www.ziyouz.com kutubxonasi
140
Fotimadin imom Hasan tug‘ildi. Ummu Gulsum qizlarini payg‘ambarimiz Hazrati
Usmonga shu yili nikoh qilgan edilar. Bundin ilgari Ruqiya degan qizlarini bergan bo‘lib,
ul vafot qilgan edi. Hazrati Usmon Rasulullohning ikki qizlari bilan nikohlandi. Shuning
uchun laqablari «Zunnurayn» bo‘ldi. Ma’nosi — «ikki nur egasi», degan bo‘lur.
Yana shu yili, Uhud urushidan keyin, Qur’on hukmi bilan aroq harom qilindi. Aning
haqida ushbu oyat keldi:
«YO ayyuhal laziyna amanu innamal xamru val maysiru val ansobu val azlamu rijsum
min amalish-shaytoni fajtanibuv laallakum tuflihuvan, innama yuridush-shaytonu an
yuvqia baynakumul adovata val bag‘zoa fil xamri val maysiri vayasuddakum an zikrillohi
va anissaloti fahal antum muntahuvan».
Ya’ni: «Ey iymon keltirguvchi mo‘minlar, hukm shuldur, bundin o‘zga emasdurkim, aroq
ichmak, qimor o‘ynamoq, butlarga sajda qilmoq, fol o‘qlariga ishonmoq, mana shu to‘rt
narsa shaytonning chiqargan ishlaridan eng yomon ishdur. Albatta, bu ishlardin
saqlaninglarkim, hamma yomonliklardan qutulg‘aysizlar. Aroq ichib, qimor o‘ynamoqda
shayton o‘rtalaringizga qattiq dushmanlik solgay va yana Allohni yod qilmoqdin, va
namoz o‘tamakdin sizlarni qoldirgay. Endi bu narsalar insonga shundoq ziyon keltirur
ersalar ham nechun ulardin saqlanmagaysizlar, albatta, ulardan saqlaninglar» demakdir.
Bu oyatni onglagan barcha sahobalar, «Saqlandik» deb javob qildilar. Bunday bo‘lgach,
endi har davrning musulmonlari ham shu javobni berib, ushbu ziyonlik narsalardan
saqlanishlari albatta lozimdur. Yuqorigi oyatda aytilgan to‘rt narsaning birisi «azlon»
bo‘lib, buni «fol o‘qlari» dedik. Buning ochiq ma’nosi shundoq erdikim, uchida o‘qi yo‘q
uch dona o‘q yoylarining birinchisiga «If’al», ikkinchisiga «Lo taf’al» so‘zlari yozilgan.
Uchinchisiga hech narsa yozilmagan, quruq mana bu uch yog‘och o‘q bir to‘rvaga solinib,
Ka’baga osib qo‘yilgan edi. Birinchi so‘z ma’nosi «qil» degani bo‘lib, ikkinchisi qilmadir.
Uchinchisida— so‘z yo‘q, qilish-qilmaslik o‘z ixtiyorida. Ka’baga osilgan o‘qlardin boshqa
har qaysi arab uyida ham shundoq o‘qlar saqlanur edi. Mana endi bulardin bir kishi
safarga chiqmoqchi yoki urushga bormoqchi, yoki biror muhim ish qilmoqchi bo‘lsa, ul
kishi kelib shu to‘rvaga qo‘l solar edi, uning qo‘liga qaysi o‘q chiqsa, shunga qarab ish
qilur edi. Masalan, «if’al» chiqsa, ul kishi qilgay va aksincha, yozilmagani chiqsa, qilar-
qilinmasligi o‘z ixtiyorida bo‘lgay. Mana shundoq ishlarga bog‘lanib turish Islom
shariatida shu oyat hukmi bilan xarom bo‘ldi. Endi mo‘min odamga lozim shuldurkim,
agar shariatga sig‘adigan bir ish qilmoqchi bo‘lsa, foyda-ziyonini avval tekshirgandin
so‘ngra, Allohga tavakkal qilib, u ishga kirishsin, bo‘lar-bo‘lmas narsalardin shak olib,
iymoni bo‘sh kishilardek har narsadin fol ko‘tarib, o‘ziga foydalik ishlardin quruq
qolmasin. Chunki Alloh taolo Qur’onda aytdi:
«Fa iza azamta fatavakkal alalloh», ya’ni: «Bir ishni qilmoqqa qasd qilsang, Allohga
tavakkal qil», dedi.
Bu oyatdin chiqqan Allohning buyrug‘icha, har ishning yaxshi-yomonligini tekshirib
chiqqandin so‘ngra, ul ishni qilish-qo‘yishda, albatta, Allohga tavakkal qilmoq har bir
mo‘min kishiga farz bo‘ldi. O‘tgan oyatda aytilgan to‘rt narsani «shayton ishlaridan eng
yomon ishdur, albatta bundin, saqlaninglar», deb Alloh taolo bandalariga buyuradi.
Bularning yomonligi, agar o‘ylab qarasa, har qandoq kishiga ham ma’qul bo‘lur. Ayniqsa,
aroq bilan qimor, bularning dinga va dunyo turmushiga eng qattiq ziyon qilishini bu
oyatda Alloh taolo ochiq ko‘rsatdi. Chunki insonlarda eng qimmatlik narsa, kishining
aqlidur. Ichkilikka kirishgan kishilar, shundoq ulug‘ ne’matdin, bahosi yo‘q gavhardin
ajraydilar. Chunki aroq ichib esirmak, kishi sog‘liq sotib, telba bo‘lmog‘i demakdir.
Buning ruhoniy tarafdin qandoq ziyoni ko‘p ersa, jismoniy tomondin tan sog‘liq ishlariga
undin ham ziyoni ko‘proqdir.
Islom xukamolarining ustozlaridan Abu Ali ibn Sino aytibdurkim: «Ichkilikka o‘rgangan
Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy
Do'stlaringiz bilan baham: |