www.ziyouz.com kutubxonasi
137
eshitishlari bilan barobar, ular kelmasdin ilgari dushman ortidan chiqishga buyruq
berdilar. «Kechagi Uhud urushiga chiqqanlardin boshqa hech bir kishi chiqmasun»,
dedilar. Ularning soni yetti yuzga yaqin edi. Shahid bo‘lgan yetmish necha kishidan
boshqalari qolmay chiqdilar. Lekin ichlarida yaradorlari ko‘p edi. Besh-o‘n yerdan
yarador bo‘lgan kishilar eran qilmadilar. Hazrati Talha ibn Ubaydulloh yetmish necha
yeridan yaralik bo‘lsalar ham, yana bu askardin ajrab qolishga rozi bo‘lmadi. Shuning
bilan Rasululloh Ibn Ummu Maktum muazzinni Madinaga voliy tayinlab, yo‘lga chiqdilar.
Uhud urushida ko‘tarilgan g‘azot tug‘i Hazrati Aliga topshirilgan edi. Bu urushga
chiqmaganlardin ko‘p kishilar bu safar birga chiqmoqqa tilagan bo‘lsalar ham, Rasululloh
alarga ruxsat qilmadilar. YOlg‘izgina Uhudda mergan boshlig‘i bo‘lib, shu yerdan jilmay
turib, shahid bo‘lgan Abdullohning o‘g‘li Jobirga ruxsat berdilar. Undan boshqa hech bir
kimarsaga ruxsat bo‘lmadi. Buning sababi shul erdikim, Jobir aytdi: «Uhud g‘azotiga siz
bilan chiqmoqchi edim, chiqolmay qolganim shu uchun bo‘ldikim, otamdin tug‘ilgan
to‘qqiz qiz ichida men yolg‘iz o‘g‘il edim. Uhud g‘azotiga chiqar chog‘da otam aytdi: «Bu
qizlar ustida qarab turgudek biror kishi bo‘lmasa, qandog‘ bo‘lg‘ay, umidim shuldirki, bu
g‘azotda men shahodat topgayman, bularga qora bo‘lib sening turishing albatta
kerakdur», dedi. Mana, otamning shu so‘zini qiyolmasdan nochorlikda sizdan ajrab
qolgan edim. Endi bu safardin qolmasman, ruxsat qiling, yo Rasululloh», deb qattiq talab
qilganidan keyin unga izn berdilar. Bu safarda Rasulullohdin boshqa otga mingan kishi
yo‘q edi. Qolgan barcha sahobalar piyoda edilar. Shu chiqqanlaricha, yurib-o‘tirib askar
Hamro ul Asad degan joyga yetdilar. Bu yer esa, Madinadan sakkiz mil yiroqda edi.
Mana shu yerga yetganlarida Alloh taolo tarafidan bu oyat nozil bo‘ldi:
«Allaziynastajobu lillahi var-rasuli mim ba’di ma asobahumulqarhu, lillaziyna ahsanu
minhum vattaqov ajrun a’zim», ya’ni: «O‘tgan Uhud urushida shuncha ko‘p
jarohatlangan bo‘lsalar ham, yana Alloh amriga va aning payg‘ambariga itoat qilib,
yaxshilik qilguvchilarga, taqvo yo‘lini tutguvchilarga Xudo tarafidan ulug‘ savob
bo‘lg‘uvsidir, Alloh taolo ularg‘a jannat ato qilg‘uvsidur» demakdur.
Payg‘ambarimizning Madinadan chiqib, askar bilan shu joyga yetib kelganliklari alarga
ma’lum bo‘ldi. Quraysh raislaridan Safvon ibn Umayyaning ikkinchi urush ochmoqqa
ra’yi yo‘q edi. Bu so‘zni anglagach, ul aytdi:
— Ey Quraysh xalqi, bu urushda ersa o‘razimiz (baxtimiz) ochilib, bizlar g‘alaba
qozondik. Urush obro‘yini oldik, endi qaytib borib, yana urush qilar bo‘lsak, qonlari
qaynagan, o‘ch olmoqqa xumor bo‘lib, g‘azablangan, tajribalik dushmanlar bilan
to‘nqashurmiz. Uhud urushida qatnashmagan kishilar ham yordamga chiqqaylar. Ana ul
chog‘da urush bizning ziyonimizga chiqmagay, albatta, bizning foydamizga bo‘lgay, deb
kim ayta olur. Endigi maslahat shulki, obro‘yimiz qo‘lda turgan chog‘da qaytganimiz
yaxshiroqdur, — dedi.
Buning ustiga Ma’badal Xuzoyi degan kishi Xuzoa qabilasining raislaridan edi, o‘zi iymon
keltirmagan bo‘lsa ham, Rasulullohga xayrixohligi bor edi. Uhuddagi musulmonlarga
bo‘lgan musibatni onglashib, kofir-musulmon, demay, butun qabila xalqi qattiq
qayg‘urishgan edilar. Islom askari Hamroul Asadga tushganida, ul kishi kelib,
Rasulullohga ko‘ngil aytib, shundoq dedikim:
— Ey Muhammad, sizlarga bo‘lgan bu musibatga Xudo haqqi, bek og‘rindik, o‘z
ustimizga tushgandek ko‘rib, bu ishga qattiq qayg‘urdik. Sendin boshqaga bu musibatlar
bo‘lishini tiladik. Sening martabangni Alloh egiz qilishini suyub turdik. Lekin na
choradurki, biz tilagandek bo‘lmadi, — dedi.
Bu aytgan so‘zi Rasullulohga xush kelib, undin rozi bo‘ldilar. So‘ngra bu kishi u joydin
jo‘nab, Ravho degan joyga kelganida Quraysh qo‘shiniga yo‘liqdi. Safvon ibn Umayya
so‘ziga qaramasdin, Madina sari bormoqqa qasd qilishgan edilar. Shu orada Abu
Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy
Do'stlaringiz bilan baham: |