldirildi.
Yo‘q esa, Islom qonunida xotin va bolalarni, qari chol, ko‘r-shollarni urushda o‘ldirmoq
yasoq erdi. Bu xotin ersa chiroyli, bek husnli bo‘lganligidan, eri qizg‘anib o‘zidan keyin
tirik qoldirmaslik uchun shu ishni unga qildirtirgan edi. Uning deganidek bo‘lib, eridan
keyin tirik qolmadi.
Sa’d ibn Mu’oz Allohdan ikki narsani so‘rab, duo qilmish edi. Har ikkovi ham qabul bo‘lib,
maqsadiga yetdi.
Birinchisi, Qurayza yahudlarining qilgan xiyonatlaridan ko‘p g‘azablik bo‘lmish edi.
Alarga jazo kesish aning qo‘liga topshirildi, Xudo xohlagandek hukm chiqarib, bu
to‘g‘rida maqsadi hosil bo‘ldi.
Ikkinchisi, shundoq deb duo qilmish erdi: «Ey bor Xudoyo, Quraysh kofirlari bilan yana
g‘azot qilishimizni taqdir qilgan bo‘lsang, bu jarohatimga shifo bergil. Chunki mening
dunyoda eng qiziqarlik ishim Xudoga va aning Payg‘ambariga qarshi bo‘lgan kofirlar
bilan savashmoqdur. Agar sening taqdiringda alar bilan ikkinchi g‘azot qilishimiz yo‘q
ersa, shu jarohatimdan qoldirmay menga shahidlik nasib qilg‘aysan».
Qurayza ishi tugagandan so‘ngra Rasululloh aytdilar:
— Endi Quraysh mushriklarining kuchlari sindi, ustimizga kelib alarning g‘azot qilishlari
yo‘qdur. Bundin so‘ngra bizlar alar ustiga borg‘aymiz.
Shu orada Hazrati Sa’dning jarohati qaytadan yorilib, qon oqa boshladi, to‘xtatish iloji
bo‘lmay, o‘zi tilagandek shu jarohat bilan shahodat topdi.
Bu kishi ersa, Rasululloh jannatga kirishi bashorat bergan o‘n kishining birisi edi. Ya’ni,
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam jannatga kirursan, deb bu kishiga ham
bashorat bermish edilar. Janozaga qo‘yilgan vaqtda, uning onasi yaxshi sifatlarini qo‘shib
yig‘laganda, Rasululloh aytdilar:
— «Mundin boshqa o‘lganlar haqida aytilgan qo‘shiqlar ko‘pincha yolg‘ondur. Lekin bu
Sa’dga yig‘lab qo‘shiq aytqon xotinlar so‘zining barisi to‘g‘ridur, raziyallohu anhu».
Shu bilan Qurayza voqeasi ham tamom bo‘lib, alarning sharridan musulmonlar
qutuldilar.
Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy
Do'stlaringiz bilan baham: |