www.ziyouz.com kutubxonasi
228
Anda Rasululloh:
— Bu kishi o‘zi Badr ahlidan erur, rostini so‘zladi. Badr ahlining gunohlarini kechmakka
Allohdan va’da bo‘lmishdur. Uning bu gunohi Alloh oldida kechirilmasligini qaydan
bilursan? — dedilar.
Hazrat Umar Rasulullohdan bu so‘zni anglagach, ko‘ziga yosh olib, inson xiyonatini bu
daraja saqlaganlarini ko‘rib hayron qoldi. Yo‘q esa, siyosat olamida eng og‘ir kechirilmas
jinoyatning biri shul edi. Negakim, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam u yoqqa xabar
yetmasin uchun Makaa yo‘llarini to‘stirib, butun o‘tish yo‘llariga qorovul qo‘ygan edilar.
Uchar qushdan boshqa kishining u tomonga o‘tishi mumkin emas edi. Shuni bilaturib, bu
xiyonatni qilgan kishining gunohidan ulug‘roq hech gunoh yo‘qligi aniqdur. Shundoq
bo‘lsa ham yana uning gunohini kechirdilar.
Shunday qilib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Makka safarini ko‘zlab, o‘n beshinchi
Ramazonda yo‘lga chiqdilar. Atrofdan yig‘ilib kelgan qurollik askarlarga Madinadagi
sahobalar qo‘shilib, sonlari o‘n mingga yetdi.
Madinadan chiqqan birinchi kunida butun askar ro‘za tutgan edilar. Kadid degan joyga
yetganlarida musulmonlarning safarda ro‘zadan qiynalganlarini ko‘rib barchaga ro‘zani
ochishni buyurdilar. O‘zlari ham ro‘za tutishni to‘xtatdilar. Rasulullohning amakilari
hazrati Abbos o‘zi ilgariroq iymon keltirgan bo‘lsa ham, lekin shu kungacha Madinaga
hijrat qilib kelmagan edi. Uning butun oilasi Makkadan hijrat qilib chiqishi ersa shu
kunlarga to‘g‘ri kelib, Rasulullohga yo‘lda yo‘liqdi. O‘zini birga olib, oilasini Madinaga
yubordilar.
Makka va Madina oralig‘idagi Abvo degan joyga yetganlarida yo‘lda kelayotgan ikki kishi
ko‘rindi. Uning birisi Abu Sufyon ibn Horis edi, u Rasulullohning amakilari Horis ibn
Abdulmuttalibning o‘g‘li bo‘lib, yana Payg‘ambarimiz bilan emakdosh ham edi.
Ikkinchisi esa ammalari Otikaning o‘g‘li Abdulloh ibn Abi Umayya edi. Bular ham hijrat
qilib Makkadan chiqqan edilar. Lekin bu ikkovlarining Rasululloh Makkada turgan
kunlarida ko‘rsatmagan kulfatlari, qilmagan jabru jafolari qolmagan edi. Bularning til
nayzalaridan Rasulullohning dillariga tushgan jarohatlari haligacha sog‘ayib ketmagan
edi. Shuning uchun bulardan marhamatli yuzlarini o‘girib, ularga iltifot qilmadilar. Ish
shunday bo‘lgach, har ikkovi onamiz Ummu Salama qoshiga kelishib, arz aytib
yig‘lashdilar. Chunki Abdulloh ibn Abi Umayya Ummu Salamaning inisi edi. Shuning
uchun Rasulullohga onamiz aytdi:
— Yo Rasulalloh, bularning birovi ammangiz, ikkinchisi amakingiz o‘g‘illaridur. Xatolarini
kechirishingizni tilayman.
Anda Rasululloh aytdilar:
— Ularning menga keragi yo‘qdur. Amakim o‘g‘li ersa qarindoshlik haqqini saqlamay,
qattiq qarshilik ko‘rsatdi. Ammamning o‘g‘lidan ersa, hech kishi aytmagan yomon
so‘zlarni eshitdim.
U aytgan erdi:
«Ey Muhammad, sen bir narvon yasab keltirur bo‘lsang, va meni qaratib turib osmonga
chiqsang, buni payg‘ambar qildim, deb qo‘lingga Xudo hujjat xatni bersa, to‘rt farishta
birga tushib, buni payg‘ambar qilib sizlarga Xudo yubordi, deb guvohlik bersalar ham,
men senga iymon keltirmagayman».
Amakilarining o‘g‘li Abu Sufyon bu safarda yetti-sakkiz yoshli o‘g‘lini birga olib chiqqan
edi. Rasululloh bilan ko‘rishmoqqa ruxsat ololmagach, ul:
— Agar Rasululloh bizni qabul qilmas ekan, bu o‘g‘limni yetaklaganimcha cho‘llarda kezib
yurib, ochlik-chanqoqlik bilan o‘lurman, — dedi.
Abu Sufyonning bu so‘zini Rasululloh anglab, anga rahmlari keldi. So‘ngra ularga
ko‘rishgali ruxsat berdilar. Har ikkovlari kelishib, Islomga musharraf bo‘ldilar. Lekin bular
Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy
Do'stlaringiz bilan baham: |