www.ziyouz.com kutubxonasi
133
qilib, oltmish miskinga bersin, xohi jon, xohi molga, har qandoq mushkul balo kelgan
bo‘lsa, shu bilan daf bo‘lgay, bu ish mujarrab deyilmishdur».
Bu ham qolmasin, deb ixlos bilan ko‘p yerlardan izlatib yurib, shul sifatlik qo‘chqorni
toptirib keldim. O‘zim umr ichida mol emas, chumchuq ham so‘yib ko‘rmagan bo‘lsam
ham, bu jonivorni bolamga fido qilsam, Ismoil alayhissalom o‘limdan qutulgandek,
bolamni joni salomat qolgaymu, deb boshyalang qiblaga qarab turib, ul jonivorni
bo‘g‘izladim. Kitobning deganidek, oltmishga taqsim qilib, bo‘lgunimcha ulgurolmay,
kechaga qoldi. Tun yarmida o‘tib, el qattiq uyquga botdi. Bundoq vaqtda oltmish
miskinni qayoqdan topgaymiz, niyat qilib, ishimizni bitirdik, tong otgandin so‘ngra bu
ishni bajargaymiz, deb qaytib kelib, bola oldiga kirsam, o‘g‘limning xoli og‘irlashib
qolibdur. Marhum onasi, qarab turishga toqatim qolmadi, deb bolasi quchog‘imga qo‘yib,
o‘zi yig‘lab tashqariga chiqdi. Ikkinchi kirishga chiday olmay, qo‘ra aylanib yig‘lab yurdi.
Men bo‘lsam yuziga qarab termulib o‘tirishdan boshqa chora topa olmadim. Butun
sabablaridin qo‘l tortib, qazoni kutib o‘ltirdim. Shu paslashganicha paslasha borib, oxir
sahar vaqtida jon taslim qildi. Qazoga hech chora yo‘qligi ko‘z oldimizga keldi. O‘zimning
naqadar ojiz ekanligimni yaxshi tushundim. Bu bolaning dardidan ikki-uch kun ilgari
o‘lgan ikki go‘dakni ko‘p eskarmagan bo‘lsak ham, bundin ajragan so‘ngida uch farzand
dog‘i bir kelib, yuraklarimizni yondirdi. Bu og‘ir yukni ko‘tarolmay, onasi o‘zidan ketib
yiqildi. Bu ham o‘lgan qatorida bo‘lib, uy o‘rtasida cho‘zilib yotdi. Men shu holatda turib,
payg‘ambarimiz alayhissalomning aytgan qutlug‘ so‘zlarini eskardim. Darrov tahorat
olib, ayvonga chiqib, ikki rakat sabr namozi o‘qidim. Namoz ortidan qo‘l ko‘tarib,
Payg‘ambarimiz o‘rgatgan duoni o‘qib, Xudodan talab qildim.
Alhamdulilloh, tilagim qabul bo‘lsa kerakkim, yil o‘tmay o‘g‘lim Muhammadyor tug‘ildi.
Kundan-kunga o‘sib, ofatlardan omon bo‘lib, Xudo umrini berdi. Mana shu kunlarda
hijriy 1374, melodiy 1956 erdi, yoshi o‘ttizga to‘lib, yigitlik qiromiga keldi. Davrimizdagi
fanniy ilmlardan anchagina bahra topgan bo‘lsa ham, ammo diniy ilmlar tahsiliga bu
kungacha bo‘shay olmagan edi. Yuqorigi bobolarimizdan boshlab, bizning oilamiz ilm
oilasi bo‘lganligimizdan bu ulug‘ sharafga avlodimiz ichida birortasi ega bo‘lgaymu, yoki
bu fazilatdin kelasi kunlarda zamona ta’siriga qarab barchalari mahrum qolgaymu, deb
doim qayg‘urmoqda edim. Chunki yoshim yetmishdan o‘zib, umrimning ko‘pi ketib, ozi
qolganligi ko‘z oldimdadur. Agar bu sharafdin barchalari benasib bo‘lsalar, umr ichida
yiqqan, umr yo‘ldosh kitoblarimga kim ega bo‘lgay? Qorong‘u tokchalardan chang bosib,
kimlar qo‘lida qolgay, deb hayol qilib, ko‘p zamonlardin beri qo‘rqib yurmoqda edim.
Alhadulilloh, Tangrimga shukr, ushbu yozilmish kitobim hurmatidin bo‘lishi kerakdur.
Alloh taolo bu g‘amdin meni shu kunlarda qutqazdi. O‘g‘lim Muhammadyor oldimga
kelib, chin ixlos bilan din ilmining asosiy hisoblangan «sarf — nahv»din, boshlab o‘qishga
kirishdi. Jumla ofatlardin Alloh asrasin, dunyoda izzati, oxiratda sharofati yetguvdek ilm
ato qilsin, omin!
Bu voqealik so‘zni bu kitobda yozishning o‘rni bo‘lmasa ham, birinchi, shu maqsad qo‘lga
kelishiga Rasulullohning tarjimai hollarini bayon qilib, yozayotgan shu kitobimni shafe’
keltirdim. Ikkinchi, so‘ngi avlodlarga yodgorlik bo‘lsin deb bu so‘zlarni yozdim!
Yana o‘z so‘zimizga kelaylik.
Shundoq qilib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Uhuddan qaytib, Madina shahri
ichiga kirdilar. Qarasalar, har uydin ansor xotunlari o‘lganlarni yo‘qlab, yig‘lab yoturlar.
Buni ko‘rib Rasululloh: «Hamzatu la bavokiya lahu», ya’ni, «Hamzaning yig‘laydiganlari
yo‘q», deb ko‘zlariga yosh oldilar. Chunki hazrati Hamza o‘zlari hijrat qilib, Madinaga
kelganida xotun-bolalari Makkada qolishgan edilar. Rasulullohning jilovlarida kelayotgan
ansor raisi Sa’d ibn Mu’oz bu so‘zni eshitdi ersa, o‘ziga qarashlik bir necha xotunlarga
«Rasululloh uylariga borib, Hamzani yo‘qlab yig‘lab turinglar», deb buyurdi. Madina
Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy
Do'stlaringiz bilan baham: |